Home / YANGILIKLAR / MAʼNAVIY YUKSALISH POYDЕVORI

MAʼNAVIY YUKSALISH POYDЕVORI

Sirdaryo va Amudaryo boʻylarida qadim-qadimdan dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik taraqqiy topgan, ilm-maʼrifat rivojlangan. Oʻzbek xalqi ushbu katta mintaqadagi qardoshlari bilan birgalikda islom dini, madaniyati, maʼnaviyati hamda maʼrifati ravnaqiga alohida taʼsir koʻrsatgan.

Islomiy qadriyatlar negizida shakllangan oilaviy muhit, oʻziga xos urf-odatlar mintaqa xalqlarining tabiatiga singib ketgan. Ayni shu jihat ulkan madaniy siljishga, dunyo tamadduniga beqiyos ulush qoʻsha olish imkoniyati yuzaga kelishiga turtki bergan.

Jaholatni yenggan Uygʻonish

Islom madaniyati, maʼnaviyati bu oʻlkaga kirib kelganidan soʻng, koʻp oʻtmay oʻzining sara mevalarini bera boshladi. Shu bois dunyoning aksariyat din ulamolari islom dini, garchi Arabistonda qaror topgan boʻlsa-da, u oʻzbek zaminidan quvvat olganini yakdillik bilan eʼtirof etadi.

Buning isboti sifatida ikki Sharq Renessansini keltirish joizdir. Bu buyuk uygʻonish davrlari jaholat toʻsiqlari osha unga madaniy-maʼnaviy muhitni hadya etdi. Bugungi taraqqiyot va yuksalishni, ilm-fan rivojini, imon-eʼtiqod mustahkamligini oʻzbek zaminida yuz bergan ana shu beqiyos hodisalar bilan bogʻlashlari ham bejiz emas.

Bugun yangi Oʻzbekiston oʻzini oʻsha ikki buyuk tarixiy burilishning vorisi sifatida namoyon etmoqda — Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida uchinchi Renessans sari borish taraddudida. Keyingi yillarda mamlakatda barcha sohada jadal olib borilayotgan islohotlar, yuksalish va bunyodkorliklar bunga mustahkam poydevor yaratmoqda.

Yangi Oʻzbekiston bunday ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy yangilanishlarni aynan madaniy-maʼrifiy zaminga suyangan holda hayotga tatbiq etmoqda. Xuddi dastlabki ikki Shark Renessansining asoslarida ham islom dinining madaniy-maʼrifiy muhiti, ochiq dunyoviy qarashlari, ilm-fanga daʼvati yastangani singari.

IX — XII asrlar oraligʻidagi birinchi Sharq uygʻonishi davrida Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlar hozirgi ilm-fan taraqqiyotining asl oʻzagini tashkil qilgan sohalarda beqiyos yutuqlarni qoʻlga kiritdilarki, ularning yozgan asarlari, ilgari surgan gʻoyalari keyinchalik butun dunyoni zabt etdi, yangi-yangi mevalarni bera boshladi.

Buyuk qomusiy olim Muhammad al-Xorazmiy hind-arab sanoq tizimini joriy etib, “nol” raqamini hisobga kiritdi. “Algebra” atamasi uning “Kitob muxtasar min hisob al-jabr val-muqobala” kitobi orqali kelib chiqdi, aslida “algoritm” soʻzi ham olim ismining lotin tilidagi talaffuzidan olingan. Abu Rayhon Beruniy birinchi boʻlib Yevropa va Osiyo tashqarisida yana boshqa bir nomaʼlum qitʼa bor, degan taxminni ilgari surdi hamda Yer aylanasi uzunligini yuksak aniqlik bilan oʻlchadi (uning hisobi zamonaviy olimlarning hisobidan atigi 200 milcha farq qiladi).

Gʻarbda “Avitsenna” nomi bilan mashhur boʻlgan Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropada bir necha asrlar davomida tibbiyot muassasalarining asosiy darsliklaridan boʻlib kelgan. Imom Buxoriy “muhaddislar sultoni”, hadis ilmida “moʻminlar amiri” unvonlari bilan sharaflanib, nabaviy hadislarning sahihlarini ajratib, ulardan Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish “Sahihi Buxoriy” toʻplamini tuzdi. Bular va yana juda koʻplab Markaziy osiyolik olimu ulamolarning asarlari maʼlum bir mamlakat, mintaqa yoki qitʼa hududidagina emas, balki butun Yer yuzida yuksak madaniy siljishlarga sabab boʻlgan. Bu esa, oʻz navbatida, butun islom olamida faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotadi.

Ilm yuksaklikka koʻtaradi

Taʼkidlaganimizdek, bunday uygʻonishlarning ildizi islom madaniyati va maʼnaviyati bilan chambarchas bogʻliq. Buni Maʼmun akademiyasida kamolga yetgan Ibn Sino, Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, ibn Iroq, Abu Sahal Masihiy kabi yuzlab allomalarning oʻzlari ham tan olishgan edi.

Ilk Uygʻonish davrining mevalari zoye ketmadi. Ular hazrati Alining “Ilm pastda turganlarni yuqori darajaga koʻtaradi. Bilimsizlik esa tepada turganlarni pastga tushiradi. Ilm mol-davlatdan ustundir, chunki boylikni sen asraysan. Ilm esa seni asraydi”, degan soʻzlari zamiridagi haqiqatni yana bir bor tasdiqladi.

Yoshlik chogʻlaridan muqaddas islom dini ruhida tarbiyalanib, Qurʼoni karim, hadisi shariflarni sevib mutolaa qilgan Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”, Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz” asarlari ham muqaddas dinimizdan ozuqa olib yaratilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy, shuningdek, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”lari, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai saʼdayn” kabi asarlari temuriylar davrida vujudga kelgan buyuk uygʻonish — ikkinchi Sharq Renessansining dastlabki durdonalari sifatida dunyo yuzini koʻrdi.

Ulugʻ soʻfiylardan tarbiya olib, buyuk sohibqironlik rutbasiga yetgan Amir Temur islom ulamolari, olimlar, maʼrifatparvarlar hamda hunarmandlarga alohida eʼtibor qaratdi. Moʻgʻullar vayron qilgan shaharlar, kentu qishloqlar, sugʻorish tarmoqlarini, ekinzoru bogʻlarni, koʻp tarmoqli savdo va karvon yoʻllarini kayta tikladi. U Samarqandni oʻz saltanatining poytaxtiga aylantirib, bu yerga dunyoning turli mintaqalaridan olim, ulamo, shoir, muarrix, usta, hunarmandlarni chorlab, homiylik qildi. Temuriylar Uygʻonish davrida ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalar islom dini qoidalari asosida rivojlandi. Buyuk Ipak yoʻlining qayta tiklanishi barobarida, savdo-sotiq, pul munosabatlari tartibga solindi, oltin hamda kumush tangalar zarb etildi.

Soʻz va amal birligi

Oʻzbekistonda endi-endi mustaqillik shabadalari esa boshlagan kezlardayoq Qurʼoni karim maʼnosi Shayx Alouddin Mansur tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilib, nashr etilgani sobiq shoʻro respublikalaridagi musulmonlar uchun ham ibrat boʻldi.

Kaminaga aytishlariga qaraganda, oʻshanda bu muqaddas kitob yuz minglab nusxalarda nashr etilib, uni odamlar qoʻlma-qoʻl mutolaa qilishar ekan. Inson och qolganda nonga muhtoj boʻlgani kabi maʼnaviy ehtiyojini qondirish uchun oʻz eʼtiqodiga suyanib, oʻz kitobini izlaydi. Oʻzbek xalqining eʼtiqodi mustahkamligi, qon-qoniga islom dinining qadriyatlari singib ketganligini muqaddas kitobni koʻz yosh bilan kutib olgani misolida yaqqol koʻrish mumkin edi.

Shu oʻrinda bir narsani qayd etib oʻtishni istardikki, dinda ham, zamonaviy ilmda ham soʻz va amal birligiga yuksak qadriyat sifatida qaraladi. Garchi oʻzbek xalqi maʼlum bir davrlarda muqaddas dinimizning bosh kitobidan, hadisi shariflardan mosuvo qilib qoʻyilgan esa-da, oʻz hayot tarzi, amali, toʻgʻrisoʻzligi, adolatliligi bilan islomga sadoqatini amalda isbotladi. Birgina misol: Ikkinchi jahon urushi yillarida jang boʻlayotgan joylardan keltirilgan bolalarni bagʻriga oldi, oʻz farzandidek koʻrib, yuvib-taradi, tarbiyaladi. Zero, Yaratganga eʼtiqod insonga mehr bilan namoyon boʻladi.

Oʻshanda Oʻzbekistonda oddiy mehnatkashlardan tortib, ilm va sanʼat ahli, maorif hamda madaniyat xodimlari — barchasi yakdil boʻlib, Vatanni dushmandan xalos etmoqqa bel bogʻlagan edi. Xalq ruhidagi muqaddas islomiy qadriyatlar vatanparvarlikka yoʻgʻrilib ketgandi. Bu savobli ishlardan Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasi ham chetda turgani yoʻq.

Dinimiz mohiyatining toʻgʻri talqini

Bugun Oʻzbekistonda din ahliga, ilm ahliga yuksak eʼtibor koʻrsatilmoqda. Birinchi va ikkinchi Sharq Renessansi davrida uygʻongan islom maʼrifati, islom maʼnaviyati, qadriyatlari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yuksalish bosqichiga koʻtarilmoqda. Bu hol iqtisodiy hamda ijtimoiy, maʼnaviy hayotning barcha sohasini qamrab olayotir. Mislsiz bu oʻzgarishlarga hamohang islom diniga eʼtibor tobora kuchayib bormoqda.

Toshkentda, 1971 yilda muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlarining 1225 yillik tavalludi munosabati bilan Toshkent islom oliy oʻquv yurti tashkil etilib, 1974 yili unga Imom Buxoriy nomi berilgan. Unda Kavkazorti, Shimoliy Kavkaz, Ozarbayjon, Sibir hamda boshqa joylardan ham talabalar kelib oʻqishardi. Kamina ham bu muqaddas dargohda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Usmonxon Alimov (Oʻzbekiston), Ahmad Qodirov (Rossiya Federatsiyasining Checheniston Respublikasi), Ismoil Berdiyev (Rossiya Federatsiyasining Qorachoy-Cherkes Respublikasi), Ollohshukur Poshshozoda (Ozarbayjon) bilan birga tahsil olganimdan faxrlanaman. Chuqur ilohiy bilimlarga ega oʻzbek ulamolari bu yerda bizga Qurʼoni karim qiroati va tafsiri, fiqh, hadis ilmi, arab tili hamda shu kabi mutaxassislik fanlarini zoʻr ishtiyoq bilan oʻrgatishgan.

Hatto ateizm hukm surgan sobiq shoʻrolar tuzumi davrida ham biz shogirdlar islom dinining targʻiboti, tashviqoti bilan muntazam shugʻullanardik. Muqaddas kitoblarni oʻz ona tilimizga tarjima qilib, masjidlar qurilishiga saʼy-harakat qilardik. Yillar davomida islom dinidan uzib qoʻyilgan xalqlarga uning mazmun-mohiyatini toʻgʻri tushuntira olish nechogʻli qiyin kechganini tasavvur etishning oʻzi ham mushkul. Ammo buni Oʻzbekistonda taʼlim-tahsil olgan ulamolar sharaf bilan uddalashdi. Islomning hozirgi taraqqiyoti shu maʼnoda ham yurtingizda islom diniga azaldan eʼtibor berib kelinganidan har qancha minnatdor boʻlsa arziydi.

Oʻsha murakkab davrda Oʻzbekistonda tahsil olgan turli millatga mansub din peshvolari islomning mazmun-mohiyatini toʻgʻri anglatish yoʻlida katta kuch-gʻayrat bilan faoliyat olib borishdi. Kamina ham Allohning inoyati bilan ana shu safda boʻlganman.

Mana, bugungi kunda oʻsha saʼy-harakatlar oʻz natijasini berib, yoshlar orasidan ham koʻplab iqtidorli ulamolar yetishib chiqmoqda. Oʻzbekistonda esa bunga davlat ahamiyati darajasida qaralayotgani tahsinga loyiqdir.

Jahon minbarida yangragan yuksak baho

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida islom dinining dunyo miqyosidagi oʻrniga yuksak baho berdi hamda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul kilish tashabbusini ilgari surdi.

Taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekistonda ushbu yoʻnalishda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Jaholatga qarshi — maʼrifat” gʻoyasi ilmning hamma uchun ochiqligini taʼminlash, din masalasidagi jaholatga barham berishni koʻzda tutadi. Oʻylaymizki, bunday yondashuv uchinchi Renessans poydevoriga qoʻyilgan dastlabki asosdir.

Shu yilning 10 mart kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Rossiya markaziy diniy idorasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash boʻyicha onlayn yigʻilish oʻtkazdik. Kamina bu muloqotda bugungi murakkab davrda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish har jihatdan muhim ekani, mintaqalarda soxta salafiylik, akidaparastlik, ekstremizm hamda terrorizm kabi tahdidlar kuchaygan bir vaqtda ulamolarning ittifoqligi zarur ekani haqida soʻzladim. Rossiya Federatsiyasi, MDH va Markaziy Osiyo mintaqalarida mehnat qilayotgan ulamolarning aksariyati ilm-maʼrifatni Oʻzbekiston zaminida egallagani yigʻilish davomida alohida eʼtirof etildi.

Endilikda diniy taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish, ziyorat turizmini yoʻlga qoʻyish, mehnat migrantlari bilan ishlashda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish oldimizdagi muhim vazifalardir.

Soʻzim yakunida aytmokchimanki, din yoʻli — haq yoʻldir. Keyingi paytda Oʻzbekistonda butun dunyo musulmonlariga ibrat boʻlgulik ishlar amalga oshirilmoqda. Insha Alloh, bu ezgu saʼy-harakatlar oʻzining barokatli samaralarini berajak.

Shayx Talʼat TOJIDDIN,
Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, muftiy.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi
2021 yil 19 may, № 104 (7884)

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …