Home / ALLOMALAR / ULAMOLAR SADRUSH SHARIʼA ILMIY UNVONI HAQIDA NIMA DЕYDI?

ULAMOLAR SADRUSH SHARIʼA ILMIY UNVONI HAQIDA NIMA DЕYDI?

Buxoro 1219 yilda Chingizxon tomonidan zabt etilgach, xarobaga aylantiriladi. Ibn Battuta taʼkidlab oʻtganidek, u yerdagi masjidlar, madrasalar va bozorlarning aksariyati vayron qilinadi, aholining hayoti qiyinlashadi. Buxorodagi bu notinchlik va beqarorlik mahbubiylar oilasi, yaʼni Ubaydulloh ibn Masʼud bobolarining Kirmonga ketishiga sabab boʻladi. Musofir yurtlarda Sadrush shariʼaning ikki bobosi vafot etadi. Shu boisdan Sadrush shariʼa Ubaydulloh ibn Masʼud ham Kirmonda ulgʻayib voyaga yetgan.

Ubaydulloh ibn Masʼud (vaf.747/1346) mahbubiylar sulolasining eng yosh vakili boʻlib, manbalarda faqih, usul va jadal ilmi sohibi, muhaddis, mufassir, grammatik olim, adib, mutakallim va mantiqchi sifatida zikr qilinadi.  Ubaydulloh oʻz ismidan koʻra koʻproq “Sadrush shariʼa al-asgʻar” ilmiy unvoni bilan mashhur boʻlgan, tanilgan. Shuningdek, fiqih haqida qiziqib, izlanuvchi kitobxon uchun sir emaski, Oʻrta asrlarda ilmu maʼrifati va taqvosi bilan tanilgan ziyolilarni biron ilmiy unvon bilan ulugʻlash ommalashgan. Ibn Battuta Xorazm shahriga qilgan safari chogʻida Ubaydulloh ibn Masʼuddan boshqa din peshvolari ham “Sadrush shariʼa” unvoni bilan mashhurligiga guvoh boʻlganini izohlab oʻtadi: “Biz Qiyot  shahriga yetdik. Yoʻlimizda moʻjaz va chiroyli Qiyotdan oʻzga manzil yoʻq. Biz shahar mavzeida muzlab qolgan hovuz yonida toʻxtadik. Bolalar muz ustida sirpanib oʻynardi. Qiyot shahri qozisi Sadrush shariʼa bizning kelganimizni eshitib, oʻz shogirdlari hamda shaharning solih va obid shayxlaridan biri Mahmud Xivaqiy qurshovida qutlashga keldi” .

Tarixchilarning aytishicha, bu kabi unvonlarning berilishiga sabab Xuroson va movarounnahrliklar boshqa mintaqadagilarga nisbatan oʻzini yuqori olib, din peshvolarini ulugʻlab, “Shamsul aimma”, “Faxrul islom”, “Sadrul islom”, “Sadru jahon”, “Tojush shariʼa”, “Burhonush shariʼa” va “Sadrush shariʼa” kabi unvonlar bilan murojaat qilgan. Iroqliklar esa, din peshvolarining hunari, mahallasi, qishlogʻi yoki qabilasiga nisbat berib, “Jassos”, “Quduriy”, “Karxiy”, “Saymariy” kabi unvonlar bilan atashni afzal koʻrgan. Bu kabi unvon bilan nomlash odati nafaqat mahbubiylar sulolasi yashagan davr, balki undan keyingi asrlarda ham urf boʻlgan. Ammo ulardan oldingi davrlarda unday boʻlmagan”.

Ammo biz hanafiy ulamolar fiqhiy masalalarda Ubaydulloh ibn Masʼud va uning bobolarining asarlariga eʼtimod qilgani uchun ushbu faxrli unvon bilan atagan, desak, xato boʻlmaydi. Chunki, hanafiy mazhabi ulamolarining kitoblarida – fiqhga doir boʻlsin, fiqh asoslariga yoki tabaqot kitoblaridan boʻlsin – Ubaydulloh ibn Masʼud Sadrush shariʼaning hurmatini oʻz oʻrniga qoʻyib zikr qilibgina qolmay, balki uning shaʼniga olqish va maqtovlar ham keltirgan. Jumladan, bizga maʼlum boʻlgan ayrim taniqli ulamolar oʻz asarlarida Sadrush shariʼa haqida bunday fikr-mulohazalar bildirib oʻtgan.

Imom Kafaviy “Kataibu aʼlamul axyar” asarida Sadrush shariʼani bunday tavsiflaydi: “U – barcha ittifoq qilgan imom, omma uchun manfaatli, shariat qonunlari himoyachisi, farʼiy va asliy masalalardagi muammolar yechimini topib, mohiyatini bayon qilib bergan allomadir. Farʼiy va asliy masalalarning shayxi, aqliy va naqliy ilmlarning bilimdoni, usulshunos faqih, munozarachi hamda xilof ilmi sohibidir. Muhaddis, mufassir va grammatik olim, qalami oʻtkir adib, mutakallim hamda mantiqchi, qadri buyuk, mavqei yuksak, zarbul masal qilinadigan darajadagi alloma, ulugʻlikni ota-bobolaridan meros olgan shaxsdir”.

Imom Qurashiy “al-Javohirul muziyya” asarida: “U usulchidir hamda turli fanlar sohibi boʻlgan buyuk imomdir”, deya tavsiflaydi.

Imom Taftazoniy aytadi: “U muhaqqiq (tadqiq qiluvchi) olim, diqqat bilan izlanuvchi bilimdon, hidoyat bayrogʻi, ilm maʼrifat manbasi, aqliy va naqliy ilmlar mezonining boshqaruvchisi, farʼiy va asliy ilmlarning tartibga soluvchisi, shariat va islom peshvosidir. Alloh uning darussalomdagi darajasini yuksaltirsin”.

Ibn Battutaning “Sayohatnoma” asarida: “Buxoroda faqih va ulugʻ olim Sadrush shariʼani uchratdim. Shu on u Hirotdan kelgan ekan. U solih va fozillardan edi”, deyiladi.

Ibn Qutlubugʻa, Ibn Hanaiy va Toshkoʻprizoda Sadrush shariʼa haqida: “U tadqiqotchi olim va diqqat bilan izlanuvchi bilimdon”, deya taʼrif beradi.

Bundan tashqari, Toshkoʻprizoda yana qoʻshimcha qilib: “Sadrush shariʼa rahimahulloh tinim bilmas ulkan ummon, choʻqqisi hali zabt etilmagan yuksak togʻ edi. Fazilat va ilm tadqiq qilish borasida katta namuna va aniqlik borasida esa ishonchli rishta edi. Alloh taolo uning ruhini shod etsin, jannat bogʻlarida uning saroylari ziyoda boʻlsin”, deya qayd etadi.

Ali Qori rahmatullohi alayh: “Ulamolarning yetakchisi, fozillar ulugʻi, farʼiy va asliy ilmlarni jamlagan va aqliy va naqliy yoʻllarning oʻrtasini birlashtirgan olimdir”, deya taʼkidlaydi.

Baʼzi tadqiqotchilar, bu unvon Ubaydulloh ibn Masʼudning katta bobosi Mahmud Tojush shariʼaning otasi Mavlono Shamsiddin Mahbubiydan meros qolgan, deya talqin qiladi. U zot 1238 yili  Buxoroda boʻlib oʻtgan Mahmud Torobiy qoʻzgʻolonining  maʼnaviy boshligʻi sifatida dong taratgan olim boʻlgan. Buxoro madrasalarida fiqhiy olim boʻlib yetishgan Shamsiddin Mahbubiy 1239-1240 yilda moʻgʻullar oʻqidan halok boʻlgan. Zamondoshlari uni “Sadrush Shariaʼ al-avval”, “Sadrush Shariaʼ al-akbar” kabi faxrli nomlar bilan atagan. Koʻpgina tarixiy asarlarda Shamsiddin Mahbubiy haqida ham yozilgan boʻlishiga qaramasdan, u zotning hayoti va faoliyati haqida toʻliq maʼlumotlar yoʻq. Qadimgi tarixiy asarlarda Mavlono Shamsiddin Mahbubiyning 1220 yilda Chingizxon Buxoroni bosib olgan, obod va ajoyib goʻzal shaharni xarobaga aylantirgan, uning aholisini shafqatsizlarcha qirgʻin etgan paytlari moʻgʻullarga qarshi olib borgan pinhoniy va oshkora kurashlari haqida bayon qilinadi.

Sadrush shariʼaning qoʻlida fiqh ilmini oʻrganib ijoza (ruxsat) olgan shaxslardan biri Abu Tohir Muhammad ibn Muhammad ibn Hasan ibn Ali Tohiriy boʻladi. Imom Kafaviy Tohiriy haqida bunday deydi: “U fatvo hayʼatining ulugʻlari, hidoyat bayroqlarini yuqori koʻtarganlarning davomchisi, tariqat sirlarining bilimdoni, haqiqat belgilarini kashf qiluvchi shaxs edi. Fiqh, usul, hadis va tafsir ilmlari bilimdonidir. Dastlab Abu Tohir  Sadrush shariʼadan ilm tahsil qilib, 745 yilning zulqaʼda oyida Buxoroda ijoza olgan…”.

Tarixiy faktlardan maʼlumki, Ubaydulloh ibn Masʼud shunchaki yoki bobolarining mavqei sabab Sadrush shariʼa deb atalmagan. Bu unvonni ayrim shaxslarga oʻxshab oʻziga sharaf boʻlish uchun ham qabul qilmagan. Aksincha, oʻtkir aqlu zakovati, ommaning hurmati va ilmiy doiralarning eʼtirofi bois shu nomga sazovor boʻlgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
  1. Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy. “Islom huquqshunosligi”. T.: T.I.U. 2002. B.175.
  2. Ibn Battuta. Sayohatnoma. T.: Sharq. 2012. – B. 366; // Rihla ibn Battuta. Robat. 1997. – B. 181.
  3. Umar Rizo Kuhola. Moʻjamul muallifiyn. Bayrut. Maktabatul musanna. 2008. – J.6. – B.246; // Mavsuʼa Fiqhiyya Kuvaytiyya. Kuvayt. Darulsalasil. 2006. – J. 3. – B. 361.
  4. Qiyot (al-Kot) Amudaryoning oʻng sohilidagi shahar. X asrda Xorazm poytaxti boʻlib, Xorazm deb ham atalardi.
  5. Ibn Battuta. Sayohatnoma. T.: Sharq. 2012. – B. 365; Rihla ibn Battuta. Robat. 1997. – B.180.
  6. Saloh Muhammad. Sharhul viqoya va Maʼahu muntaho an-niqoya aʼla Sharhil viqoya. “Muassasatul varroq”. Iordaniya. 2006. – B.27.
  7. Ubaydulloh ibn Masʼud. “Muxtasarul viqoya”. T.: Choʻlpon. 1994. B.2.
  8. Toshkoʻprizoda. Miftahus saʼoda va misbahus siyada fi mavzuʼatil ulum. Bayrut. Dorul kutubil ilmiyya. J.2. –B.171.
Abduvohid OʻROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …