Home / ALLOMALAR / IMOM BUXORIY – HADIS ILMINING SULTONI

IMOM BUXORIY – HADIS ILMINING SULTONI

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mugʻiyra ibn Bardazbeh al-Jufiy al-Buxoriy hijriy 194 yil shavvol oyining 13-kuni (810 yil 20 iyul) tavallud topgan. Imom Buxoriy bolaligidayoq otasi vafot etib, onasi tarbiyasida oʻsgan. U yoshligidan aql-idrokli, oʻtkir zehnli va maʼrifatga havasi kuchli boʻlib, turli ilm-fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zoʻr qiziqish bilan oʻrganadi. Oʻn yoshidan boshlab Buxorodagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarini, shuningdek, Abdulloh ibn Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis toʻplamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizgʻin bahslarda ishtirok etgan. 825 yili oʻn olti yoshli Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga qarab yoʻl oladi, muqaddas shaharlar hisoblanmish Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab, hadis ilmidan oʻz bilimlarini yanada oshirish maqsadida oʻsha davr ilm-fan markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod shaharlarida yashab, mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda, fiqh ilmidan ham tahsil oladi va yirik olimlar davrasida ilmiy bahs-munozaralarda qatnashib, ilm toliblariga saboq ham beradi. Imom Buxoriy hayotining koʻp qismi xorijiy yurtlarda, musofirlikda oʻtdi. Bu haqda uning oʻzi: “Misr, Shom, Mesopatamiyaga ikki martadan, Basraga toʻrt marta borganman. Hijozda olti yil yashaganman”, degan ekan. U safar chogʻida ham, bir shaharda muqim turganida ham ilmini oshirish borasida tinimsiz izlanishlar olib borib, toʻplagan hadislarini oqqa koʻchirar edi. Bagʻdodda yashagan chogʻlarida oy nurida ijod qilib, qorongʻu kechalarda sham yorugʻida kitob yozar ekan. Ilm olish maqsadida Imom Buxoriy juda koʻplab olimlardan tahsil oladi. Nishopurlik al-Hakimning yozishicha, ustozlarining soni toʻqsontalar atrofida boʻlgan. Oʻz navbatida Imom Buxoriy ham koʻpgina shogirdlarga ustozlik qilgan. Isʼhoq ibn Muhammad ar-Ramodiy, Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy, Muhammad ibn Xalif ibn Qutayba, Ibrohim al-Harbiy, Abu Iso at-Termiziy, Muhammad ibn Nasr al-Marvaziy, Muslim ibn al-Hajjoj kabi yetuk olimlar uning shogirdlaridir.

Termizlik mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziy Imom Buxoriyga ham shogird, ham safdosh hisoblanib, ularning oʻzaro munosabatlari ibratli boʻlgan. Uzoq yillar Sharqning turli-tuman mamlakatlariga safar qilganidan keyin umrining oxirida Imom Buxoriy 863-868 yillari Nishopurda yashab, madrasada tolibi ilmlarga hadis ilmidan dars bergan. Oʻsha paytda Nishopur Sharqning eng yirik ilmiy markazlaridan biriga aylanganligi sababli koʻplab mashhur olimlar shu shaharda toʻplangan edilar. Imom Buxoriyning Imom Termiziy bilan uchrashib qolishi ham Nishopurda yuz berib, diyorimizdan yetishib chiqqan mashhur ikki muhaddis oʻrtasida unutilmas, qizgʻin ilmiy bahslar, koʻpgina ijodiy, doʻstona uchrashuvlar boʻlib oʻtgan. Imom Termiziyning yozishicha, u oʻz asarlari uchun koʻp maʼlumotlarni Imom Buxoriy bilan boʻlgan uchrashuvlaridan olgan. Shu bilan birga Imom Buxoriy Termiziyning bilimini yuqori baholab: “Men sendan koʻrgan foyda sen mendan koʻrgan foydadan ortiqroq”, deb unga nisbatan chuqur hurmatini bildirgan. Imom Termiziy oʻz ustozi va safdoshi Imom Buxoriyni butun umri davomida hurmatlab, samimiy sadoqatda boʻlgan. Arab tarixchisi Shamsuddin az-Zaxabiyning “Tazkirat ul-Hufoz” nomli asarida yozishicha, Termiziy oʻz ustozining vafoti tufayli qattiq qaygʻuga botib, koʻp yigʻlaganidan hatto koʻzlari koʻr boʻlib qolib, koʻzi ojiz holda yashagan.

Imom Buxoriy nafaqat yirik olim, balki oʻzining goʻzal xulq-odobi, odamoxunligi, muruvvatliligi va beqiyos saxovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni oʻtkirligi va yodlash qobiliyatini kuchliligi bilan xalq orasida gʻoyat katta shuhrat qozongan. Manbalarda Imom Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan.

Imom Buxoriy xorijdan qaytgach, oʻz vatani Buxoroda koʻplab shogirdlar va ulamolarga hadis ilmidan saboq berish bilan mashgʻul boʻlgan. Koʻpchilik uni hurmat qilgan, ammo baʼzi hasadgoʻy, qora niyatli kishilar Imom Buxoriyni koʻrolmas edilar. Natijada hasadgoʻylarning xatti-harakati tufayli Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az-Zuhaliy bilan Imom Buxoriy oʻrtasidagi aloqa buzilib qoladi. Bunga sabab – amir olimdan huzuriga kelib “Al-Jomiʼ as-Sahih”, “At-Tarix” kitoblarini oʻqib berishini talab qiladi. Lekin Imom Buxoriy “Men ilmni xor qilib, uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilm kerak boʻlsa, oʻzi izlasin, lekin Alloh oxirat kuni ilmni yashirmay uni toliblarga sarf qilganim uchun meni kechiradi”, degan javobni aytadi. Amirga javob yoqmay, fitnachi, boʻhtonkor kishilarning gapiga kirib, Imom Buxoriyga shaharni tark etishini buyuradi. Shundan keyin Buxoriy Samarqandga qarab yoʻl oladi va birmuncha muddat Xartang qishlogʻida oʻz shogirdlari va qarindoshlarinikida yashagandan keyin ogʻir kasallikka chalinib, hijriy 256 yil (melodiy 870 yil 1 sentyabr) 60 yoshida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.

Imom Buxoriy avlodlarga, boy va qimmatli ilmiy merosni qoldirgan boʻlib, uning yozgan asarlari yigirmadan ortiqdir. Ulardan “Al-Jomiʼ as-Sahih”, “Al-Adab al-Mufrad”, “At-tarix as-sagʻir”, “At-tarix al-avsat”, “At-tarix al-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Bir ul-volidayn”, “Asomi us-sahoba”, “Kitob al-kuna” va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Buyuk allomaning eng mashhur asari, shubhasiz,  “Al-Jomiʼ as-Sahih” hisoblanadi. Bu asar “Sahih al-Buxoriy” nomi bilan ham mashhurdir. Uning gʻoyat ahamiyatli jihati shundaki, Imom Buxoriygacha yashab oʻtgan muhaddislar oʻz toʻplamlariga eshitgan barcha hadislarni tanlab oʻtirmay kiritaverganlar. Imom Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga boʻlib, ularni ajratib, alohida kitob shakliga keltirdi.

Alloma ibn Salohning taʼkidlashicha, Imom Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni, takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta boʻlib, takrorlanmaydigan holda esa, 4000 hadisdan iborat boʻlgan. Bunday sharafli ishni birinchi boʻlib, Imom Buxoriy boshlab bergan boʻlib, keyinchalik boshqa olimlar ham unga taqlid qilib, shu zaylda hadislar toʻplamini yaratganlar. Imom Buxoriyning ushbu yirik asari yozilganiga taxminan 1200 yil boʻlgan. Oʻsha davrdan boshlab shu vaqtgacha u islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba hisoblanadi. Imom Buxoriyning ushbu asari koʻplab shaharlarda tarqalgan. Hatto oʻrta asrlarda yashagan baʼzi adib va xattotlar uchun bu asar nusxalarini koʻchirish daromad manbaiga aylangan. Jumladan, taniqli olim va tarixchi an-Nuvayriy (1332 yilda vafot etgan) Imom Buxoriyning ushbu asaridan sakkiz nusxa koʻchirib, har birini ming dirhamdan sotgan. 1325 yilda koʻchirilgan sakkiz jilddan iborat goʻzal bir nusxasi hozir Istanbulda saqlanmoqda. “Al-Jomiʼ as-Sahih”ga koʻpgina sharhlar bitilgan boʻlib, muhim manba sifatida qayta-qayta nashr ham qilingan. Imom Buxoriyning toʻplamlariga kiritilgan hadislar faqat islom taʼlimotiga tegishli umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq koʻngillik, ota-onaga, ayollarga va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir-bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka daʼvat etish kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir. Unda nima yaxshi, nima yomon, nimalarni qilish kerak va nimalarni qilmaslik kerakligi haqida yozilgan.

Shayx Abdulaziz MANSUR,
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʻrinbosari

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …