Home / YANGILIKLAR / Muftiy hazratlariga “Faxriy doktor” ilmiy darajasi berildi

Muftiy hazratlariga “Faxriy doktor” ilmiy darajasi berildi

Islom dini maʼrifatini keng yoyish va ilmiy faoliyatlarni eʼtirof etgan holda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi “Faxriy doktori” ilmiy darajasi berildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi aʼzolari muftiy hazratlarini samimiy muborakbod etadi.

Haqiqatan yurtimizda Islom dini maʼrifatini keng yoyish va xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishda diyorimiz olimu ulamolari, xususan muftiy hazratlarining hissalari juda ham katta. Hazrat butun umrlari davomida muborak dinimiz taʼlimotlarini tarqatish bilan shugʻullanib kelmoqdalar. U kishi Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan “Imom Buxoriy” ziyoratgoh-jome masjidi imom-xatibi, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida koʻp yillar samarali mehnat qilganlar. 2006 yilda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlanib, mana 15 yildan buyon dini mubinimiz va moʻmin-musulmonlar xizmatida boʻlmoqdalar.

Taʼkidlash joizki, muftiy hazratlari nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosidagi obroʻ-eʼtiborli ulamolardan biridir. Hazrat 2013 yilda Diniy idora tarixida ilk bor Islom olami uyushmasi taʼsis majlisining aʼzosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi aʼzosi etib saylanganlar. Shuningdek, 2021 yil 17 martdan Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hayʼati raisi hisoblanadilar.
Mana shunday xizmatlari eʼtirof etilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 1 yanvardagi Farmoniga asosan islomiy tamoyillarga sodiqligi, urf-odatlarni asrab-avaylash, yosh avlodni umuminsoniy gʻoyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qoʻshgani, muborak Islom dinining insonparvarlik gʻoyalarini keng targʻib qilib kelayotganlari uchun muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandilar.
2021 yil 19 aprelda muftiy hazratlari Davlatimiz Rahbarining 2016 yil 28 dekabrda “Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, taʼsis etilgan birinchi darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni sohibi boʻldilar.
Islom dini maʼrifatini keng tarqatish ishlar uchun Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali, Qirgʻiziston musulmonlari idorasining 1-darajali “Ыntыmoq” medali (“Ittifoq”) bilan ham taqdirlanganlar.

Soʻnggi yillarda muftiy hazratlari xalqaro eʼtibor va ehtirom sabab Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan eʼlon qilinadigan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” roʻyxatidan 12 yildan buyon munosib oʻrin egallab kelmoqdalar.

Muftiy hazratlari Islom dini maʼrifatining tolmas targʻibotchisi hamdir. U kishi yurtimiz masjid va madrasalari diniy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish, oʻquv rejalari va dasturlarini tayyorlash hamda ularni hayotga tatbiq etish ishlariga bevosita boshchilik qilmoqdalar. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda boʻlib oʻtadigan xalqaro anjumanlarda ilmiy asoslangan mazmunli maʼruzalari bilan muntazam ishtirok etmoqdalar.
Muftiy hazratlari yurtimizda chop etiladigan diniy mavzudagi gazeta-jurnallar tahrir hayʼatlarining aʼzosi, nashr etilayotgan diniy kitoblarning masʼul muharriri sifatida ham islom maʼrifati targʻibotiga katta hissa qoʻshmoqdalar. Oʻttizga yaqin asar va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalar muallifi hisoblanadilar.

Qurʼoni karim oyatlari maʼnolarini tarjima va tafsir qilish ishi juda ham mashaqqatli, masʼuliyatli va ayni vaqtda sharafli vazifadir. Shu maʼnoda, xalqimizning Qurʼoni karimga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash yoʻlida muftiy hazratlari tomonidan Qurʼoni karimning maʼnolari tarjimasi va tafsiri kitobi taʼlif etilgan “Tafsiri Irfon” kitobida Qurʼoni karim oyatlari bugungi voqeligimizga moslab, xalqchil tilda, ayni chogʻda, yuksak ilmiy mahorat bilan tarjima va tafsir etilgan.
Darhaqiqat, Islom dinining ezgu taʼlimotlarini barchaga goʻzal shaklda yetkazish savobi ulugʻ amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda Oʻz diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ تَنْصُرُوا اللَّهَ يَنْصُرْكُمْ وَيُثَبِّتْ أَقْدَامَكُمْ

“Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad, 7).
Islom dini yoʻlida soch-soqoli oqargan moʻysafid odamlar haqida Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

مَنْ شَابَ شَيْبَةً فِي الْإِسْلَامِ كَانَتْ لَهُ نُورًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ

“Islom yoʻlida kimning sochiga oq tushgan boʻlsa, Qiyomat kuni unga nur boʻladi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Islom dini ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshayogan, dovrugʻi nafaqat Oʻzbekiston balki qoʻshni va xorij mamlakatlarida ham maʼlum boʻlgan Muftiy hazratlarining serqirra faoliyatlari barchamizning faxru iftixorimizdir.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi aʼzolari nomidan muftiy Usmonxon Temirxon oʻgʻli hazratlarini Xalqaro Islom akademiyasi “Faxriy doktori” ilmiy darajasi berilgani munosabati bilan muborakbod etamiz. Alloh taboraka va taolodan u kishiga din, millat va Vatan yoʻlidagi xizmatlari va ilmiy ijodlarida muvaffaqiyatlar bardavom boʻlishini tilaymiz!

Manba: muslim.uz

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …