Home / MAQOLALAR / SOʻFI OLLOHYOR IJODIYOTIGA NAZAR (Markazning Manbalar xazinasida saqlanayotgan asarlari nusxalari misolida)
Сўфи Оллоҳёр. Маслакул муттақийн. Қўлёзма. ИБХИТМ манбалар хазинаси. №-43.

SOʻFI OLLOHYOR IJODIYOTIGA NAZAR (Markazning Manbalar xazinasida saqlanayotgan asarlari nusxalari misolida)

Uzoq va shonli tarixga ega boʻlgan oʻzbek xalqi azaldan oʻzining yuksak madaniyati, goʻzal qadriyatlari, boy ilmiy merosi bilan butun jahon eʼtiborini jalb etib kelmoqda.

Mustaqillik oʻtmishimizni, xalqimizning boy madaniyatini manbalar asosida chuqur va mukammal oʻrganish uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Sobiq Ittifoq davrida oʻzbek xalqining oʻtmishi, bir yoqlama yoritilgan edi. Ayniqsa, dini va u bilan bogʻliq ayrim masalalarni oʻrganish nazardan chetda qoldi. Bugungi kunda Vatan tarixini oʻrganar ekanmiz, bunda xalqning oʻtmishdagi diniy-madaniy hayotini tadqiq etish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Mustaqillikka erishilganidan soʻng, oldin yashab ijod etgan olimlar, shoirlar, muhaddislar va shu bilan birga, tasavvuf namoyandalarining hayoti va bebaho asarlari tadqiq etila boshladi. Muqaddas ziyoratgohlar qayta taʼmirlandi. Ularga eʼtibor yanada kuchaydi.

Oʻlkamiz tarixida ilm-fan turli ijtimoiy-siyosiy jarayonlar taʼsirida rivojlanib bordi. Xususan, islom ilmlarining XVII-XIX asrlardagi taraqqiyoti tasavvuf namoyandalarining faol ilmiy izlanishlari, safarlari bilan bogʻliq boʻlgan. Buning uchun ulamolardan diniy ilmlar bilan bir qatorda, ijtimoiy, mantiqiy, falsafiy ilmlarni bilish talab etilardi. Islom dini taʼlimotining ravnaqi va targʻibotining kengayishida Samarqand shahri muhim oʻrin egalladi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

XVII-XIX asrlarda Samarqandda dunyoviy fanlar bilan birga, diniy bilimlar ham keng rivojlandi. Soʻfi Ollohyor, Musoxonxoja Dahbediy, Valixon Eshon Urgutiy, Sayyid Ahmad Vasliy, Sultonxon Toʻra Ado, Naqib Toʻgʻral kabi ulamolar islom taʼlimotining rivojiga ulkan hissa qoʻshdi.

Tasavvuf yoʻnalishida Ahmad Sirhindiy, Hoja Habibulloh Buxoriy, mavlono Muhammadi Imlo, Musoxonxoja Dahbediy, Muhammad Islom shayx Karruxiy, Muhammad Sharif xoja ibn Atoulloh xoja shayxulislom kabi tariqat arboblari bilan bir qatorda, Soʻfi Ollohyor (1663, Kattaqoʻrgʻon bekligi Minglar qishlogʻi – 1724, Denov) ham bir vaqtning oʻzida bir necha tariqatlar mujassamligida faoliyat koʻrsatgan.

Soʻfi Ollohyorning hayoti va ijodiga oid manbalarni oʻrganish borasida bugungi kunga qadar koʻplab tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, Boʻriboy Ahmedov, Sadriddin Salim Buxoriy, Komilxon Kattayev, Bobur Aminov, Abdusattor Jumanazarov, Masʼudxon Ismoilov, Abrorxon Akbarov, Mehrojiddin Amonov kabi tadqiqotchi olimlar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilganini aytib oʻtish mumkin.

Ajdodlarimiz muayyan bir asarni yozish uchun koʻplab va turli sohalarga oid ilmlarni oʻrgangan. Xususan, Soʻfi Ollohyor oʻzining “Maslakul muttaqin” (“Taqvodorlar maslagi”) nomli kitobini yozish jarayonida koʻpgina olimlarning asarlari bilan tanishib, ulardan unumli foydalanganining guvohi boʻlamiz.

Soʻfi Ollohyor – tariqat arbobi va mutasavvif shoir. Shayxlar maktabi va Buxorodagi Joʻybor shayxlari dargohida taʼlim olgan. Oʻz davrining barcha asosiy ilmlarini egallagan, arab va fors tillarini oʻrgangan. Buxoro xoni Abdulazizxon tomonidan boj mahkamasiga toʻra etib tayinlangan. Darveshona feʼl, shoirona koʻngil sohibi boʻlgan Soʻfi Ollohyor bu lavozimdan tezda isteʼfo berib, oʻz davrining mashhur shayxi Navroʻzga shogird tushgan, tariqat talablarini bajarib, shayxlik martabasiga koʻtarilgan, valiulloh (karomat sohibi) boʻlib yetishgan [4: 202].

Oriflik maqomiga yetgan Soʻfi Ollohyor fiqh, aqoid va odob-axloq masalalariga oid bir nechta asar yozgan. Ular asosan nazmda bayon etilgan boʻlib, maʼrifatparvar xalqimiz orasida keng tarqalgan [2: 5].

Turkiy va forsiy tillarda ijod qilgan Soʻfi Ollohyor ijodining asosiy yoʻnalishi islom maʼrifatini keng xalq orasiga yoyish va tasavvufning insoniy kamolot bilan bogʻliq gʻoyalarini targʻib qilishdan iborat edi. U “Maslak ul-muttaqin” (“Taqvodorlar maslagi”), “Murodul orifin” (“Oriflar murodi”), “Mahzanul muteʼin” (“Itoatkorlar xazinasi”) asarlarini forsiy, “Sabotul ojizin” (“Ojizlar saboti”), “Favzun najot” (“Najot tantanasi”) masnaviylarini turkiyda yozgan. Forsiy va turkiyda bitilgan boshqa sheʼrlari ham mavjud. “Mevalar munozarasi” nomli manzuma ham unga nisbat beriladi.

Soʻfi Ollohyorning shoh asari “Maslakul muttaqin” boʻlib, 135 ta katta kichik bob, 12 ming baytdan iborat. Ilohiy maʼrifatning badiiy talqiniga bagʻishlangan bu asar el orasida shuxrat topganidan soʻng, doʻstu yaqinlari undan turkiy tilda ham shunday bir kitob yozishni iltimos qiladilar. Bunga javoban u “Maslakul muttaqin”ni birmuncha qisqartirib, turkiyda nazmda bitgan va “Sabotul ojizin”, deb nom bergan. Oʻzbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasi boʻlmish ushbu asar orqali tasavvuf taʼlimotining maʼnaviy-axloqiy masalalari keng yoritish bilan birga turkiy tasavvuf adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan.

Soʻfi Ollohyor oʻz asarlarida islom ahkomlari, tariqat talablari, insoniy komillik shartlarini birma bir taʼriflab bergan. Axloqiy-taʼlimiy ahamiyati jihatidan, xususan, “Maslakul muttaqin” va “Sabotul ojizin” asarlari maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida oʻqitilib kelgan. Uning diniy-tasavvufiy ruhdagi pand-u hikmatga yoʻgʻrilgan asarlari nafaqat Turkiston, balki Qashqardan tortib Etel (Volga), Yoyiq (Ural) daryolari vohalari, Hojitarxon (Astraxan), Bulgʻor, Orenburg va boshqa mintaqalarda yashovchi xalqlar orasida ham keng tarqalgan. Ular koʻp nusxalarda koʻchirilgan. XIX asrning oxirlariga kelib esa, Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yoʻli bilan bir necha marta nashrdan chiqqan.

Soʻfi Ollohyor asarlari koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilingan, ularga bagʻishlab sharhlar yozilgan, lugʻatlar tuzilib, u qoʻllagan tasavvufiy istiloh va timsollar keng sharhlangan. Asarlarining qoʻlyozma va toshbosma nusxalari koʻpgina qoʻlyozma fondlarida saqlanib kelmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida ham № MR 12, 43, 61, 66 raqamlari ostida “Maslakul muttaqin” asarining bir necha qoʻlyozma nusxasi mavjud. Shuningdek “Sabotul ojizin” asari  inv. № MR 199/II raqami ostida saqlanmoqda.

Ushbu fonddagi inv. № MR 12 raqamli “Maslakul muttaqin” asari nusxasi jami 437 sahifadan iborat (1a-437b)  boʻlib, oʻlchami – 29×21 sm. matn oʻlchovlari – 22×11 sm. Nastaʼliq xatida, 15 misradan qilib bitilgan. Mistara, poygir, siyohi qora, bob va fasllar qizil siyohda belgilangan. Sharq qogʻozi, kurrosa-8, muqovasi-jigarrangda. Nusxa toʻliq emas.

“Sabotul ojizin”. Oʻlchami 23×14 sm. Matn oʻlchovlari – 17×10 sm. Jami 61 sahifadan iborat. Nastaʼliq xatida, 11 misradan qilib sharq qogʻozida bitilgan [1: 354].

Ushbu tadqiqot davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida Soʻfi Ollohyorning “Maslakul muttaqin” asarining 4 nusxasi va “Sabotul ojizin” asarining 1 ta nusxasi mavjudligi maʼlum boʻldi.

“Maslakul muttaqin” asari islom qonunshunosligiga oid turli mulohazalardan tarkib topgan. Muallif asarni tasnif etishda koʻpgina fiqhiy manbalardan foydalanganini ilgʻab olish mumkin.

Unda boshqa fiqhiy kitoblarda kelganidek iymon boʻlimidan boshlanib, haj boʻlimiga qadar islomiy masalalar birma-bir bayon etilgan. Asarning oxirida muallif aytganidek, oʻzi haj amalini bajarmagani sababidan haj boʻlimini yozmagan [3: 416].

Islom tarixi va manbashunosligiga oid qimmatli maʼlumotlarni oʻzida mujassamlashtirgan bunday nodir qoʻlyozmalarning saqlanib kelayotgani va tadqiq etilayotgani ularning ilmiy-maʼnaviy ahamiyati yuksakligidan dalolatdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Imom Buxoriy xalqaro markazi Qoʻlyozmalar katalogi / Gʻoya muallifi Sh. Ziyodov. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2018. – B. 688
  2. Soʻfi Ollohyor. “Sabotul ojizin” sharhi [matn] / S. Allohyor: sharhlab nashrga tayyorlovchilar: M. Ismoilov va A. Akbarov. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2018. – B.  528
  3. Soʻfi Ollohyor. Maslakul muttaqin. Nashrga tayyorlovchilar S.Sayfulloh va Akram Dehqon. T.: 2016. – B. 492
  4. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild. Solnoma- Toʻytepa. Tahrir hayʼati: A.Azizxoʻjayev, B.Alimov, M.Aminov va b. –T.; “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2005. – B. 703.
Dildora MUSINOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …