Home / MAQOLALAR / MISRDAGI “SAHIHUL BUXORIY” MAKTABI “Sahihul Buxoriy” Misr oʻlkasiga qanday kirib borgan?

MISRDAGI “SAHIHUL BUXORIY” MAKTABI “Sahihul Buxoriy” Misr oʻlkasiga qanday kirib borgan?

Darhaqiqat, musulmonlar oʻzlaridan oldingi ummatlardan hech biriga berilmagan oʻzlariga xos buyuk xislat va fazilat sohibidirlar. U ham boʻlsa, isnoddir.[1] Shuning uchun har bir avlod vakillari oʻzlaridan keyingilarga ilmni isnod orqali naql qilib berishgan.

Isnod borasida Ibn Sirin (vaf.110/728) bunday degan: “Haqiqatan, bu ilm dindir. Shunday ekan, siz oʻz diningizni kimdan oʻrganayotganingiz haqida oʻylab koʻring”.[2]

Yana: “Oldinlari isnod haqida soʻramas edilar. Fitnalar paydo boʻlgach, bizga roviylaringiz ismlarini aytib bering, deyiladigan boʻldi. Agar Ahli sunnadan boʻlsalar, hadislari qabul qilinar, agar bidʼat ahllaridan boʻlsalar, hadislari qabul qilinmas edi”,[3] degan.

Sufyon Savriy (vaf.161/778) shunday degan: “Isnod moʻminning qurolidir. Agar unda qurol boʻlmasa, nima bilan jang qiladi?!”.[4]

Yana: “Isnod hadisning ziynatidir. Bas, unga eʼtiborli boʻlgan kishi saodatli insondir”, degan.

Imom Shofiʼiy (vaf.204/819) shunday degan: “Isnodsiz hadis talab qilgan kishining misoli tunda oʻtin teruvchi kishi kabidir. U oʻzi bilmagan holda ichida ilonlari bor boʻlgan bir bogʻ oʻtin koʻtarib olgan boʻladi”.[5]

Abdulloh ibn Muborak (vaf.181/797): “Isnod dindandir. Agar isnod boʻlmaganida istagan odam istagan gapini gapirib yurgan boʻlar edi”,[6] degan.

Ulamolar isnod masalasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislar bilan cheklanib qolmadilar, balki sahobalar va tobiʼiylarning soʻzlarida ham unga tayanib ish tutdilar. Alloma shayx Abdurahmon Muallimiy rahimahulloh Ibn Abu Hotim Roziyning “Al-Jarh vat Taʼdil” nomli kitobiga yozgan muqaddimasida shunday yozadi: «Inson oʻz dini va dunyosi uchun koʻpgina bilimlarga muhtoj boʻladiki, ularni xabarlar orqali bilib olishdan boshqa hech bir yoʻli yoʻqdir. Agar ana shu xabarlarda rost va yolgʻon, haq va botil, toʻgʻrilik va xato voqe boʻlgani uchun ham inson ularni bir-biridan ajratib olishga majburdir.

Alloh taolo bizlarga rostgoʻy salaflarni nasib etgan ekanki, ular Rabbimizning Kitobi, Paygʻambarimizning sunnati, sahobalarning soʻzlari, qozilarning hukmlari, faqihlarning fatvolarini, til va adabiyotni, sheʼriyat, tarix va boshqalarni yoritib berishda bizga kerak boʻladigan barcha xabarlarni biz uchun saqlab keldilar. Ular oʻsha xabarlarni isnod bilan keltirishni oʻzlariga lozim tutdilar va keyingilarga ham shuni lozim qilib qoʻydilar.

Ular roviylarning holatlarini oʻrganib chiqdilarki, bu narsa xabarlarni tekshirishda katta yordam beradi. Ular oʻsha xabarlarni biz uchun saqlab keldilar.

Ular roviylarning holatlarini oʻrganib chiqib, har bir roviyga uning oʻziga munosib boʻlgan hukmni berdilar. Rivoyat qilgan xabarini olib, xujjat qilsa boʻladigan roviylar bilan boshqalarning oʻrtasini ajratib berib ketdilar…

Ular xabarlarning oʻzini ham tanqidiy oʻrganib chiqdilar va ular orasidan sahihlarini biz uchun ajratib olib, oʻzlarining sahih kitoblariga kiritib ketdilar. Zohiri sahih koʻringan xabarlarni ham oʻrganib chiqdilar. Ular oʻzlaridagi ulkan ilm boyligi, daqiq tushunchalari bilan ularni sahihlikdan chiqarib yuboradigan illatlarni oʻrgandilar. Keyinroq oʻsha illatlarni tushuntirib, xabarlarning sahihligiga xalal beradigan jihatlarni bayon qilib, ular haqida illatlarga oid asarlar bitdilar. Bundan tashqari ular yolgʻon xabarlarni yoʻqotishga urindilar va biror rivoyatning yolgʻonligi yoki zaifligini dalillar orqali koʻrsatib berish uchungina ularni naql qildilar. Ulardan keyin kelgan hadis ulamolari bu borada yengillik yoʻlini tutib, oʻzlari eshitgan har qanday xabarni rivoyat qilib ketdilar va ularning darajalarini bayon qilib, hukmini odamlarning oʻzlariga qoldirdilar. Chunki bu paytga kelib, xabarlarning darajasini aniqlashtiradigan qonun-qoidalarga asos solib boʻlingan, uning alomatlari toʻliq belgilab berilgan edi».[7]

Yuqorida oʻtganlarga koʻra, hadis bu – sanad[8] bilan naql qilishdir. Chunki u dinning asoslaridan biridir.

Naql qilinayotgan har qanday xabarning qabul qilinish-qilinmasligi oʻsha sanadga bogʻliqdir. Xabarning matnini oʻrganib chiqish undan keyingi oʻrinda turadi. Binobarin, agar sanad toʻgʻri boʻlib, unda xabarning matniga futur yetkazadigan illat mavjud boʻlmasa, bunday xabarni naql qilish durustdir. Aks holda uni naql qilish toʻgʻri ish emas. Naql qilingan xabarlarning har biri bilan xuddi shu meʼyorga asosan ish koʻriladi.

Sahobalar, tobiʼiylar va ulardan keyingi salafi solihlar hadis va hadis ilmiga doir barcha fanlarga ana shunday yondashganlar. Shuning uchun ham roviylar va muhaddislar Yer yuzida tarqalib hadislarning sanadlari bilan matnlari ustida izlanishlar olib borganlar. Mustalahul hadis, roviylar tabaqasi, jarh va taʼdil,[9] roviylar bibliografiyasi kabi ilmlar ana shundan kelib chiqqan. Bundan maqsad hadislarni har qanday oʻzgartirishlardan xoliligicha saqlab qolish va bu borada aniqlik bilan harakat qilish boʻlgan. 

Ular hadislarning matnlarini saqlab qolishda ulkan mehnatlar qilishgan. Ularning qabul qilish-qilinmasligi, sahih-sahihmasligi yuzasidan hukm chiqarish uchun maʼlum shartlarni ishlab chiqishgan. Jumladan, hadis sahih va maqbul boʻlishi uchun uning roviysi oʻsha hadisni xotirasida yoki kitobida saqlab qoʻygan boʻlishi lozim boʻlgan. Odatda muhaddislar har ikkala shartga ham amal qilishgan, yaʼni avval hadislarni yozib olib, soʻng yodlaganlar.

Asta-sekin hadis kitoblari yozila boshlagan va bu ish keng tarqalgan. Asar egasi oʻzi yozib olgan hadislarni kitobning oʻzidan oʻqib, odamlarga rivoyat qiladigan boʻlgan. Odamlar undan hadis eshitish, qoʻlidagi kitobdan nusxa koʻchirish uchun uzoq va yaqin yurtlardan muhaddisning huzuriga oqib kelishgan.

Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-Sahih” asari tarix davomida ogʻzaki naql qilish va nusxalari qoʻlma-qoʻl boʻlish orqali mutavotir yoʻl bilan bizga qadar yetib kelgan. Bu haqda Muhammad ibn Yusuf Firabriy bunday degan: “Muhammad ibn Ismoilning “Sahih” kitobini (uning oʻz ogʻzidan) toʻqson ming kishi eshitgan. Uni mendan boshqa rivoyat qiladigan hech kim qolmadi”.[10]

Imom Buxoriyning ogʻzidan hadis eshitgan kishilar eshitish va ogʻzaki naql qilish bilan cheklanib qolishmagan, balki uning (Imom Buxoriyning) hadislarini alohida bir kitob qilib yozib borishgan. Bundan maqsad “Sahihul Buxoriy”ning oʻzlarida mavjud yozma nusxasini Imom Buxoriyning ogʻzidan eshitgan ogʻzaki nusxalariga qoʻshib, ularni Imom Buxoriyning oʻzidagi nusxaga solishtirib koʻrish boʻlgan. Bu bilan ular qoʻllaridagi nusxalarda mavjud boʻlgan nuqsonlarni tuzatib olishni istaganlar. Nusxa koʻchirish, solishtirib koʻrish va Imom Buxoriyning oʻzidagi nusxaga muvofiqlashtirish ishlari nihoyasiga yetganidan soʻng ularni alohida nusxa qilib yozishgan.

 

Imom Buxoriydan qilingan rivoyatlarning eng mashhurlari:

Imom Buxoriydan qilingan rivoyatlarning eng mashhurlari uchtadir. Ular:

Birinchisi: Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy (vaf.295/908) rivoyati.

Mazkur rivoyat Abu Solih Xalaf ibn Muhammad Xayyom[11] orqali mashhur boʻlgan. Undan buyuk imom Abu Sulaymon Xattobiy (vaf. 388/998) rivoyat qilgan. Xattobiyning “Aʼlom al hadis” (buyuk muhaddislar) nomli asari Ibrohi ibn Maʼqil Nasafiyning rivoyatida asos hisoblanadi.

Ikkinchisi: Hammod ibn Shokir Nasafiy (vaf.311/923) rivoyati. 

Mazkur rivoyatda kelgan hadislar soni Firabriyning rivoyatida kelgan hadislardan ikki yuzta kamdir. Ushbu rivoyat ikki yoʻl bilan yetib kelgan:

  1. Bakr ibn Muhammad Jaʼfar rivoyati.
  2. Ahmad ibn Muhammad ibn Rumayh Nasaviy rivoyati.

Bayhaqiy oʻzining “as-Sunan al-Kubro” asarida ustozi Abu Abdulloh Hokimdan, u Ahmad ibn Muhammad ibn Rumayhdan, u Hammod ibn Shokirdan, u esa Imom Buxoriydan rivoyat qilish orqali mazkur ikkinchi rivoyat yoʻlidan koʻp naql qilgan.

Uchinchisi: Abu Abdulloh Firabriy (231/845-320/932) rivoyati.

Abu Abdulloh Firabriy “Al-Jomiʼ as-Sahih”ni uning muallifi imom Abu Abdulloh Buxoriyning oʻzidan bir necha marta eshitgan. Hatto ayrim manbalarda uning ikki marta – birinchisi 248 yili Farabr shahrida, ikkinchisi 252 yili Buxoroda eshitgani zikr qilingan.[12] Firabriy mazkur asarni uch marta, yaʼni 253, 254 va 255 yillari Imom Buxoriyning oʻzidan eshitgani ham aytiladi.[13]

“Sahihul Buxoriy” asari islom ulamolari nazdida Qurʼondan keyingi eng ishonchli manbadir. Chindan ham bu asar islomning ahkomlari, taʼlimoti va tartibotlarini oʻzida eng koʻp jamlagan, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning zamonlariga eng yaqin zamonda vujudga kelgan asarlardan biridir.[14]

Darhaqiqat, odamlar bu asarni bir-birlaridan eshitganlar. Uni muallifning oʻzidan eshitib yod olish uchun Buxoroga safar qilganlar. Shuning uchun ham uni toʻqson ming kishi eshitgan. “Sahihul Buxoriy”ni eshitgan ana oʻsha insonlar orasida Imom Firabriy ham bor edi. Uning “Sahihul Buxoriy”ni qilgan rivoyati Allohning izni bilan mashhurlikka erishdi.

Imom Firabriy rivoyatining boshqa rivoyatlardan farqli jihatlari va mashhurlik sabablari:

Birinchisi: Firabriydagi odillik, xotiraning kuchliligi hamda ulamolarning unga aytgan maqtovlari.

Ikkinchisi: Firabriyning nusxasi toʻliq va mukammalligi, ichida nuqsonlari yoʻqligi.

Uchinchisi: Firabriy oʻzidagi bu nusxani Imom Buxoriyning qoʻlida boʻlgan asl nusxadan koʻchirib olganligi.

Toʻrtinchisi: Imom Buxoriy vafotidan keyin ham uzoq vaqtga qadar saqlanib qolgani eʼtiboridan Firabriyning sanadi oliyligi.

Beshinchisi: Firabriy uni Imom Buxoriyning oʻzidan eshitganligi.

 

“Sahihul Buxoriy”ni Firabriydan rivoyat qilganlar:

 Odamlar imom Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni yod olish yoki yozib olish uchun dunyoning turli taraflaridan oqib kelganlar. Ularning eng mashhurlari quyidagilar deb ayta olamiz:

  1. Imom, muhaddis Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Dovud Balxiy Mustamliy (vaf. 376/986). U Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni 314 yili eshitgan.
  2. Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad ibn Hammuyah ibn Yusuf ibn Aʼyun Hammaviy, Saraxs xatibi (vaf. 381/991).
  3. Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy ibn Muhammad ibn Makkiy ibn Zuroʼ Kashmihaniy (vaf. 389/999).
  4. Abu Ali Muhammad ibn Umar ibn Shabbuyah Shabbaviy Marvaziy.
  5. Abu Ali Said ibn Usmon ibn Said ibn Sakan Misriy Bazzoz (vaf.353/964).
  6. Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad Marvaziy (vaf.371/981).
  7. Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad ibn Yusuf ibn Makkiy Jurjoniy (vaf.373/983 yoki 374/984).

(davomi bor)

 

[1] Isnod: hadisning roviylarini bir-biriga ulash; hadisni aytuvchiga bogʻlash. Al-Qomus. Arabcha-oʻzbekcha qomusiy lugʻat. 3-jild, 568-bet.
[2] Uni imom Muslim “Al-Jomiʼ as-Sahih”ning muqaddimasi, 1-jild, 11-betida rivoyat qilgan.
[3] Oʻsha manba.
[4] Sharafu ahlil hadis, 42-bet. Fathul mugʻis, 3-jild, 331-bet. Ibn Hibbon uni “Kitobul majruhin” (1-jild, 27-beti)da rivoyat qilgan.
[5] Fathul mugʻis, 3-jild, 331-bet.
[6] Xatib Bagʻdodiy. Sharafu ahlil hadis, 41-bet. Sahihi Muslim bi sharhin-Navaviy, 1-jild, 77-bet.
[7] Qarang: Ibn Abu Hotimning “Al-jarh vat taʼdil” asari muqaddimasi, 1-2-betlar.
[8] Sanad: hadis roviylari silsilasi. Isnod: hadisning roviylarini bir-biriga ulash; hadisni aytuvchiga bogʻlash. Al-Qomus. Arabcha-oʻzbekcha qomusiy lugʻat. 3-jild, 569-bet.
[9] Jarh va taʼdil: hadis roviysi haqida uning rostgoʻylik (ishonarlilik) va xolislik darajasiga koʻra hukm chiqarish. Isnod: hadisning roviylarini bir-biriga ulash; hadisni aytuvchiga bogʻlash. Al-Qomus. Arabcha-oʻzbekcha qomusiy lugʻat. 1-jild, 395-bet.
[10] Tarixu Bagʻdod, 2-jild, 12-bet.
[11] Uning tarjimai holini bilish uchun qarang: “Siyaru aʼlomin-nubalo”, 16-jild, 70-bet. 16-jild, 204-bet. “Mezon al eʼtidol”, 2-jild, 185-bet. “Lisonul mezon”, 2-jild, 771-bet. “An-nujum az-zohira”, 4-jild, 64-bet. “Shazarot az-zahab”, 3-jild, 39-bet.
[12] Taqyidul muhmal, 1-jild, 64-bet.
[13] Oʻsha asar, 26-bet.
[14] Abdulhay Kattoniy. At-tanvih val ishoda bi maqomi rivoyati Ibn Saoda.

 

Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …