Home / MAQOLALAR / FIRABRIY “SAHIHUL BUXORIY”NI IMOM BUXORIYDAN NЕCHA MARTA ESHITGAN?

FIRABRIY “SAHIHUL BUXORIY”NI IMOM BUXORIYDAN NЕCHA MARTA ESHITGAN?

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan juda koʻp odam eshitgan. Bu haqda uning eng mashhur shogirdlaridan biri Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy (231-320/846-932): “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan toʻqson ming kishi eshitgan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi”, deb aytadi. Haqiqatan, “Sahihul Buxoriy” versiyalari orasida Imom Firabriyning rivoyati juda mashhur boʻlib ketgan. Buning sababi uning uzoq umr koʻrgani va kitobining nusxasi toʻliq boʻlganidir.

Imom Buxoriyning vafotidan keyin “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi shogirdi Abu Abdulloh Firabriyda qolgan. Shu tariqa “Sahihul Buxoriy”ning Imom Firabriy rivoyati mashhur boʻlgan. Undan “Sahihul Buxoriy”ni juda koʻp shogirdlar taʼlim olgan va asar matnini ustozining qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirgan. Birorta tahqiqchi va ahli ilm ular yozgan nusxalarga shak-shubha qilmagan va eʼtiroz bildirmagan.

Ibn Rushayd Sabtiy bunday deb aytadi: “Bugun Mashriq va Magʻribda “Sahihul Buxoriy”ni eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan yoʻl Abu Abdulloh Firabriyning yoʻlidir. Rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun odamlar unga suyanadi. Uning qoʻlida “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi boʻlgan va undan Abu Abdulloh Firabriyning shogirdlari koʻchirib olgan. Bu esa Abu Abdulloh Firabriyni qoʻllab-quvvatlaydigan hujjat va uning toʻgʻriligiga guvohdir. Soʻngra, “Sahihul Buxoriy” kitobi Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yoʻl bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmoʼ bogʻlangan. Natijada hujjat aniq boʻlgan”.

Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriydan bir necha marta eshitgani haqida ulamolar bir nechta dalil keltirgan.

Abu Nasr Kalaboziy (323-398/935-1008)ning soʻzi Imom Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni eshitgani haqidagi gaplarning eng mashhurlaridan. U: “Muhammad ibn Yusuf Firabriy bu kitobni Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan ikki marta eshitgan: birinchi marta 248/862 yili Firabrda, ikkinchi marta 252/866 yili Buxoroda”, degan.

Bu matn Abu Nasr Kalaboziydan rivoyat qilingan. Imom Zahabiy aytganidek, u “Sahihul Buxoriy”ni yaxshi bilgan va “Al-hidoyatu val irshodu fi maʼrifati ahlis siqoti vas sadadi allaziyna axroja lahum al-Buxoriy fi jomiʼihi” kitobining muallifidir. Bu gap Kalaboziydan mashhur boʻlgan. Siz “Sahihul Buxoriy”ning birorta sharhlovchisini uchratsangiz, u mana shu gapni Kalaboziydan rivoyat qilgan boʻladi.      

 Imom Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan Abul Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy (vaf. 389/999) mana shu gapni Kalaboziydan rivoyat qilgan. Undan Abu Zar Haraviy (vaf. 434/1043) rivoyat qilgan. Abu Ali Jayyoniy buni “Taqyidul Muhmal”da Abu Zar Haraviyning sanadi bilan rivoyat qilgan. Shuningdek, Ibn Rushayd Fihriy “Ifodatun nasiyh”da Abu Zar Haraviyning sanadi bilan rivoyat qilgan.

Abul Husayn Abdulmalik ibn Husayn Kazruniy ham bu gapni Kalaboziydan rivoyat qilgan. Ibn Nuqta buni “At-taqyid”da Abul Husayn Kazruniyning sanadi bilan rivoyat qilgan.

Bu matn ikki yoʻl bilan mulohaza qilinadi:

Birinchisi: bu matn Imom Firabriyning oʻzidan rivoyat qilingan emas. Bu Kalaboziyning soʻzidir. Mulohaza qilib koʻradigan boʻlsak, Kalaboziy 323/935 yilda, yaʼni Imom Firabriyning vafoti (320/932)dan 3 yil keyin tugʻilgan.

Ikkinchisi: bu matn Imom Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni ikki marta turli joy va vaqtda eshitgani haqida xabar beradi.

Birinchisi: 248/862 yili Firabrda;

Ikkinchisi: 252/866 yili Buxoroda.

Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriydan eshitgani haqida xabar beradigan dalillardan yana biri oʻzining soʻzidir. Imom Firabriy: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim Juʼfiy Buxoriy bizga 253/867 yilda xabar bergan (“Sahihul Buxoriy” kitobini oʻqib bergan)”, deydi.

Bu gapni Imom Firabriydan mashhur shogirdi va “Sahihul Buxoriy”ning roviysi Abu Zayd Marvaziy rivoyat qilgan. Shuningdek, Abu Ali Jayyoniy ham shu rivoyatni keltirgan. Abul Faraj Muhammad ibn Abdurahmon Muqriy “Al-Arbaʼiyn fil jihod” kitobidagi birinchi hadisning sanadini Imom Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan Saraxsiyning rivoyatiga koʻra, keltirganda, bunday deydi: “Imom Firabriy: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim Juʼfiy Buxoriy bizga 253/867 yilda xabar bergan (“Sahihul Buxoriy” kitobini oʻqib bergan)”, dedi”.

Bu dalillarga xulosa qiladigan boʻlsak, Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriydan uch marta: 248/862, 252/866 va 253/867 yillarda eshitgani maʼlum boʻladi.     

Albatta, “Sahihul Buxoriy”ni muallifiga bogʻlangan sanad bilan rivoyat qilishga eʼtibor qiladigan juda koʻp roviylarning sanadlari Imom Firabriyga borib taqaladi. Shuning uchun ham ushbu roviyning hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish bugungi kundagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.  

ABDUVOSI SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …