Home / YANGILIKLAR / AFV — INSONPARVARLIKNING YUKSAK NAMUNASI

AFV — INSONPARVARLIKNING YUKSAK NAMUNASI

Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida odamlarni rozi qilish, adashganni toʻgʻri yoʻlga boshlash, yiqilganni suyash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.

Ana shu ulugʻvor tamoyil asosida, qolaversa, xalqimizga xos insonparvarlik, kechirimlilik va bagʻrikenglik qadriyatlarini eʼtiborga olgan holda, hayotda bilib-bilmay xato qilgan, jinoyat koʻchasiga kirib qolgan insonlarga muruvvat koʻrsatilmoqda, ularni toʻgʻri yoʻlga qaytarish, jamiyat uchun foydali shaxsga aylantirishning samarali choralari koʻrilmoqda. Afv instituti mazkur siyosatni roʻyobga chiqarishning samarali mexanizmiga aylandi.

Qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan bir guruh fuqarolarning Ramazon hayiti arafasida Prezident farmoni bilan afv etilishi ham ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarning amaldagi ifodasi hamda qanchadan-qancha insonlarga, ularning oilasi va yaqinlariga davlatimiz rahbaridan haqiqiy bayram sovgʻasi boʻldi.

Afv etilganlar oʻz uylariga kirib borar ekan, ularning yaqinlari, ayniqsa, farzandlari koʻzlaridagi cheksiz quvonchni hech narsaga qiyoslab boʻlmaydi. Aslida, afv etishdan koʻzlangan maqsad xato qilganni faqat kechirish emas, balki ularning oilalariga ham roʻshnolik olib kirishdir.

Mazkur afvning oʻziga xosligi shundaki, har bir xonadonda xursandchilik, shukronalik hukm surayotgan bugungidek bayramona kunlarda afv etilganlar ham oʻz oilasi, yaqinlari bagʻrida tom maʼnoda bayram shukuhini his qiladi. Asosiysi — ibratli saboq, yaxshi yakun, qayta xato qilmaslik.

Muborak ramazon oyida amalga oshirilgan yana bir xayrli tadbir — “Mehr-5” operatsiyasi ham alohida eʼtirofga munosib. Zero, 93 nafar ayol va yosh bolaning mojaroli hududlardan yurtimizga qaytarib olib kelingani tom maʼnoda Prezidentimizning siyosiy irodasi va insonparvarlikning yuksak namunasi boʻldi.

Ushbu insonlarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun qilinayotgan bunday xayrli ishlar ezgulikning oliy namunasi ekanini taʼkidlash lozim. Afv etilgan fuqarolar bilan tizimli muloqotlar qilish, muammolarini hal etish, savollariga toʻlaqonli javob berish ularning jamiyatga tez moslashishi va oʻz oʻrnini topishida juda muhim omil hisoblanadi. Shu sababli Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur yoʻnalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ilk afv eʼlon qilingan kundan boshlab, afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishi uchun ularga koʻmak berish boʻyicha aniq va maqsadli mexanizm shakllantirilgan. Tizimli tadbirlarning ijobiy samarasi oʻlaroq, ularning aksariyati hayotda oʻz oʻrnini topdi: tadbirkorlik, tikuvchilik, chorvachilik, dehqonchilik va boshqa foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanmoqda. Hojilik maqomidagi yurtdoshlarimiz ham afv etilgan vatandoshlarimizning ijtimoiy moslashuviga yaqindan yordam berayotganlarini qayd etish kerak.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning afv etish toʻgʻrisidagi farmoni qanchadan-qancha koʻngillarga shodlik, oilalarga halovat va roʻshnolik ulashdi. Bu chinakam insonparvarlik namunasi, yuksak bagʻrikenglik ifodasidir. Zero, afv institutining mohiyatida ham ana shu ulugʻvor gʻoya mujassam.

Sodiq TOSHBOYEV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 25 may, № 104 (360)

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …