Home / MAQOLALAR / “TARIXUL KABIR”DAN FOYDALANGAN ULAMOLARNI BILASIZMI?

“TARIXUL KABIR”DAN FOYDALANGAN ULAMOLARNI BILASIZMI?

Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” asarini juda koʻplab ulamolar oʻrgangan va shu haqida risolalar yozgan. Muhammad Havo oʻzining “Manhajul Imomil Buxoriy fil jarh vat taʼdil” nomli risolasida, Doktor Odil Abdushakur Zarqiy oʻzining “Tarixul Buxoriy” kitobida, Muhammad Abdulkarim Ubayd oʻzining “Taxrijul ahadisil marfuʼatil musnada fit tarixil kabir” nomli kitobida, Ahmad Abdulloh oʻzining “Manhajul Imomil Buxoriy fit taʼlil fit tarixil kabir” nomli risolasida va Fotima Zahro Avotiy oʻzining “Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” va Ibn Abu Hotimning “al-Jarh vat taʼdil” kitoblarini orasini taqqoslash” haqidagi bahsida oʻrgangan.

Bu kitobdan juda koʻplab ulamolar foydalangan. Shulardan biri Imom Muslimdir. Abu Ahmad Hokim: “Kimki Muslim ibn Hajjojning “Ismlar va kunyalar” kitobi haqida oʻylab koʻrsa, albatta, bu kitob Muhammad ibn Ismoilning “Kunyalar” kitobidan birma-bir koʻchirilganini bilib oladi”, degan.

“Tarixul kabir” kitobidan foydalangan kishilardan yana biri Imom Termiziydir. U kishi “Al-Ilal as-sogʻir” kitobida bunday degan: “Kitobimda zikr qilingan illatlar, hadislar, odamlar va tarixlarni “Tarixul kabir” kitobidan oldim va bu maʼlumotlarning koʻprogʻi men Muhammad ibn Ismoil bilan bahs olib borgan narsalardir”, degan.

Abu Hotim va Abu Zurʼa Roziy ham “Tarixul kabir” kitobidan foydalangan. Ibn Rajab aytadi: “Soʻngra Abu Zurʼa va Abu Hotim Roziy “Tarixul kabir” kitobidan xabardor boʻlganda, uning uslubida ikkita kitob yozdilar. Birinchisi: “Kitobul jarh vat taʼdil”. Unda faqat ismlar qayd qilingan. Ikkalasi Imom Buxoriy zikr qilgan maʼlumotlarga baʼzi bir jarh va taʼdillarni ziyoda qildi. Ikkalasining kitobida jarh va taʼdil haqida Imom Buxoriy zikr qilmagan koʻp narsalar bor. Ikkinchisi: “Kitobul ilal”. Ikkalasi bu kitobda faqat illatlar haqidagi gaplarni keltirgan”.

Abu Hotim va Abu Zurʼa Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” kitobini olib oʻzlariga nisbat berganida, Abu Ahmad Hokim ikkalasini ayblagan. Abu Ahmad Hokim aytadi: “Men Ray shahrida boʻlganimda, ular Abu Hotimning oʻgʻliga Abu Hotimning “Jarh va taʼdil” kitobini oʻqib berayotganini koʻrdim. Ular oʻqib boʻlganlarida, men Ibn Abdavayhga: “Bu qanaqa kulgi? Men sizlarni Muhammad ibn Ismoilning “Tarixul kabir” kitobini shayxlaringizga oʻqib berayotganlaringizni koʻrdim. Sizlar bu kitobni Abu Zurʼa va Abu Hotimga nisbat berayapsizlar-ku”, dedim. Shunda u aytdi: “Ey, Abu Ahmad! Bilib qoʻy. Abu Zurʼa va Abu Hotimga bu kitob olib kelinganida, ikkalasi: “Bu zarur boʻlgan chiroyli ilmdir. Bizlar uchun bu kitobni oʻzimizdan boshqa odamni nomidan zikr qilishimiz yaxshi emas”, dedi. Shunda ikkalasi Abu Muhammad Abdurahmonni oʻtqizib oldi. Hatto, Abu Muhammad ikkalasidan kishilar haqida birma-bir soʻradi. Ikkalasi unga ziyoda qildi va kamaytirdi. Abdurahmon esa bu kitobni ikkalasiga nisbat berdi”.

