Home / XALQARO YANGILIKLAR / Tailand Islom markazi jamg‘armasi o‘z mamlakati musulmonlarini O‘zbekistonga safar qilishga, islom sivilizatsiyasi va tarixi durdonalari bilan tanishishga chaqirdi

Tailand Islom markazi jamg‘armasi o‘z mamlakati musulmonlarini O‘zbekistonga safar qilishga, islom sivilizatsiyasi va tarixi durdonalari bilan tanishishga chaqirdi

Tailand Islom markazi  jamg‘armasi veb-saytida «O‘zbekistonda jadal o‘zgarishlar. Islom olami Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarini qo‘llab-quvvatlamoqda» sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

 Maqola mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, shu jumladan, inson manfaatlari va diniy erkinlikni ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan.

 Qayd etilishicha, milliy qonunchilik bilan kafolatlangan e’tiqod erkinligi fuqarolarning, turli milliy va etnik guruhlar a’zolarining diniy ehtiyojlarini qondirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratdi. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq diniy tashkilotlar soni va ularning faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha cheklovlar mavjud emas.

Bundan tashqari, maqolada aytilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuzlab masjid va ibodat maskanlari qayta tiklangan, yangi inshootlar bunyod etilgan.

 Shu bilan birga, mamlakatimiz o‘rta ta’lim dasturiga «Dinlar tarixi» fani kiritilgani, u orqali maktab o‘quvchilari barcha asosiy dunyo dinlarining muhim asoslari, ma’naviy tushunchalari va qoidalari bilan tanishish imkoniyatiga ega ’kani qayd etilgan.

 Xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi, deb yozadi Tailand Islom markazi.

Maqolada bugungi kunda dunyoda O‘zbekiston haqida gapirganda, «tez o‘zgarishlar» iborasi tobora ko‘proq qo‘llanilayotganiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu so‘nggi bir necha yil ichida mamlakat rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yganligi va bu yo‘lda sezilarli yutuqlarga erishganidan dalolat beradi.

Muallif, shuningdek, Markaziy Osiyoda keskin madaniy yuksalish (IX-XV asrlar) Yevropa Uyg‘onish davridan avval (XIV-XVI asrlar) sodir bo‘lganligini qayd etadi.

«Shu bilan birga, siz bilishingiz mumkin bo‘lgan tarix takrorlanmoqda. Mintaqaning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston yana har tomonlama o‘sish va rivojlanish nuqtasiga aylandi. Bu yerda uchinchi Renessans davri poydevori yaratilmoqda», deb ta’kidlanadi maqolada.

2018 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan  2017 yil BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi qabul qilingani muhim voqea bo‘lgani ta’kidlangan. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va qisqa vaqt ichida qabul qilingan ushbu hujjatni BMTga a’zo barcha davlatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

«O‘zbekistonda diniy markazlar juda ko‘p. Masalan, islomning eng qimmatli yodgorliklaridan biri – Hazrat Usmon Mus’hafi, buyuk hadisshunos olim Imom Buxoriy maqbarasi, Naqshbandiy dafn etilgan majmua va boshqa ko‘plab muqaddas qadamjolar shular jumlasidandir. Ushbu muqaddas joylarga har yili dunyoning turli mamlakatlaridan millionlab sayyohlar tashrif buyuradi».

 Maqolada Tailand Islom markazi jamg‘armasi o‘z mamlakati musulmonlarini O‘zbekistonga safar qilishga, islom sivilizatsiyasi va tarixi durdonalari bilan tanishishga chaqirgan.

«Biz Tailand va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va xalq diplomatiyasi ko‘prigiga aylanishga tayyormiz», deyiladi maqola yakunida.

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …