Home / MAQOLALAR / Mutolaaning 10 foydasi

Mutolaaning 10 foydasi

Olimlar aql va fikr tiniqligini bir umr saqlab qolishning yoʻlini allaqachon kashf qilib boʻlgan – buning uchun miyani muttasil ravishda rivojlantirish, yaʼni hamisha “mashq qildirib borish” kerak. Buning eng maqbul chorasi esa muntazam mutolaadir. Toʻgʻri, bugun miyani chiniqtirishdan koʻra unga dam berishni afzal koʻramiz – televizorga, kompyuterdagi virtual olamga “shoʻngʻiymiz”, elektron oʻyinlar oʻynaymiz. Lekin tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, inson martabasi oshishi, oilasida yaxshi munosabatlar barqaror boʻlishi, yosharishi va koʻproq umr koʻrishi uchun mutolaadan yaxshisi yoʻq ekan.

Quyida kitob oʻqishning muayyan 10 foydasini sanab oʻtamiz.

  1. Mutolaa insonning soʻz boyligini oshiradi. Turli janrlardagi kitoblarni oʻqiganda kundalik hayotda uchramaydigan soʻzlarga duch kelamiz. Qiziquvchanlik bizni ana shu soʻzlarni lugʻatdan topib, maʼno-mazmunini aniqlashga undaydi. Baʼzida esa, “yangi soʻz”ning maʼnosini jumla mazmunidan mantiqan chiqarib olamiz. Ayni paytda qaysi soʻz qanday yozilishini ham bilib olamiz.

Shu tariqa kitob mantiqni rivojlantirish va savodxonlikni oshirishda ham bizga yordam beradi.

  1. Mutolaa odamlar bilan muloqotni yaxshilaydi. Mutolaa davom etgani sayin nutqimiz rivojlanib boradi. Fikrlarimizni aniq, ravon, loʻnda ifoda eta boshlaymiz. Hikoya qilib berish koʻnikmamiz rivojlanib, qiziqarli suhbatdoshga aylanamiz, odamlarda yaxshi taassurot qoldiramiz.

Eng muhimi, kitob oʻqimaydiganlar endi bizga havas bilan qaray boshlaydi va ehtimol, mutolaaga beriladi.

  1. Mutolaa odamda oʻziga ishonchni mustahkamlaydi. Suhbat chogʻida yuksak aql-zakovatimizni (maqtanish uchun emas, balki tabiiy ravishda), koʻtarilgan mavzuni yaxshi bilishimizni namoyish eta olsak, oʻzimizga ishonchimiz ortadi, gap-soʻzlarimizdan dadillik ufurib turadi.

Demak, kitob oʻqigan odam boshini baland koʻtarib gapira oladi.

  1. Mutolaa siqilishga chek qoʻyadi. Hozirgi kunda stressga tushmagan odam yoʻq. Hayot tashvishlari ezib qoʻymasligi uchun kitob oʻqish kerak. Undagi soʻzlar boyligi, ritm, hissiyotlar asabimizni tinchlantirib, ruh va tanimizdagi siqilish va charchoqlarni ketkazadi. Uyqu oldidan qilingan mutolaa kun davomidagi tashvishlarni unutib, tiniqib dam olishimizga yordam beradi.

Televizor, kompyuter va telefonni kitobga almashtirishning goʻzal oqibati shunday.

  1. Mutolaa xotirani yaxshilab, tafakkurni rivojlantiradi. Kitob oʻqishning foydali jihatlaridan biri uning tafakkurimizga ijobiy taʼsir koʻrsatishidir. Mutolaa qilar ekanmiz, asardagi mavzuni chuqurroq anglash uchun turli mushohadalarga boramiz. Koʻz oʻngimizda koʻplab personajlar gavdalanadi, ularning xulq-atvorini “koʻramiz”, gap-soʻzlarini “eshitamiz”, atrof-tevaragiga “boqamiz”. Asar syujetini yaxlit holda miyada saqlab turish uchun gʻayriixtiyoriy ravishda (qiynalmasdan) koʻplab detal va epizodlarni hamisha yodda tutamiz.

Bularning barchasi xotira va mantiqni mashq qildiradi, tafakkurni kengaytiradi.

  1. Mutolaa Alsgeymer kasalligidan saqlanishga yordam beradi. Ilmiy tadqiqotlar natijalariga koʻra, kitob oʻqish miya xastaliklarining oldini olar ekan. Chunki, istasak-istamasak, mutolaa payti miya faolligi oshadi, ishi bir maromga tushadi.

Miyaning faolligi uning umumiy ahvolini yaxshilaydi.

  1. Mutolaa odamni yoshartiradi. Miya qarisa, odam tanasi tezroq qarishi fanda allaqachon isbotlangan. Bunga hayotda misollar koʻp. Kitob oʻqigan odamda esa, miya doimo faol boʻlib turadi, demak, yoshligini saqlaydi.

Natijada tana ham tetik saqlanib turadi va qarilik ortga surilaveradi.

  1. Mutolaa odamda ijodkorlikni oshiradi. Kreativ insonlar biror mavzuda gap ochilishi bilan darrov uch-toʻrtta ajoyib gʻoyani olgʻa surib yuboradi. Ularni qayerdan oladi, dersiz. Albatta, kitobdan oladi. Kimning hayoti, kimningdir tajribasi qanday boʻlgani, kim qaysidir sharoitda qay yoʻsinda ish tutgani – bularning barchasini kitob oʻqish orqali bilib olish mumkin.

Kitobdagi gʻoyalar va qahramonlar tajribasi hayotda albatta asqotadi.

  1. Mutolaa uyquni yaxshilaydi. Yuqorida taʼkidlanganidek, uyqu oldidan qilingan mutolaa tiniqib dam olishni taʼminlaydi. Negaki, har kuni yotishdan oldin kitob oʻqisak, tanamiz shunga oʻrganib qoladi. Alal-oqibat mutolaa organizm uchun oʻziga xos uyqu signaliga aylanadi. Yaʼni, qaysidir bosqichga (qanchadir sahifa oʻqilganidan keyin) kelganda, “endi uxlaymiz”, deydi.

Natija shu boʻladiki, uyquga ketishga qiynalmaymiz, tiniqib uxlaymiz va ertalab oʻzimizni bardam va tetik his qilamiz.

  1. Mutolaa xayolni bir joyga qoʻyib, fikrni jamlab olishga yordam beradi. Kitob oʻqish jarayonida boshqa narsalarga chalgʻimasdan asar ichiga “shoʻngʻib” ketamiz. Fikrimiz bir joyga jamlangan boʻladi. Mana shu koʻnikma hayotimizdagi boshqa holatlarda ham katta yordamchimiz boʻladi. Biror ish qilsak, diqqatimizni chalgʻitmay, qunt bilan bajarishga oʻrganamiz.

Bu esa biror masala yuzasidan qaror qabul qilishda xolislik va ratsionallikni saqlashimizga, turli vaziyatlarda oʻzimizni bosiq va vazmin tutishimizga ham yordam beradi.

Muzayyana MASHRABXON

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …