Home / MAQOLALAR / Savob ishda hamkorlik – iymon talabi

Savob ishda hamkorlik – iymon talabi

Odamlari kambagʻalga yordam, ilmsizga taʼlim, bemorga shifo, yetimga kafillik beradigan, zulmga qarshi kurashadigan va fisq-fasod tarqalishining oldini oladigan jamiyat saodatga erishadi.

Inson tabiatan ijtimoiy mavjudot boʻlgani uchun bu olamda yolgʻiz hayot kechirishga qodir emas. Shu bois hayoti bardavom boʻlishi uchun ayrim masalalarda oʻzgalar bilan hamkorlik qilishga majbur. Olloh taolo odamlar bir-birlari bilan hamkorlik qilishi uchun ularni turli millat va elatlar qilib yaratgan. Chunki oʻzaro hamkorlik Odam bolalari orasidagi hayot tarzining eng yaxshisi hisoblanadi. Zero, u saodat, yutuq va faol ijodkorlik uchun asosdir.

Oʻzaro hamkorlikda ish yuritish yuksak ijtimoiy qadriyat boʻlib, muvaffaqiyat siridir. Shu orqali insonlar oʻz maqsadlariga erishadi, jamiyat farovonlik va saodatda hayot kechiradi. Bunday jamiyatda mehr-oqibat, doʻstlik va ahllik hukmron boʻladi. Uning aʼzolari farovon hayot, baxtli kelajak uchun oʻzaro hamkorlikda va yelkama-yelka turib kurashadi. Yomonlik va zulmning tizginini tiyib qoʻyadi. Oʻzaro hamkorlik tufayli har bir fuqaro oʻzi yashab turgan xalq va jamiyatda qadr-qiymati va oʻrni borligini his qilib yashaydi.

Musulmon kishi oʻz birodari bilan hamkorlik qilar ekan, ikkisining harakatiga faollik qoʻshiladi. Shu bois koʻzlangan maqsadga tez va ishonch bilan erishadi. Chunki hamkorlik vaqt va mehnatni tejaydi. Xalqimizda “Yolgʻiz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dongʻi chiqmas” degan ajoyib maqol bor. Koʻpgina hadisi shariflarda ham yaxshilik va taqvo ishlarida hamkorlikka targʻib qilinganini koʻramiz. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Moʻminlar oʻzaro rahmu shafqatda, mehru muhabbatda bir jasad kabidirlar, agar uning bir aʼzosi ogʻrib qolsa, qolgan butun jasad bedorlik va isitma bilan ogʻriqqa javob beradi”; yana: “Ollohning qoʻli jamoat bilandir”; yana: Moʻmin moʻmin uchun bir-birini tutib turadigan bino kabidir”, deganlar.

Musulmonlar oʻzaro hamkorlikda yashashi uchun Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning oʻzlari barchamizga amaliy ibrat va namuna  boʻlib berganlar. U zot barcha ishlarda, shodlikda ham, qaygʻuli vaziyatlarda ham safdoshlari bilan birga boʻlganlar. Makka mushriklarining barcha tazyiqlari chogʻida haqiqiy iymon egalariga qoʻshilib ozor-aziyat chekkanlar. Ilk masjid qurilishida ularga qoʻshilib yelkalarida gʻisht, tuproq va tosh tashiganlar. Handaq jangi kuni el qatori yer qaziganlar.

Islom musulmonlarni yaxshilik va taqvoda oʻzaro hamkorlikka targʻib etadi. Bular bandani Olloh taologa yaqin qiladigan amallar jumlasidan deb belgilangan. Ayni paytda Islom bizni yomonlik va adovatda hamkorlikdan qaytargan. Olloh taolo: “Yaxshilik va taqvo yoʻlida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yoʻlida hamkorlik qilmang”, (Moida surasi, 2-oyat) degan. Mazkur oyatdagi yaxshilikdan murod uning har qanday koʻrinishidir. U bandalarning dunyo va oxiratdagi barcha manfaatini qamrab olgan. Unda bandalarning oʻzlari va Robbi bilan bogʻliq holatlari haqida soʻz ketyapti. Chunki banda mana shu ikki holat va ikki majburiyatdan ayro emas. Biri oʻzi bilan Olloh oʻrtasidagi majburiyat boʻlsa, keyingisi oʻzi bilan odamlar oʻrtasidagi majburiyatdir.

Hamkorlik yaxshilik va taqvo ishlarida boʻladi. Yaʼni har bir inson ilmi va amali bilan boshqalarga yordamchi boʻladi. Chunki odam yolgʻiz oʻzi hamma ishga ham qodir emas. Zero, Olloh taolo insoniyatni bir-biriga bogʻliq va koʻmakchi qilib yaratgan.

Borliqni yaratgan Olloh taolo insonlarning kuch-qudrati va imkoniyatlarini, iqtidori va ehtiyojlarini ham bir-biridan farqli qilib yaratdi. Shu bois kimdir kuchli, kimdir ojiz, birovi boy, boshqasi kambagʻal. Hamma vaqt va hamma zamonlarda, har bir jamiyatda badavlat va qashshoq, olim va johil, kuchli va kuchsizlar tabaqasi mavjud boʻlgan. Shu bois insonlar oʻzi yashab turgan jamiyatni saodatli qilishni istasa, bir-biri bilan hamkorlikda yashashi lozim. Rahbariyat taʼlim-tarbiya, ish oʻrni va yashash joyi, bemorlar uchun shifoxonalar hamda goʻzal hayot uchun kerak boʻladigan barcha vositalarni tayyorlab berishi lozim. Ilm ahli esa bilimsizlarga taʼlim berishi, adashganlarni toʻgʻri yoʻlga solishi kerak. Boylar oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, kambagʻallarga moliyaviy koʻmak berishi, kuchlilar zaiflarga yordam koʻrsatishi kerak.

Oʻzaro hamkorlikning samarasi jamiyat hayotida namoyon boʻladi. Aʼzolari iqtisod, farzand tarbiyasi va ota-onaga mehribonlik borasida bir-biriga hamkor boʻlgan jamoa baxtli boʻladi. Odamlari kambagʻalga yordam, ilmsizga taʼlim, bemorga shifo, yetimga kafillik beradigan, zulmga qarshi kurashadigan va fisq-fasod tarqalishining oldini oladigan jamiyat saodatga erishadi. Unda farovonlik, xotirjamlik barqaror boʻladi. Fuqarolar oʻrtasida mehr-oqibat keng tarqaladi.

Oʻzaro hamkorlik fazilatli va ezgu amal, ulugʻ va muborak mehnatdir. Poydevori mustahkam, devorlari pishiq boʻlishini xohlagan jamiyat uchun hamkorlik juda muhim. Har yerda yashashiga qaramay, oʻzaro hamkorlik sababli insonlar bir-biri bilan inoq boʻlib hayot kechiradi. Paygʻambar sallollohu alayhi vasallam: “Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, uni tashlab ham qoʻymaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Olloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Olloh uning qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Olloh qiyomat kunida uning aybini berkitadi”, deganlar. Binobarin, biz, musulmonlar namoz, zakot, roʻza kabi ibodatlarni farz deb bilganimizdek, miskinlar, beva-bechoralar, qarovchisi yoʻqlar, qoʻyingki, oʻzgalarning eʼtiboriga muhtoj hamma-hammaga yaxshilik qilishni, bu yoʻlda oʻzaro hamkorlikda ish olib borishni, bir-birimizga yelkadosh boʻlishni oʻzimizga lozim deb bilishimiz kerak. “Mehribonlarga Olloh mehribon boʻladi, boshqalarga mehribon boʻlinglar, sizlarga Osmondagi zot mehribon boʻlur”, deganlar Paygʻambar alayhissalom.

Darhaqiqat, Olloh taologa eng mahbub amal – bu musulmonning qalbiga quvonch ulashish, uning gʻamini aritish, qarzi boʻlsa, uni ado etishga yordam berish, och boʻlsa, toʻydirishdir. Bir insonning muammosini hal qilish, uning ehtiyojini taʼminlash uchun yelib-yugurish ham bir ibodat kabidir.

Shunday ekan, butun insoniyat boshiga imtihon boʻlib kelgan hozirgi murakkab sharoitda har birimiz uchun chin insoniy fazilatlarni namoyon qilish imon talabidir. Ayniqsa, muborak Ramazon oyida qoʻldan kelganicha saxovat qilish ham iymon, ham ibodat, ham katta savob, ham ibrat boʻladi. Zero, buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganidek, “Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay”.

Alouddin NEʼMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Manba: yuz.uz

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …