Home / MAQOLALAR / MADANIY SOHADA GʻOYAVIY KURASH

MADANIY SOHADA GʻOYAVIY KURASH

Hammamiz yaxshi bilamizki, xalq yoki millatning maʼnaviy qarashlari, intelektual salohiyati oʻz-oʻzidan, boʻsh joyda shakllanmaydi. Ularning vujudga kelishi va rivojlanishiga aniq tarixiy omillar asos boʻladi. Bu qarashlar vaqt oʻtishi bilan avloddan-avlodga meros boʻlib qadriyat va axloqiy normalar sifatida eʼzozlanadi. Shu bilan birga turli ziddiyatlarni kuchaytirib urushlarni keltirib chiqarishiga sabab boʻladi. XX asr boshlarida ham milliy norozilik harakatlarining kuchayib borishi qator mustamlakaga ega davlatlar – Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Ispaniya hukumatlarining oʻz nazoratidagi oʻlkalarni zamonaviy siyosiy konʼyunkturaga moslashtirishiga sabab boʻldi.

Turkiston maʼrifatparvarlari Oktyabr inqilobi millionlab xalqlarni ijod erkinligiga erishtirdi deb, sotsialistik taraqqiyot sari qadam tashlagan. Ammo sovet hukumatining madaniy sohada amalga oshirmoqchi boʻlgan inqilobi boshqacha edi. 1918 yil 23 yanvarda cherkovni davlatdan va maktabni cherkovdan ajratish toʻgʻrisida dekret qabul qilindi. Unga koʻra, diniy taʼlim bilan bogʻliq mavzular taʼlim tizimidan chiqarildi. Shuningdek, hukumat 1918 yil 14 mayda TASSR Xalq Komissarlari Sovetining dekreti bilan Respublika “Xalq Maorifi Komissarligi” va uning mahalliy Sovetlar huzuridagi boʻlimlari”[1]ni tuzib, madaniy sohani nazorat ostiga oldi. Bu bilan madaniy inqilobning asosiy vazifasi “Sovet fuqarolarining shaxsiy eʼtiqodiga marksistik-leninistik mafkura tamoyillarini kiritish”[2]-ekanligi yaqqol namoyon boʻldi.

1920-1930 yillar davomida deyarli barcha madaniy-gumanitar sohalar: taʼlim, fan, kutubxonachilik, nashr ishlari, muzeylar, teatrlar va kinoteatrlar, klublarni boshqarish huquqi Xalq Maorif Komissariati nazoratiga oʻtkazildi. Jamiyat madaniy hayotini boshqarish uchun Agitprop (KPSS markaziy qoʻmitasi targʻibot va tashviqot boʻlimi), Glavlit (Adabiyot va nashriyot bosh boshqarmasi – 1922-1991 yillar davomida bosma asarlarni senzuradan oʻtkazib, ommaviy axborot vositalarida davlat sirlarini himoya qilgan) kabi davlat organlari tuzildi. Shu tariqa madaniy hayot toʻliq partiya nazorati ostida biriktirildi. Bu holatni 1921 yil mart oyiga kelib, “milliy masala” yuzasidan partiyaning siyosiy vazifasi: “…rus boʻlmagan xalqlarning mehnatkashlar ommasiga ijtimoiy hayotning hamma sohalarida Markaziy Rossiyaning ilgʻor xalqlariga yetib olish ishida yordamlashishdan iboratdir”[3] degan rezolyutsiyadan ham bilsa boʻladi. Ushbu rezolyutsiya asosida kurs va maktablar ochish hamda koʻpaytirish, ilm-fan, kasb-hunar, xalq taʼlimi, matbuot va teatrlar ustidan nazorat oʻz-oʻzidan partiya ixtiyoriga oʻtkazildi. Bu “yordam” Turkistonda bolalarni bepul oʻqitish bilan birga, aholi orasida shaxsiy tashabbuslarni jilovlash yoʻlidagi dastlabki qadam ham edi. Qadimdan oʻz bilim va tafakkuriga ega xalqlar XX asr ikkinchi oʻn yilligida shu tartibda “yangicha gʻoyaga ixtiyoriy” tarzda daʼvat etila boshladi. Sotsialistik gʻoyaga qarshi boʻlgan kishilar esa davlatning siyosiy dushmani sifatida turli qiynoq va qatagʻonlarga uchradi.

Maorifda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan chora va tadbirlar shoʻro hukumatining proletar gʻoya va mafkurasi keng yoyilishiga qoʻl kelgan. Misol: “Rossiyada Xorazmga muallim kadrlar va madaniy oqartuv xodimlari muntazam ravishda yuborilib turildi. Chunonchi, Xorazmga RSFSRdan 1921 yilda 40 nafarga yaqin, 1923 yilda 30 nafardan koʻproq maorif xodimlari kelib ishlay boshladi. Ularning koʻplari mahalliy tillarni bilgan kishilar”[4] boʻlgan. Turkiston, Buxoro va Xorazm oʻlkalarining barcha hududlarida “sotsialistik, baynalmilal madaniyatni” yoyish maqsadida qoʻllangan bu tadbir doimiy ishga aylantirilgan.

Oʻzbekistonda 1925 yilda “97 ta vaqf maktabi va 1,5 mingdan ortiq eski maktab faoliyat koʻrsatib, shulardan 250 tasi yashirin holda ishlagan. Ammo 1928 yilga kelib, sovetlar hukumati Oʻzbekistonda eski milliy maktablar faoliyatini batamom taʼqiqlab[5] qoʻyishi sovetlashtirish bilan bir paytda, sunʼiy tarzda savodsizlik koʻpayishini keltirib chiqargan. Jamiyatdagi bu illatni bartaraf qilish ilinjida XX asrning 30-yillarida “komsomol va partiyasiz yoshlardan madaniy armiyachilar deb atalmish faol jamoatchilar tuzilgan. Ular savodsizlikni tugatish maktablari tashkil etish, savodsizlarni oʻqitish, siyosiy ongini oshirish ishlarini shijoat bilan bajardilar. 1930-1931 yillar mobaynida shunday armiyachilar soni 12 mingdan 16 ming nafarga”[6] yetkazilgan.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, shoʻro davri hujjatlarida butun aholining savodxonlik darajasi qayd qilib borilgan. Masalan, “1920 yilgi aholini roʻyxatga olish natijalariga koʻra, Sovet Rossiyasi hududida 8 yoshdan katta boʻlgan aholining 41,7%i oʻqish imkoniyatiga ega boʻlgan”[7] va bu koʻrsatgich butun SSSR ittifoq hududi boʻyicha “1926 yil 17 dekabr holatida 56,6% ni (9-49 yoshdagi aholi orasida olingan) tashkil etdi”[8] deb koʻrsatilgan. Shuningdek, savodlilik darajasini 1939 yil Oʻzbekiston aholisiga nisbattan “erkaklar – 83,6%, xotin-qizlar – 73,3%”[9] deb qayd etilgan. Savodsizlikni tugatish uchun “xalq maorifiga sarflangan kapital mablagʻlar birinchi besh yillikda 395,5 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, ikkinchi besh yillikda 1162,5 million soʻm”[10] gacha oshirilgan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar sotsialistik gʻoyalarni xalq ongiga singdirish uchun xizmat qilgan.

Oʻzbekiston SSRda turli millatga mansub aholi istiqomat qilib, ular 1926 yil 17 dekabr holatiga koʻra[11] jami 5 267 658 kishi boʻlgan. Pedagogik va psixologik tahlillardan maʼlumki, jamiyatda yoshlarning ijtimoiy qarashlari avvalo ularning oilaviy muhiti, qoʻni-qoʻshni, mahallasida shakllana boshlasa, keyinchalik maktabda oʻzlashtirgan bilimi asosida rivojlanadi. Shundan kelib chiqib, jamiyat aʼzolari intellektual salohiyati va qarashlari bir xil boʻlib shakllanmaydi. Bundan sovet hukumatining “sotsialistik madaniy jamiyat” qurishda yetakchi kuch yagona bir qatlam –proletariat boʻlishi kerakligi haqidagi qarashi utopiya ekanligini anglash mumkin.

Xulosa qilib aytganda, ilm-fan taraqqiy etmagan oʻlkada erkin va farovon jamiyat qurib boʻlmaydi. Shoʻro hukumati yozuv va taʼlimda amalga oshirgan oʻzgarishlar asosida oʻsib kelayotgan Oʻzbekiston yoshlarini tarix va qadriyatlardan yiroqlashtirishga urindi. Sotsialistik gʻoyalarni yoyish maqsadida ishchi va dehqonlarning moddiy imkoniyatidan kelib chiqib, bepul taʼlim, moddiy ragʻbatlantirish asosida maʼlum yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Ammo shunchalik murakkab va tahlikali davr boʻlishiga qaramay, tarix sirlaridan boxabar ilm-fan sohiblari hamda chet ellarda (Turkiya, Germaniya va b.) oʻqib qaytgan yoshlar yot gʻoya va mafkuralarga qarshi kurashib, Vatan istiqloli uchun fidoiylik namunasini koʻrsata oldi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
[1] Oʻzbekiston SSR tarixi” Qadimgi davrdan hozirgi kunlargacha. OʻzSSR FA akad. I.M. Muminov tahriri ostida. –T., “Fan” 1974. 332-bet.
[2] Kulturnaya_revolyutsiya_v_SSSR Rossiyskaya pedagogicheskaya ensiklopediya. T. 1. M., 1993; URL: www.otrok.ru/teach/enc/txt/4/page95.html
[3] Oʻzbekiston SSR tarixi” Qadimgi davrdan hozirgi kunlargacha. OʻzSSR FA akad. I.M. Muminov tahriri ostida. –T., “Fan” 1974. 376-bet.
[4] Oʻzbekiston SSR tarixi” Qadimgi davrdan hozirgi kunlargacha. OʻzSSR FA akad. I.M. Muminov tahriri ostida. –T., “Fan” 1974. 367-bet.
[5] Rustambek Shamsutdinov, Shodi Karimov “Vatan tarixi” 3-kitob, Sharq nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. T-2010 yil. 284-bet.
[6] Choriyev A.X. “Mustabid shoʻrolar tuzumi sharoitida Oʻzbekiston xalq taʼlimi va oʻqituvchi kadrlar tayyorlash: milliy anʼanaviy va shoʻro taʼlim tizimlari oʻrtasidagi ziddiyatlar (20-30 yillar)” tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. Toshkent-1998 y. 200-bet.
[7] Kulturnaya_revolyutsiya_v_SSSR . Rossiyskaya pedagogicheskaya ensiklopediya. T. 1. M., 1993; URL: www.otrok.ru/teach/enc/txt/4/page95.html
[8] Rossiyskaya pedagogicheskaya ensiklopediya. T. 1. M., 1993; URL: wikipedia.org/wiki/Perepis_naseleniya_SSSR_(1926)
[9]I. M. Bogdanov. Gramotnost i obrazovaniye v do revolyutsionnoy Rossii i v SSSR. (istoriko-statisticheskiye ocherki). M.-1964.102-b
[10] Rustambek Shamsutdinov, Shodi Karimov “Vatan tarixi” 3-kitob, Sharq nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. T-2010 yil. 285-bet
[11] wikipedia.org/wiki/Perepis_naseleniya_SSSR_(1926)
Suxrob ERGASHЕV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy–tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …