Home / YANGILIKLAR / Hazrati Usmon Mushafiga bag‘ishlangan videorolik Quvaytda namoyish etildi

Hazrati Usmon Mushafiga bag‘ishlangan videorolik Quvaytda namoyish etildi

«Dunyo» axborot agentligining xabariga ko‘ra, Toshkentdagi «Hazrati Imom» majmuasida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mushafiga bag‘ishlangan videorolik Quvayt milliy televideniyesining madaniyat, ma’rifat va turizm sohalariga ixtisoslashgan «Isro» maxsus dasturida namoyish etildi.

Agentlik tomonidan «O‘zbekiston. Islom qadamjolari» turkumida suratga olingan ushbu videorolik mamlakatimizning Quvaytdagi elchixonasi sa’y-harakatlari bilan amalga oshirildi.

Ramazon oyida efirga uzatilgan ushbu viderolik Quvayt aholisi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va ijobiy baholandi.

Xabarga ko‘ra, Quvayt milliy televideniyesi mas’ul vakili kelgusida O‘zbekiston, xususan, uning buyuk tarixi, asrlar davomida muborak dinimiz va dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, boy madaniy va ilmiy salohiyatiga bag‘ishlangan turkum teleko‘rsatuvlar tayyorlash niyati borligini ma’lum qilgan. 

O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasining gullab-yashnashi, din, ilm-fan, matematika, astronomiya va boshqa fanlarning taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Xorazmiy, Farg‘oniy, Imom Termiziy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqanini qayd etib, O‘zbekistonning buyuk madaniy merosini Quvaytda targ‘ib qilish maqsadida ekanliklarini bildirgan.  

Ta’kidlash joizki, Quvayt milliy televideniyesi dasturida asl nusxasi Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mushafi to‘g‘risidagi videorolik Quvayt sun’iy yo‘ldoshlari orqali to‘rt marotaba efirga uzatilgan. Ushbu videorolik ko‘plab teletomoshabinlarga manzur bo‘lgan va ular O‘zbekiston to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot taqdim etishni so‘rab murojaat qilishgan. Shu bois Quvayt milliy televideniyesi guruhi yaqin vaqtlarda O‘zbekistonga ijodiy safar bilan kelishni rejalashtirmoqda.  

Qayd etish lozimki, xorijiy mamlakatlar vakillarining yurtimizga bo‘lgan qiziqishi ortayotgani, milliy madaniy merosimiz va buyuk allomalarimiz ilmiy merosiga nisbatan e’tibori har birimizga ulkan faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Mamlakatimizning mavjud ilmiy-madaniy salohiyatini dunyo miqyosida keng targ‘ib etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada jonlantirish dolzarb vazifalarimizdan biri bo‘lmog‘i lozim. Bu O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi imijini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …