Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY”DAN OLDINGI MASHHUR SUNANLAR

“SAHIHUL BUXORIY”DAN OLDINGI MASHHUR SUNANLAR

Maʼlumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini jamlash va kitob holiga keltirish ishlari hijriy yuzinchi yilda xalifalik qilgan Umar ibn Abdulaziz davrida boshlangan. Umar ibn Abdulaziz Ibn Shihob Zuhriy va boshqa muhaddislardan omma uchun hadis kitobi yozishni soʻraydi. Zuhriy sodda qilib, bir kitob taʼlif etadi. Boshqalar ham unga ergashadi. Rasman hadis kitoblar yozish shundan boshlanadi.

Darhaqiqat, Imom Buxoriyning sahih toʻplami oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmasdan, balki hadisni tadvin qilishning ilk davridan to u kishining zamonasigacha boʻlgan uzun zanjir halqasiga bogʻlangan edi. Ammo buyuk muhaddisning halqasi eng mukammali va toʻligʻi boʻldi. Imom Buxoriy bu yoʻlda oʻzidan oldingi hadis imomlarining usul va yoʻllaridan katta foyda oldi. Avval bitilgan hadis toʻplamlari bilan qattiq shugʻullanib, ularni yodladi va toʻliq oʻzlashtirdi. Shundan keyingina oʻsha hadislardan oʻzining shartiga toʻgʻri kelganlarini oʻz sahihiga qoʻshdi.  

Imom Dehlaviy Imom Buxoriydan oldin hadis tasnif qilish yoʻllarini bayon qilib, bunday degan edi:

“Hadis ilmi borasida muhaddislarning birinchi tutgan yoʻli hadislarni toʻrtta fan boʻyicha tartiblash boʻldi:

  1. Fiqh boʻyicha hadislarni toʻplash. Bunga Imom Molikning “Muvatto” va Sufyon Savriyning “Jomiʼus Sufyon” toʻplamlari misol boʻladi.
  2. Tafsir boʻyicha hadislarni toʻplash. Ibn Jurayjning hadis kitobiga oʻxshash.
  3. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari haqida hadislar toʻplami. Muhammad ibn Isʼhoqning hadis kitobi singari.
  4. Zuhd va taqvo borasida yigʻilgan hadislar toʻplami. Ibn Muborakning hadis kabi.

Imom Buxoriy mana shu toʻrtta fanni bitta kitobda jamlashni ixtityor etdi hamda oʻzidan oldingi va zamonasidagi ulamolarning hadislaridan sahihga hukm qilganlari roʻyxatini tuzib, ularni tasnifladi”.

Hijratning ikkinchi va uchinchi asrida hadis sohasida kitob taʼlif va tasnif qilish ishlari shunchalik jadallashdiki, natijada oʻnlab, hatto yuzlab sunnat kitoblari paydo boʻldi. U “Sunan” deb yuritilib, iymon, tahorat, namoz, zakot va hokazo fiqhiy boblar bilan tartiblandi. Bu hadislar orasida mavquf[1]lari yoʻq edi. Chunki mavquf oʻsha davrdagi ulamolarning  istilohida sunnat emas, balki umumiy hadis hisoblanardi.

Imom Buxoriy zamonigacha boʻlgan mashhur sunan kitoblari quyidagilar:

  1. “Sunanu Abulvalid Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj Rumiy”. Bu kishi buyuk imomlardan hisoblanib, 151/768 yilda vafot etgan. Uning tarjimai holini Xotib Bagʻdodiy oʻzining “Tarixu Bagʻdod” asarida keltirib oʻtgan.
  2. “Sunanu Said ibn Mansur ibn Shoʻba”. Kunyasi – Abu Mansur. Xurosonlik boʻlgan. Makkada yashab, 227/842 yilda vafot etgan. Ishonchli roviylardan boʻlgan. Uning tarjima holini Imom Buxoriy oʻzining “Tarixul Kabir” va “Tarixus Sagʻir” kitoblarida keltirib oʻtgan.

Bu kitob Shayx Habiburrohman Aʼzomiy tahqiqi ostida nashrdan chiqqan. Ammo nusxa toʻliq emas. Undagi hadislar miqdori 2978 tani tashkil etib, faroiz, nikoh va unga bogʻliq masalalarni, taloq va jihod kitoblarini oʻz ichiga olgan. Ikki jildda bosilgan.

  1. “Sunanu Muhammad ibn Saboh Bazzor Duvalabiy”. Kunyasi – Abu Jaʼfar Bagʻdodiy. 150/767 yilda tugʻilib, 227/842 yilda vafot etgan. Ishonchli roviy boʻlib, u kishidan koʻpchilik hadis rivoyat qilgan.
  2. “Sunanu Dorimiy”. 181/797 yilda tugʻilib, 255/869 yilda vafot etgan. U kishining tarjima holini Xotib Bagʻdodiy “Tarixu Bagʻdod” asarida keltirgan. Kitobdagi hadislarning sanadlari oliy hisoblanadi. Imom Buxoriyning ustozlaridan boʻlib, Abu Abdulloh “Sahihul Buxoriy”dan boshqa kitoblarida u kishidan hadis rivoyat qilgan. Uning sulosiyotlari Imom Buxoriyning sulosiyotlaridan koʻproqdir.

Hofiz Aloiy aytadi: “Sihohi sitta”da oltinchi oʻrinni egallagan Imom Dorimiyning kitobini beshinchi oʻrindagi Ibn Moja kitobining oʻrniga qoʻyish lozim. Chunki unda zaif kishilarning rivoyati, munkar va shoz hadislar ozdir. Shu jihatdan undan afzaldir”. 

Hofiz Hajar Asqaloniy: “Agar Sunani Dorimiy beshtalikka qoʻshilsa, albatta Ibn Mojadan afzal boʻladi”, degan.

Bu maʼlumotlar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini toʻplash tobeinlar davrida jadal rivoj topganidan darak beradi. Ilk muhaddislar oʻziga xos hadis maktabiga asos solib, hadislar matni, sanadi va roviylari tarixiga juda katta eʼtibor qaratgan. Imom Buxoriy oʻzidan oldingi muhaddislarga cheksiz hurmat va ehtirom koʻrsatib, ularning ilmlaridan koʻp foyda oldi. Shu sababli ham hadis sohasida eng oliy choʻqqini egallab, Islom olamida katta shuhrat qozondi va oʻlmas meros qoldirdi.

[1] Qaysidir bir soʻz yo feʼl sahobalarga nisbat berilsa, mavquf deb ataladi.
Otabek BAHRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …