Home / YANGILIKLAR / AJDODLARIMIZGA MUNOSIB BOʻLISH — MUQADDAS BURCHIMIZ

AJDODLARIMIZGA MUNOSIB BOʻLISH — MUQADDAS BURCHIMIZ

Bismillahir rohmanir rohiym.

Yurtimiz buyuk allomalari, mutafakkirlari hamda aziz-avliyolari bilan shuhrat qozongan. Ularning boy ilmiy-maʼnaviy merosi, betakror kashfiyotlari dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish, qadamjolarni yanada obod etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida ulamolar, nuroniylar bilan boʻlib oʻtgan uchra­shuvda moʻmin-musulmonlarni va butun Oʻzbekiston xalqini ulugʻ Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.

Prezidentimiz buyuk bobokalonimizga mos qadamjoning yangi loyihasi bilan tanishish, majmuada amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirish jarayonida: Ramazon oyi — ezgu niyatlar ijobat boʻladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli boʻladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad — islomga eʼtiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib boʻlish biz uchun juda katta burch, deya taʼkidladi.

Loyihaga koʻra, majmua tarkibiga kiruvchi masjid ichki sahnining oʻzi ikki ming kvadrat metrdan oshadi. Atrofidagi sahnlar bilan masjidda bir necha oʻn ming musulmon bir vaqtning oʻzida ibodat qilishi mumkin. Bu yerda simmetrik toʻrtta mino­ra, baland ayvonlar, yoʻldan kirib kelishda xiyobon bunyod etiladi. Koʻp sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtoturargoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, kushxona qurilishi ham belgilangan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yilda bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi tashkil etilgan edi. Qurilajak yangi majmua ular bilan mutanosiblikda ulkan mahobat kasb etadi. Endi bu yerda ziyoratchilar uchun hamma sharoitlar yaratiladi.

Imom Buxoriy majmuasidagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida bobomiz maqbarasining hozirgi koʻrinishini saqlab qolishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish imkoniyati yoʻq edi. Yangi loyihada qabr atrofi kengaytirilib, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish koʻzda tutilgan.

Qayd etilishicha, majmuada qurilish ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy hovuz va bir necha yuz yillik chinorlarga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, oʻz holida saqlash uchun barcha zarur choralar koʻriladi.

Imom Buxoriy hazratlari muqaddas dinimiz ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk muhaddis. Hayoti davomida paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning hadislarini toʻplab, ularning sahihlarini ajratib, Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba — “Sahihi Buxoriy” nomi bilan mashhur hadislar toʻplamini tuzgan. Bugungi kunda ham mazkur asar butun dunyo musulmon ummati uchun nihoyatda qadrli va qimmatlidir. Shu bois, ulugʻ ajdodimizning bemisl xizmatlari alohida qadrlanadi va yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatiladi.

Hazrati paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: Mening gapimni eshitib, yodlab, soʻngra qanday eshitgan boʻlsa, ana shunday yetkazgan odamni Alloh neʼmatlantirsin, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Manbalarda yozilishicha, Imom Buxoriy hazratlari juda oz uxlar, uyqudan tashqari paytlarida esa atrofdagilar u kishini yo ustozlardan hadis eshitayotgan yoxud yozib olayotgan, oʻzlari shogirdlarga hadis aytayotgan yoki yolgʻiz oʻtirib, qoʻlda qalam bilan jamlagan hadislarining nodir joylarini qayd etib oʻtirgan holda koʻrar edi.

Bu haqda olimning shogirdi Ibn Abu Hotim bunday deydi: Buxoriy bilan safarda birga boʻlib, bir uyda tunashga toʻgʻri keldi. Oʻshanda shuning guvohi boʻldimki, u kishi bir kechaning oʻzida oʻn besh martadan yigirma martagacha uygʻonib, har gal chaqmoq toshni ishlatib chirogʻini yoqar, toʻplagan hadislarining sahihlarini ajratib, belgilab qoʻyar edi. Soʻng chiroqni oʻchirib, boshini yostiqqa qoʻyar edi.

Imom Buxoriy hadis yodlashda oʻtkir qobiliyat hamda zehnga ega boʻlgan. Oʻzining shoh asari boʻlgan “Jome us-sahih”ni taʼlif qilish oldidan jami olti yuz ming, shundan yuz ming sahih va ikki yuz ming sahih boʻlmagan hadisni yod olganini zikr etgan. Olim hadis ilmi ravnaqi yoʻlidagi buyuk xizmatlari uchun “Imom ud-dunyo” (“Dunyo imomi”) maqomiga musharraf boʻlgan.

Alloh taolo Qurʼoni karimning “Mujodala” surasi 11-oyatida bunday marhamat qiladi: Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur.

Darhaqiqat, ulugʻ ajdodimiz Imom Buxoriy rahmatullohi alayhga butun dunyo islom ummati “Amir ul-moʻminin fil hadis” — “Hadis ilmida moʻminlarning amiri”, “Shayx ul-islom” —“Musulmonlarning ustozi”, deya ehtirom koʻrsatadilar. Buyuk mujtahid olim Imom Ahmad ibn Hanbal “Xurosondan Muhammad ibn Ismoildek kishi chiqmagan”, degan.

Muso ibn Horun Hammol “Menimcha, islom ahli barchasi jamlanib, Muhammad ibn Ismoilga oʻxshash yana bir kishini yetishtirmoqchi boʻlishsa, eplay olishmaydi”, deya marhamat qilgan. Salim ibn Mujohid “Oltmish yildan beri Muhammad ibn Ismoildan koʻra faqihroq, parhezkorroq va dunyoda zohidroq odamni koʻrmadim”, deya eʼtirof etgan.

Demak, Imom Buxoriy hazratlarining merosi insoniyatning maʼnaviy boyligidir. Alloma asarlari ezgulikni, kishilar oʻrtasidagi mehr-oqibat, doʻstlik va hamjihatlikni targʻib etadi. Shu bois, bugun dunyo miqyosida buyuk muhaddis toʻplagan hadislarni oʻrganishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Oʻzbekiston, Tojikiston hamda Afgʻoniston oʻrtasida diniy-maʼrifiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash maqsadida joriy yilning 15 martida Samarqand shahrida Imom Buxoriy merosining oʻziga xos xususiyatlari mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Unda mazkur davlatlardan yetuk ulamolar, diniy soha vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mintaqamiz mamlakatlarida azaldan oʻrganib kelinayotgan Imom Buxoriy ilmiy merosining mazmun-mohiyatini batafsil ochib berish, ushbu merosning oʻziga xos xususiyatlarini bayon etish, afzalliklari va tarbiyaviy ahamiyatini keng yoritish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot gʻoyalardan himoya qilish kabi masalalar muhokama etildi.

Xalqaro anjumanda soʻzga chiqqan Afgʻoniston Islom Respublikasi irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy: “Oʻzbekiston shunday diyorki, Yer yuzidagi har bir musulmon bu tabarruk yurtning ziyoratiga oshiqadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning maqbarasini ziyorat qildik. Bu tabarruk joyda juda katta obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, qadamjolar yanada obod etilayotgani bizni gʻoyat xushnud etdi. Bularning barchasi Prezident janob Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni yanada obod, xalqni yanada farovon qilish, yuksak bilim va salohiyatli, vatanparvar, milliy qadriyat hamda anʼanalarga, ajdodlarning bebaho merosiga sadoqatli avlodni kamolga yetkazishdek ezgu orzu-umidlari roʻyobiga xizmat qilayotir. Oʻzbekiston yana ilm-fan markaziga aylanmoqda”, deya taʼkidladi.

Muxtasar aytganda, Imom Buxoriyning ilmiy merosi islom maʼrifatini oʻrganish va targʻib etishda muhim manbadir. Shunday ekan, bobomizga ehtirom sifatida qadamjolarini qaytadan bunyod etish, ul zotning asarlari mazmun-mohiyatini ochib berish, oʻziga xos xususiyatlarini bayon etish, ayniqsa, yoshlarni ulardan bahramand etish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 21 aprel, №79 (335)

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …