Home / YANGILIKLAR / Turkiyadan munosabat: Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar butun musulmon dunyosida tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda

Turkiyadan munosabat: Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar butun musulmon dunyosida tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda

Turkiyaning Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori Soʻnmez Kutlu “Dunyo” AA muxbiriga Oʻzbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha oʻz munosabatini bildirdi.

– Oʻzbekiston tarixda boʻlgani kabi bugungi kunda ham tamaddun  markazi hisoblanadi, – dedi u. – Yurtingiz tarixda Movarounnahr va Turkiston nomlari bilan mashhur boʻlgan. Bu zamindan necha necha olimu ulamolar yetishib chiqdi. Ular qoldirgan maʼnaviy meros jahon tamadduniga xizmat qilmoqda. Oʻtmishda ushbu mintaqaga sayohat qilgan tarixchilar Samarqand, Buxoro, Fargʻona, Xiva kabi shaharlarning mahobatini eʼtirof etib, bu maskanlarni “islomning qubbasi” deya taʼriflagan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston ushbu zamindagi muazzam ilm markazlarini qaytadan jonlantirish uchun muhim chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Xususan, soʻnggi besh yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda ushbu markazlarda oʻzbek olimlari diniy-maʼrifiy sohadagi izchil tadqiqotlar olib bormoqda. Ishonamanki, bu kabi ilm markazlarining amaliy muvaffaqiyati natijasida Oʻzbekiston yana ilm-fan markaziga aylanadi – Uchinchi Renessans barpo etiladi. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida yurtingizdan yana moturidiylar, nasafiylar, samarqandiylar va buxoriylar yetishib chiqishiga ishonchim komil.

Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar butun musulmon dunyosida tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Oʻzbekiston va Turkiya olimlari oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Men ushbu sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.

Fursatdan foydalanib, Ramazon hayiti munosabati bilan butun Oʻzbekiston xalqini chin qalbdan tabriklayman.

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …