Home / MAQOLALAR / Doʻst bilan obod uying!

Doʻst bilan obod uying!

Inson jamiyat aʼzosi sifatida boshqalar bilan munosabatga kirishar ekan, bu jarayonda ish, oʻqish, kundalik hayot va boshqa jabhalarda har xil odam bilan muomala qiladi. Kimdir hamkasb, kimdir oʻrtoq, kimdir tanish yo hamroh boʻladi. Bular ichida eng yaxshisi doʻstdir.

Agar siz odamni odamdan farqlamoqchi boʻlsangiz, doʻstlaringiz, birodarlaringiz va yaqin koʻrganlaringizning ismlarini yozing va oʻzingizga “u oʻzi yaxshi insonmi yoki aksinchami”, “uning doʻstligi samimiymi yoki oʻz manfaatidan boshqasini oʻylamaydimi”, “u samimiy suhbat quradimi yoki ikkiyuzlamachidek munosabatda boʻladimi”, kabi savollarni bering.

Baʼzilari xulqi yaxshi, muomalasi chiroyli, tili shirin, oʻziga dogʻ tushirmagan, lekin hech kimga nafi tegmaydi, birovning koʻnglini olmaydi. Chanqoqdan yonayotganingizda daryoda boʻlsa ham, bir piyola suv bermaydi.

Baʼzilarni yomonlarning oshnoligi yoʻldan ozdiradi, holatini oʻzgartirib, hayotini izdan chiqarib yuboradi. Baʼzi yaramaslar esa, solihlar suhbati sababli oʻzini oʻnglab oladi.

Yana baʼzilar doʻzax yoʻlida yurgan doʻstini jannat sari buradi. Allohni eslatadigan doʻst Uni unuttiradigan oshno bilan barobar emas. Fisqu-fujur oʻchogʻiga olib boradigan oʻrtoq ibodatga, masjidga yetaklaydigan doʻst kabi boʻlmas. Oʻqigan kitobini siz ham mutolaa qilishingiz uchun gapirib beradigan doʻst befoyda narsalarni sizga targʻib qilgan sherik kabi boʻlmaydi.

Mutaxassislar doʻstlarni besh turga boʻladi.

Baʼzi doʻstlar havoga oʻxshaydi – ularga doim muhtoj boʻlasiz.

Ayrimlari ovqatga oʻxshaydi – tiriklik, yashash u bilan. Lekin baʼzida u bemaza yoki hazmi qiyin boʻlishi mumkin.

Dori-darmonga oʻxshagan doʻst ham boʻladi. Achchiq, lekin baʼzida unga ehtiyoj bor.

Yana biri sharobga oʻshaydi. Ichgan odam lazzatlanadi, lekin salomatligi va sharaf-obroʻyi ketadi.

Shuningdek, baloga oʻxshagan doʻst ham boʻladi.

Havoga oʻxshagan doʻst, u imoningizga foyda, dunyongizga manfaat keltiradi. Uning doʻstligidan zavqlanasiz, suhbatidan foyda olasiz.

Ovqatga oʻxshagan doʻstga kelsak, u sizning bu dunyoyu diyonatingizga foyda keltiradi. Lekin baʼzan qoʻpolligi, yomon xulqi yo oʻjarligi bilan gʻashingizga tegadi.

Dori-darmonga oʻxshagan doʻst boʻlsa, siz ehtiyojingiz tushganda murojaat qilasiz va foydasi tegadi. Lekin uning imon-eʼtiqoddagi nuqsoni sizga xush kelmaydi va oʻzaro aloqalar chin koʻngildan, doʻstona boʻlmaydi.

Sharobga oʻxshagan doʻst sizni lazzatlar dunyosiga yetaklaydi, nafsingiz istaklarini muhayyo qiladi. Lekin xulqingizni buzadi, ikki dunyongizni barbod qiladi.

Baloga oʻxshagan kimsa na imoningizga, na dunyongizga manfaat keltiradi. Uning doʻstligidan ham, suhbatidan ham foyda yoʻq.

Demak, imon-eʼtiqodni mezon qilib olishingiz darkor. Kimning shunda foydasi boʻlsa uni mahkam ushlang.

Kimning sizga zarari yetsa, undan voz keching, yiroqlashing. Muloqot va muomalaga majbur boʻlsangiz, zarurat doirasidagina hamroh boʻling.

Imon-eʼtiqodingizga zarar qilmaydigan va dunyongizga foyda keltirmaydigan, lekin yoqimli va zavqli kishiga kelsak, bu doʻstlik zimmangizdagi amallarni bajarishingizga toʻsqinlik qilmasligi, befoyda va gunohga olib bormasligi sharti bilan uning suhbatidan bahramand boʻlish bilan kifoyalanishingiz lozim.

Erkin Vohidovning mana bu satrlarini hammamiz yaxshi bilamiz:

Doʻst bilan obod uying,

Gar boʻlsa u vayrona ham.

Doʻst qadam qoʻymas esa,

Vayronadir koshona ham.

Doʻstlik vayronani koshona qiladigan kuch ekan, bu yoʻlda hech birimiz adashmaylik.

Bahodir Mirzayev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …