Home / FOTO LAVHALAR / Qirgʻizistonlik yoshlar – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida

Qirgʻizistonlik yoshlar – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida

Joriy yil 24-31 may kunlari Germaniyaning Konrad Adenauer jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida mazkur jamgʻarmaning Qirgʻizistondagi stipendiat-talaba yoshlari uchun mamlakatimizga ziyorat-tur tashkil etildi.

Tadbir doirasida qirgʻizistonlik mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham boʻldi. Markaz direktori Sh.Ziyodov mehmonlarga dastlab yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Markazning tashkil etilishi, maqsad va vazifalari, bu yerda ilmiy-tadqiqot, xalqaro hamkorlik yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻzladi.

Muassasaning anjumanlar zalida Markaz rahbariyati va qirgʻizistonlik talaba yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda dastavval Markaz faoliyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi. Muloqot davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

Aytish joizki, qardosh yurt yoshlari uchun tashkil etilgan bu kabi ziyorat-turlar Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzaro hamkorligi va mintaqaviy munosabatlar rivojida muhim oʻrin tutadi. Zero, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik, yaqin qoʻshnilik munosabatlarini mustahkamlash Oʻzbekiston siyosatining muhim boʻgʻinlaridan sanaladi.

Qirgʻiz Respublikasi iqtidorli talabalarining Oʻzbekistonga sayohati tashkil etilishi ikki davlat yoshlarining bir-birini yaxshiroq bilishi, “xalq diplomatiyasi” ravnaq topishi va mintaqaviy hamkorlik yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Konrad Adenauer jamgʻarmasi oʻrtasida hamkorlikka oid memorandum imzolangan boʻlib, ikki muassasa tomonidan ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida birgalikda muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator xalqaro nufuzli tashkilot va ilmiy …