Ibn Adiy ham oʻzining “Al-Komil fiy zuʼafoir rijal” nomli kitobida Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” kitobidan foydalangan. Bu kitobda “Tarixul kabir”dan naql qilingan koʻplab matnlar bor. Shuningdek, Imom Doraqutniy ham “Al-Ilal” nomli kitobida Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” kitobidan foydalangan.

Imom Saxoviy “Tarixul kabir” kitobidan maʼlumot olinib yozilgan kitoblarni jamlagan. Bular:

  1. Imom Doraqutniyning “Tarixul kabir kitobidagi Muhammad ismlariga ilova (qoʻshimcha)” kitobi;
  2. Abu Bakr ibn Muhibning “Tarixul kabir kitobidagi Muhammad ismlariga ilova (qoʻshimcha)” kitobi;
  3. Ibn Abu Hotimning “Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” kitobidagi xatoni bayon qilish” kitobi;
  4. Xatib Bagʻdodiyning “Al-Muvazzih li-avhamil jamʼi vat tafriq” kitobi.

“Tarixul kabir” kitobining atrofida qirq beshdan koʻproq bahs, risola va kitoblar yozilgan. Birgina kitobning atrofida buqadar koʻp risola yozilishi uning ahamiyati va qiymati naqadar buyukligini bildiradi. Lekin bu yerda barchasini batafsil keltirish imkoniyati yoʻq. Shuning uchun qisqa qilib qoʻyidagicha keltiramiz:

  1. “Tarixul kabir” kitobini tadqiq qilish va oʻrganish haqida oʻn beshga yaqin risola yozilgan;
  2. “Tarixul kabir” kitobini mukammal oʻrganish uchun yozilgan ilova (qoʻshimcha)lar haqida yettita risola bor;
  3. “Tarixul kabir” kitobidagi uslubi haqida oʻnta risola yozilgan;
  4. “Tarixul kabir”dagi hadislar va hukmlarni chiqarish haqida oltita risola yozilgan;
  5. “Tarixul kabir” bilan boshqa kitoblarning orasini taqqoslash haqida ikkita bahs yozilgan;
  6. “Tarixul kabir” kitobi haqida maʼlumot beradigan umumiy kitoblar yettitadir.

Imom Buxoriy “Tarixul kabir”ning boshida kitobdagi tarjimai hollarning tartibi haqidagi yoʻlini bayon qilib bergan. U kishi bunday dedi: “Men bu ismlarni alfavit tartibida joylashtirdim. Lekin Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ismlari hurmatidan Muhammad ismlari bilan boshladim. Muhammad ismlarini bayon qilib boʻlganimda, alfavit tartibida boshladim. Harflar oxiriga yetgancha shunday davom etdim. Mim harfini ham oʻz oʻrnida keltirdim. Soʻngra Muhammad ismli shaxslarni otalarining ismlariga koʻra alfavit tartibida ham keltirdim. Chunki, ular juda koʻp edi. Faqat oʻnta Muhammad ismli shaxsni alfavit tartibida keltirmadim. Chunki, ular Nabiy sollallohu alayhi vasallamning asʼhoblaridan edi”. Alfavit tartibida keltirilmagan oʻnta Muhammad ismli sahoba haqida kitobning boshida keltirish bilan kifoyalangan.

Albatta, “Tarixul kabir”ni Imom Buxoriyning oʻzidan juda koʻplab shogirdlari taʼlim olgan va rivoyat qilgan. Kitobni muallifga bogʻlangan sanad bilan rivoyat qilishga eʼtibor qiladigan barcha roviylar Imom Buxoriyning shogirdlariga borib taqaladi. Shuning uchun ham Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyatini hamda “Tarixul kabir”ni va uning roviylarini oʻrganish bizga koʻp manfaat keltiradi. Bu oldimizda turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …