Home / MAQOLALAR / ALOUDDIN KOSONIY MЕROSI – DUNYO KUTUBXONALARIDA
Turkiyaning “Rogʻib Posho” kutubxonasida 451 raqamda saqlanayotgan kitobdan namuna

ALOUDDIN KOSONIY MЕROSI – DUNYO KUTUBXONALARIDA

Alouddin Abu Bakr ibn Masʼud ibn Ahmad Alouddin havosi toza, tuprogʻi unumdor Fargʻona vodiysidagi Sayxun (hozirgi Sirdaryo)ning shimoliy qismida joylashgan shaharlardan biri Koson (ayrim manbalarda Koshon deb ham kelgan)da tugʻilgani sabab u kishiga Kosoniy deb nisbat berilgan[1].

Bilimga chanqoq alloma madrasa taʼlimiga qanoat qilmay, ilm talabida yoshligida Buxoroga boradi. Oʻsha davrda ilm markazi boʻlgan bu shahar Alouddin Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Samarqandiy (vaf. 539/1143)ga shogird tushib, fiqh, hadis, aqida va tafsir fanlaridan ilm oʻrganadi.

Ustozining “Tuhfatul fuqaho” (“Faqihlar tuhfasi”) nomli asariga “Badoiʼus sanoiʼ fi tartibish sharoiʼ” (“Shariat qoidalari boʻyicha nodir manba”) nomli uch jildlik sharh yozib, Samarqandiyga taqdim etadi. Ustoz sharhdan shunchalik mamnun boʻladiki, olima va soliha qizini shogirdiga nikohlab beradi. Kelinning mahriga otasi kitobiga yozilgan benazir sharh kifoya qiladi.

Shunday qilib, odamlar orasida “Tuhfa”sini sharh etib, qizini oldi”, degan gap mashhur boʻlib ketadi[2].

Kosoniy turmush oʻrtogʻini juda yaxshi koʻrgan va hurmat qilgan. Fotimaning vafotidan soʻng umrining oxirigacha har juma kuni uning qabrini ziyorat qilgan. Ulugʻ fiqhshunos olim 587/1191 yilda vafot etgan. Uning qabri rafiqasining yonidadir. Halab shahrining tashqarisidagi “Ibrohim Xalil” masjidi qabristoniga dafn etilgan[3]. Ibn Adim rivoyat qiladi: “Men Ziyouddin Muhammad ibn Xamis Hanafiyning: “Shayx Kosoniy oʻlim toʻshagida ekan, uning huzuriga keldim. U kishi birdan Ibrohim surasini oʻqishni boshladilar va Alloh taoloning: “Alloh taolo imon keltirgan zotlarni dunyo hayotida va oxiratda sobit soʻz ila sobit qilur”, degan soʻzini oʻqishlari bilan ruhlari tanalarini tark etdi”, deganini eshitdim”[4].

Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammaddan Mahmud ismli farzand qolgan. Ayyubiylar hukmdori Sulton Zoir uni oʻz qaramogʻiga olib, voyaga yetkazgan.

Kosoniyning eng eʼtiborli asari “Badoiʼus sanoiʼ fi tartibish sharoiʼ” shu bilan birga, islom fiqhiga oid “Sultonul mubin fi usulid din” va “Kitobul jalil” nomli asarlari borligi aytiladi. Shuningdek, allomaning “Eʼtiqodul Kosoniy” risolasi ham mashhurdir.

Quyida Alouddin Kosoniyning dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan asarlari qoʻlyozmalarining bir nechtasini sanab oʻtamiz:

Irlandiyaning Dublin shahridagi Chester Bitti kutubxonasida № 3638/I, 3638/II, Qatar davlatining Doxa shahridagi “Darul kutubil Qatariya” kutubxonasida 747, Kuvayt shahridagi “Maʼhadul maxtutotil arabiya” kutubxonasida 1809/I, II, Germaniyaning Berlin shahridagi Davlat kutubxonasida 447-449, Britaniya muzeyi kutubxonasida 5512 Or, Turkiyaning Istanbul shahridagi “Yangi Jomiʼ” kutubxonasida 370-373, “Sulaymoniya” kutubxonasida 393-399, “Saroyli” kutubxonasida 71-73, “Rogʻib Posho” kutubxonasida 451-452, Tunisdagi Zaytuniya universteti kutubxonasida 68/IV, Falastinning Quddus shahridagi “Maktabatul xolidiya” kutubxonasida 13/III, Misrning Qohira shahridagi “Hudayviya” kutubxonasida 12/II, “Darul kutubil Misriya” kutubxonasida 405/I, “Maktabatul azhariya” kutubxonasida 44133, Suriyaning Damashq shahridagi “Zohiriya” kutubxonasida 231, 2576, Saudiya Arabistonining ar-Riyod shahridagi “Markazul Malik Faysal lil buhus vad dirosatil islamiya” kutubxonasida 11731-11736 ب, 16735-16739 ب, 260/II, Hindistonning Haydarobod shahridagi “Maktabatul Osifiya” kutubxonasida 1074/II, 344, Hindistonning Rambur shahridagi “Maktabatu Rambur” kutubxonasida 171/I, 59, 419/II, 728-732, AQSHning Barniston shahridagi “Barniston” kutubxonasida 2563, 2807 raqamda saqlanayotgan nusxalarini koʻrsatish mumkin.

“Eʼtiqodul Kosoniy”: Parij milliy kutubxonasida № 825/3, Saudiya Arabistonidagi Podshoh Faysal nomidagi islomiy tadqiqotlar markazining kutubxonasida 0825 raqami ostida saqlanmoqda.

Alouddin Kosoniyning Dunyo kutubxonalarida hali bizga maʼlum boʻlmagan yana yuzlab qoʻlyozma asarlari mavjudligi shubhasizdir.

Allomaning “Badoiʼus sanoiʼ fi tartibish sharoiʼ” asari tadqiq qilinib, hozirgi nashriyotlarida chop etilgan.

Qirq yildan ziyod musulmonlar xizmatida boʻlgan olimning beqiyos xizmatlarini aqidaviy va fiqhiy ixtiloflarga barham berilishida, mazhablarning birdamligida, hanafiylarning mavqei tiklanishida, ilm-maʼrifat va barqarorlik taʼminlanishida, qolaversa, adashgan toifalarning tomiri qirqilishida koʻrish mumkin.

Buyuk ajdodimizning boy madaniyat va maʼrifat buloqlaridan bahramand boʻlgan moʻmin-musulmonlar, albatta, din-diyonat, imon-eʼtiqod, odob-axloq, mehr-muruvvat va boshqa odamiylik tamoyillariga amal qiladi. Bobokalonimizning hayoti va ijodi, faoliyatini yanada chuqur tadqiq etishda, ilmiy merosini oʻrganishda ham xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga, ham xalqaro ilmiy doiraga yordam koʻrsatsak, hayotda uchraydigan koʻplab ijtimoiy masala va muammolarni hal qilish uchun yoʻl ochgan boʻlamiz.

[1] Badoiʼus-sanoiʼ fi tartibish sharoiʼ. Alouddin Abu Bakr ibn Masʼud Kosoniy. Qohira. Darul hadis, 2005. – B.17.
[2] Abdulqodir ibn Abul vafo. Javohirul muziya fi tabaqotil hanafiya. J.2. Mir Muhammad kutubxona. Karotoshiy – 2009. – B.244.
[3] Badoiʼus-sanoiʼ fi tartibish sharoiʼ. Alouddin Abu Bakr ibn Masʼud Kosoniy. Pokiston. Maktabatul Roshidiya. – B.10.
[4] Badoiʼus-sanoiʼ, fi tartibish sharoiʼ. Alouddin Abu Bakr ibn Masʼud Kosoniy. Qohira. Darul hadis, 2005. – B.10.
Ixtiyor QUSHSHAQOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …