Home / MAQOLALAR / NISHOPUR FITNASI YOXUD “XOLQU AFʼOLIL IBOD” ASARINING YOZILISH TARIXI VA SABABLARI

NISHOPUR FITNASI YOXUD “XOLQU AFʼOLIL IBOD” ASARINING YOZILISH TARIXI VA SABABLARI

Imom Buxoriy qalamiga mansub bu asarning toʻliq nomi “Xolqu afʼolil ibod varraddu alal jahmiyati va asʼhabit taʼtil” (“Bandalar feʼllarining yaratilganligi hamda jahmiylar va asʼhobi taʼtil (Alloh taoloning ayrim sifatlarini inkor qiluvchilar)ga raddiyalar”) boʻlib, u asosan botil aqidalar va notoʻgʻri eʼtiqodlarga raddiyalardan iborat. Asar oʻn bir bobdan iborat boʻlib, unda 432 ta, takrorlanganlari bilan 628 ta hadis keltirilgan.

 “Xolqu afʼolil ibod” asarini musannifdan Yusuf ibn Rayhon ibn Abdussomad va Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy[1] rivoyat qilgan.

Asarda avval botil eʼtiqoddagilarning soʻzlari va daʼvolari, oʻz botil fikrlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oyatlarni asl maʼnosidan boshqa maʼnolar bilan notoʻgʻri taʼvil qilib keltirgan dalillari rivoyat qilinib, soʻng bunday fikr va qarashlar notoʻgʻri ekani Qurʼon oyatlari va tafsiri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan asosli ravishda isbotlab berilgan.                                         

Imom Buxoriy Qurʼon oyatlarini notoʻgʻri talqin qiladiganlar notoʻgʻri eʼtiqodda ekanini taʼkidlab, hatto bunday kimsalar kamondan oʻq otilgani kabi islom dinidan tez chiqib ketishiga hadisi shariflar bilan dalillar keltiradi.     

Ushbu asarning yozilish sababiga kelsak, Imom Buxoriyning h.250/m.864 yilda Nishopurga kelishi bilan bogʻliq. Shahar ahli va ulamolari u kishini juda katta ehtirom bilan kutib olishadi. Imom Muslim ibn Hajjoj buni taʼriflab:

“Imom Buxoriy Nishopurga kelgan vaqtda nishopurliklar biror olim yoki biror voliyga qilinmagan hurmat-ehtiromni unga koʻrsatishdi”, deb aytgan.

Muhammad ibn Yahyo ibn Abdulloh ibn Xolid ibn Foris Zuhaliy[2] majlisida[3]: “Kimda kim ertaga Imom Buxoriyni kutib olish uchun uning istiqboliga chiqishni xohlasa, chiqsin! Men u zotni kutib olish uchun chiqaman!” dedi. Imom Buxoriyni kutib olish uchun imom Zuhaliy va Nishopurning barcha olimlari chiqishdi. Imom Zuhaliy: “Imom Buxoriydan aqidaga oid hech narsa soʻramanglar! Chunki, agar u bizga xilof boʻlgan narsa bilan javob berib qolsa, oramizda sovuqlik tushadi. Natijada Xurosonning nosibiy, rofiziy, jahmiy va murjiʼiylari gap qilib fitna qoʻzgʻashi mumkin,” dedi-da: “Bu solih olim kishi (yaʼni, Imom Buxoriy) huzuriga borib, undan hadis tinglanglar”, deb jar solishga buyurdi. Odamlar Imom Buxoriyning dars xalqasiga ketib qolishdi, hatto bu holat Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy majlisidagilarga malollik keltirib, ular bu haqda imom Zuhaliyga shikoyat qilib nooʻrin, tuhmat soʻzlarni ham aytishdilar.

Imom Buxoriy tomonidan qanday xatolik sodir boʻldiki, bu hatto Imom Zuhaliyni gʻazablantirdi?

Imom Buxoriy Nishopur ahliga qarshi biror soʻz aytganmidi?

Imom Buxoriy va Nishopur ahli oʻrtasidagi tushunmovchilik aynan kalom ilmiga xos edimi?

Yoki u zot birortani gʻiybat qilib qoʻyganmidi?

Imom Buxoriy va Imom Zuhaliy orasi buzilishiga sabab boʻlgan omillar nima edi?.

Shubhasiz, Imom Buxoriyning hayot yoʻli va uning odob axloqidan xabar beradigan taʼriflar bizni u zot haqidagi turli ehtimoliy shubhali fikrlardan toʻsib turadi. Oʻsha zamon tarixchilari Nishopurda Imom Buxoriy Qurʼoni karimning maxluq yoki maxluq emasligi toʻgʻrisida soʻralganda “Qurʼoni karimni tilovat qilayotgandagi lafzim maxluq (azaliy emas, yaratilgan, keyinchalik paydo boʻlgan)dir”, deb javob qaytarganini aytishadilar. Aynan shu soʻzlar Imom Buxoriy bilan Nishopur ahli oʻrtasida tushunmovchilik keltirib chiqaradi.

Imom Buxoriyga ““Qurʼoni karimni talafuz qilishim yaratilgandir” degan soʻzlari bilan u  “Qurʼoni karim yaratilgan emas” deb aytishdan oʻzini olib qochdi, u moʻtazilalar kabi ish tutdi”, deb tuhmat qilindi. Moʻtazila firqasidagilar tazyiqqa uchragandan keyin  “Qurʼon yaratilgan, azaliy emas” degan  eʼtiqodini yashirish va  “Qurʼon gʻayri maxluq” deb aytishdan qochish uchun faqat  “Qurʼonni talaffuz qilishim maxluqdir” deyish bilan kifoyalanar edi. Imom Buxoriyning javobini ommaga yetkazayotgan oʻrtadagi  vositachi Imom Buxoriyning soʻzini  asliyatidan burib yuborib, moʻtazilalar soʻziga yaqinlashtirib  aytib yuborgani uchun fitna boshlanib ketdi.

Zero, ahli sunna val jamoa eʼtiqodi boʻyicha “Allohning kalomi gʻayri maxluq (keyinchalik paydo boʻlgan emas, aksincha,  azaliydir) va bizning Qurʼonni talaffuz qilishimiz esa maxluqdir (keyin paydo boʻlgan, azaliy emas)”. Moʻtazilalarning eʼtiqodiga koʻra har ikkalasi ham maxluqdir. Ammo Nishopurda berilgan savolning oʻzidan katta fitnaning hidi kelayotgan edi. Shu sababli Imom Buxoriy savolga toʻliq javob bermadi, chunki oʻsha zamonda boshqa shaharlar qatori Nishopurda ham ahli sunna bilan bir qatorda moʻtazilalar ham yetarli taʼsir kuchiga ega edi. Agar Imom Buxoriy  “Allohning kalomi gʻayri maxluq va bizni Qurʼonni talaffuz qilishimiz esa maxluqdir”, deb savolga toʻliq javob berganda, shaharda ahli sunna val jamoa[4] bilan moʻtazilalar[5] firqasidan boʻlgan musulmonlar oʻrtasida katta ziddiyatlar va tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin edi. Bunga olomon aralashib ketsa, nima boʻlishini hech kim oldindan aytib berolmasdi.  Shu sabablarni oldindan koʻra bilgan Imom Buxoriy har ikki tomonni junbushga keltirmaydigan tarzda javob qaytargandir. Bu bir ehtimoliy taxmin. Ammo aynan mana shu javob sababli Imom Buxoriyga “u moʻtaziliylar javobini aytdi”, deb tuhmat qilinib,  Nishopurdan chiqarildi.

Imom Buxoriy bilan bogʻliq Nishopur voqeasigai Ahmad ibn Adiy bunday rivoyat qiladi: Ustozlarning bir jamoatidan eshitdim, Imom Buxoriy Nishopurga kelgan vaqtda odamlar toʻp-toʻp boʻlib, uning darsini tinglashga kelayotganlarini koʻrib, u yerdagi olim kishilar unga hasad qilib, olomon orasida “Imom Buxoriy “Qurʼonni talaffuz qilishim maxluqdir” degan, soʻzni aytdi”, degan gapni tarqatishibdi.

Odamlar yigʻilib, jamoat jam boʻlganda, bir kishi oʻrnidan turib: “Ey Abu Abdulloh! Qurʼon haqidagi talaffuzlar haqida nima deysiz, u maxluqmi yoki gʻayri maxluqmi?” dedi.

Imom Buxoriy bu savolga javob bermay, undan yuzini boshqa tomonga oʻgirdi. U yaqin kelib savolini uch bor takrorladi. Imom Buxoriy javob qaytarishga majbur boʻlib:

Qurʼon Alloh taoloning kalomidir, u maxluq (yaratilgan) emas, bandalarning ishlari maxluqdir, bu haqida soʻrash esa bidʼatdir,  dedi. 

U odam: “U (Buxoriy) Qurʼonni talaffuz etishim maxluq, deb aytdi”[6], deb shovqin soldi. Imom Buxoriyni tinglayotgan jamoat orasida baland ovoz bilan baqirib aytilgan bu gap yashin tezligida tarqalib ketdi. Bundan butun olomon shovqin qilishga tushdi. Imom Buxoriy: “Ularning harakatlari, ovozlari va yozishlari maxluqdir, ammo sahifalar orqali qalblarga sobit qilinib saqlangan Allohning kalomi maxluq emas. Darhaqiqat, Alloh taolo: “Yoʻq, u (Qurʼon) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir. …,”[7] deb aytgan”, dedi. Afsuski, Imom Buxoriyning bu soʻzlari shovqin-suronda olomonga yetib bormadi. Chunki, fitnaga oldindan hozirlik koʻrilib, puxta tayyorlanilgan edi.

Abu Homid Sharqiy: “Muhammad ibn Yahyo Zuhaliydan: “Qurʼon Alloh taoloning kalomidir, u maxluq emas. Kimki, Qurʼonni talaffuz qilishim maxluq, deb fikr qilsa[8], u bidʼatchidir. Unday kimsa bilan oʻtirilmaydi ham, suhbatlashilmaydi ham. Kimda kim bu voqeadan soʻng ham Imom Buxoriyning darsiga borsa, u ham bidʼatchidir. Uning darslariga faqat uning yoʻlini tutganlar boradi”, deb aytayotganini eshitdim”,  dedi.

Imom Hokim: “Imom Buxoriy bilan Imom Zuhaliy oʻrtasida lafz masalasida kelishmovchilik boʻlgan paytda Muslim ibn Hajjoj va Ahmad ibn Salamadan boshqa barcha odamlar Buxoriydan yuz oʻgirdi”,[9] deb rivoyat qiladi.

Hokimdan yana bunday rivoyat qilinadi: “Ahmad ibn Salama bunday dedi: “Imom Buxoriy huzuriga kirib unga: “Ey Abu Abdulloh! Sizga bu savolni bergan kishi bu shaharga Xurosondan kelgan. Bu ish ortidan boshlangan fitna toʻxtatib boʻlmas darajada avj olib ketdi, hatto bizdan biror kishi u bilan suhbatlasha olmadi. Siz nima deb maslahat berasiz?” dedim. Imom Buxoriy soqollarini tutib, silab: “Ishimni Alloh taologa topshiraman, albatta, Alloh taolo bandalar ishini koʻrib turuvchi zotdir. Allohim, Oʻzing bilganingdek, men Nishopurga biror maqom yoki martaba va mansabni maqsad qilib kelmaganman. Men muxoliflarim gʻalabasi tufayli oʻz vatanimga qaytishga qaror qildim. Darhaqiqat, bu kishi (Imom Zuhaliy nazarda tutilmoqda) Alloh taolo menga bergan ilmga hasad sababli shu ishni qildi”, deb javob berdi”.

Abu Amr Ahmad ibn Nasr Nishopuriydan bunday rivoyat qilinadi: “Imom Buxoriy huzuriga borib unga: “Ey Abu Abdulloh! Bu yerda eshitishimcha, siz “Qurʼonni talaffuz qilishim maxluqdir”, degan soʻzni aytibsiz?” dedim. Imom Buxoriy: “Ey Abu Amr! Mendan bu eshitganingizni qulogʻingizga quyib oling! Nishopur, Qumis, Ray, Hamadon, Bagʻdod, Kufa, Basra, Makka va Madina ahlidan kimki meni moʻtazilalarning “Qurʼon maxluq, Qurʼonni talaffuz qilishimiz ham maxluqdir”, degan soʻzini aytdi desa, darhaqiqat u yolgʻonchi kazzobdir. Men bu soʻzni aytmaganman, ammo bandalarning ishlari maxluqdir, degan soʻzni aytdim”, dedi”. 

Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qilingan ushbu dalillar oʻsha vaqtda boʻlgan voqeʼlikni xolisona anglab yetishimizga xizmat qiladi. Imom Buxoriy va Imom Zuhaliy oʻrtasidagi tushunmovchiliklar, Nishopur ahli hamda oʻsha davrda Nishopurda yashagan ulamolar ham bu fitnani toʻxtatib qolishga qudrati yetmagani toʻgʻrisidagi dalillarni keltirish bilan kimnidir oqlash va boshqa kimnidir qoralashdan yiroqmiz.

Nishopurda sodir boʻlgan bu voqea moʻtazilalar va jahmiylar aqidasiga zarba berish, islom ummatini botil aqidadan himoya qilish uchun Alloh taoloning ulugʻ hikmati sababli roʻy bergan, desak yanglishmagan boʻlamiz. Chunki, moʻtazila aqidasining keng tarqalishi, unda sodir boʻlgan fitnalar va aynan Nishopurdagi mana shu voqealar Imom Buxoriyning “Xolqu afʼolil ibod” kitobini yozilishiga turtki boʻlgan.

Bu soʻzlarni Imom Ibn Hajar Asqaloniy ham “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhida Imom Buxoriydan bu asarning yozilish sabablaridan ayrimlarini naql qilib keltirib oʻtgan. Imom Buxoriy “Xolqu afʼolil ibod” kitobida, jahmiylar eʼtiqodga xos ilmni Jaʼd ibn Dirhamdan olgani xabari yetib keldi. Iroq amiri Xolid Qisriy: “Men Jaʼd ibn Dirham soʻzlaridan larzaga keldim. U “Alloh taolo Ibrohimni Oʻziga xalil qilib olmagan va haqiqatda Muso bilan soʻzlashmagan”, degan soʻzlarni aytibdi”, dedi.

Ibn Hajar yana: “Shundan soʻng Imom Buxoriyning “Xolqu afʼolil ibod” kitobini oʻqib chiqib, uni yozishdan maqsadini topdim. Imom Buxoriy bu kitobida: “Odamlar foilda[10], feʼlda[11] va mafʼulda[12] bir-birlari bilan ixtilofga borib qoldilar”, degan soʻzni aytgan.[13]

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, Imom Buxoriy hazratlari Nishopur fitnasi sababli oʻz shaʼniga aytilgan tuhmatlardan oʻz nomini oqlash maqsadida hamda adashgan botil eʼtiqoddagi moʻtazila va jahmiylarga oyat va sunnatga tayanib  maʼnaviy zarba berish uchun “Xolqu afʼolil ibod” hadis toʻplamini yozishga kirishdi. U zot bu asari bilan oʻzidan keyin to qiyomatgacha keladigan butun islom ummatiga oʻzining ahli sunna val-jamoadan boʻlganini, moʻtazila va boshqa adashgan oqimlar eʼtiqodidan uzoq ekanligini, adashgan botil firqalarning aqidasi notoʻgʻri ekanligini oyat va hadislar orqali isbotlab berdilar.

[1] Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy (231/846-320/933) Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadis toʻplamini ham rivoyat qilgan. Firabriy Imom Buxoriydan ushbu asarni 254/869 yilda 23 yoshlarida taʼlim olgan.
[2]Muhammad ibn Yahyo ibn Abdulloh ibn Xolid ibn Foris Zuhaliy (h172y-h258y), Abbosiylar xalifaligida yashagan, Nisoburlik ahli sunna val-jamoa eʼtiqodidagi olim, muhaddis roviylardan.
[3]Oʻsha vaqtda har bir shaharda shahardagi yetuk olimlarning oʻz ilmiy davralari, dars xalqalari,  majlislari boʻlgan. Masalan: muhaddis ulamolarning majlislari alohida, faqihlarniki alohida, mutakallim – kalomshunos olimlarning alohida dars davralari boʻlgan. Aholi erkin ravishda oʻzini qiziqtirgan ustozning dars xalqasiga, majlisiga kelib dars tinglagan.
[4] Ahli sunna val jamoa – Islom tarixining barcha davrlarida musulmonlarning  katta qismi tutgan yoʻldir. Ular Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam va xulafoi roshidin raziyallohu anhuning sunnatlarini ushlagan va sahobalar, tobeʼinlar, toʻrt moʻtabar fiqhiy mazhab imomlaridan iborat din peshvolari yoʻliga ergashgan jamoadir. Ahli sunna val jamoa mazkur ulugʻlarning yoʻlini naql va muttasil isnod (ogʻizma-ogʻiz eshitish) bilan qabul qilib olganlar.
Manbalarga qaraganda Ahli sunna val jamoa atamasini dastlab Ibn Abbos raziyallohu anhu Oli Imron surasi 106-oyatini tafsir qilganda ishlatgan boʻlsalarda, bu atama islomning dastlabki davrlarida mashhur boʻlmagan. Balki oʻzlarini turli nomlar bilan atagan firqalar koʻpaya boshlagach, Ahli sunna val jamoa atamasi yuzaga chiqdi. Sunnat va jamoat ahli kim deyilsa, ilmda peshvo sahobalar va ularning yoʻlini tutgan zotlar, deyiladi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov.
[5] Hasan Basriy (21-109/642-728 yy.) xalqasini Vosil ibn Ato (vaf. 130/748 y.) va Amr ibn Ubayd (vaf. 143/761 y.) “gunohi kabira” masalasi tufayli tark etganlar va moʻtaziliya oqimiga asos soldilar. Bu dastlabki aqidaviy boʻlinishlar VII–IX asrlarda Bagʻdod va Damashq xalifaligining diniy-siyosiy hayotiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Moʻtaziliylar ahli sunnadan farqli ravishda aqlni nass (Qurʼon va hadis)dan ustun bilib, aql mustaqil hukm chiqarish xususiyatiga ega, degan tushunchani tarqatishga uringanlar. Moʻtaziliya taʼlimoti abbosiy xalifalar Maʼmun (197-218/813-833 yy.), Muʼtasim (218-227/833-842 yy.) va Vosiq (227-232/842-847) davrida rasmiy eʼtiqod sifatida tan olingan. Mutavakkil (232- 247/847-861) hukmronligi davrida esa islomga zid oqim sifatida qattiq taʼqib ostiga olingan. Bu oqimning soʻnggi qarorgohi Xorazm boʻlib, XIII– XIV asrlarga kelib, moʻtaziliya taʼlimoti shialarning ayrim oqimlari eʼtiqodiga aylanib qoldi (Alloqulov A. The Light of Islam, 1-son 2020 yil. – B 4)
[6] Imom Buxoriy  “Qurʼon gʻoyri maxluq, bizni uni talaffuz qilishimiz maxluqdir”  deb toʻliq aytmasdan, moʻtazilalarga oʻxshab faqat “bizni uni talaffuz qilishimiz maxluqdir”  soʻzi bilan kifoyalandi, degan tuhmat soʻzni baland ovoz bilan aytib yubordi. Bu soʻz darsda hozir boʻlib turgan oʻn minglab kishilar orasida tarqalib, qisqa muddatda butun shaharga ovoza ketdi.
[7]Ankabut, 49.
[8] Yaʼni, “Qurʼon gʻoyri maxluq, bizni uni talaffuz qilishimiz maxluqdir”  deb toʻliq aytmasdan, faqat “bizni uni talaffuz qilishimiz maxluqdir”  soʻzi bilan kifoyalansa u bidʼatchidir, degan maʼnoda aytilmoqda.
[9]Hadyu-s-sorriy. Muqaddimatu “Fathu-l-Boriy”. 492-bet.
[10] Ishni bajaruvchi, aqidada Yaratuvchi maʼnosida ham qoʻllaniladi.
[11] Ish bajarish, aqidada yaratish maʼnosida ham qoʻllaniladi.
[12] Yaratilgan, bajarilgan ish, aqidada yaratilgan fikr va qarashlar, Alloh taolodan boshqa butun borliq olam va undagi narsalarga nisbatan ham qoʻllaniladi. 
[13] Ibn Hajar al-Asqaloniy “Xolqu afʼoli-l-ibod” kitobini yozilish sabablaridan biri sifatida ushbu soʻzni keltirdi.
Nodir Qobilov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
SamDCHTI magistranti

Check Also

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

Tavfiqning tavsifi haqida soʻzimizni davom ettirar ekanmiz, gunoh va yomon ishlardan saqlanish ham Alloh tavfiq …