Home / MAQOLALAR / IKKI OʻGIT TARIXI

IKKI OʻGIT TARIXI

Birinchi hikoya

Toʻychi bobo aytadi (otamning onasining otasi):

– Moʻlla bova (otamning otasining otasi) yoshi oʻtib qolganidan keyin jumaga (namozga) borishga yaramay qoldi. Oʻsha kezlari odamlar jumadan qaytadigan paytni poylab, darvozaning oldiga chiqib oʻtirar, oʻtayotganlardan “Ha, Falonchi, namozdan kelyapsanmi?” deb soʻrardi. “Ha, moʻlla bova!” deyishardi. U “Imom qaysi suralarni oʻqidi?” deb soʻrashda davom etardi. Haligi odamlar “Bilmasak, qaysidir suralarni oʻqidi-da”, deb javob qaytarishardi. Shunda moʻlla bova “Hay, silarning namozlaringni ham bilmadim-da”, deb qoʻyardi. Bora-bora odamlar “Imom bugun falon-falon suralarni oʻqidi, Moʻlla bova”, deydigan boʻldi.

Bu – preambula, yaʼni epigraf. Endi ambulaning oʻziga eʼtibor bering:

Ishxonamizda nafaqa yoshiga yetib qolgan hoji amaki boʻlardi. Juma kunlari kanda qilmay namozga borar edi. Bir kuni undan “Imom qaysi suralarni oʻqidi, Hoji amak?” deb soʻradim. U kishi “Bilmasam, qaysidir suralarni oʻqidi-da”, dedi beparvo. Shunda mulla boboning gaplarini aytib berdim. Hoji aka esa har juma namozdan qaytganidan keyin oldimga kirib, “Bugun imom falon va falon suralarni oʻqidi”, deb ketadigan boʻldi. “Hoji amak, sizni tergash uchun aytganim yoʻq edi, odamni xijolatda oʻldirasiz-ku”, deganlarimga qoʻymay, shu odatni tark qilmadi. “Tergading deganim yoʻq, seni bilsin dedim-da”, deb miyigʻida kulib qoʻyardi har safar.

 

Ikkinchi hikoya

 Mashrab bobo aytadi (otamning otasi):

– Sovet payti Oʻzbekistonga turli qardosh respublikalardan adiblar kelardi, biz ham ularning yurtida mehmon boʻlardik. Men koʻproq gurjilarni “otaliq”qa olardim. Bir safar gurji mehmonim “Siz, oʻzbeklar nega taomdan keyin fotiha qilasizlar, Islom shunga daʼvat qiladimi? Hamma musulmonlar ham fotiha qilmaydi shekilli?” deb soʻrab qoldi. “Boshqa musulmonlarni bilmadim-u, lekin bizda taom uchun, rizq uchun Yaratganga shukrona keltirish, ketidan yaxshi niyatlar bilan Allohga iltijo qilish qatʼiy odat boʻlib qolgan. Ehtimol, ota-bobolarimizga Islomdan oldin ham shukr va yaxshi niyat doim hamroh boʻlgandir”, dedim.

Shu bilan bu mavzu yopildi. Bir necha kundan keyin Samarqandga bordik. Ittifoqo, gurji doʻstim mehmonxonada bir oʻzi nonushta qilishiga toʻgʻri kelib qoldi. Men tongi tanovulning oxirlariga borib qoldim. Unga uzoqdan kuzatib yaqinlashardim. Shu payt ajabtovur holat roʻy berdi – mehmon dasturxonga fotiha qilib oʻrnidan turdi.

– Toʻgʻri-da, – dedi u, – kim qaysi dinga eʼtiqod qilishining nima ahamiyati bor?! Barchani birdek taomlantiruvchi Razzoqqa shukrona keltirish bandalik burchimiz, bandalik odobimiz, axir.

 Muzayyana MASHRABXON

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …