Home / YANGILIKLAR / Oʻzbek va afgʻon hamkorligi yangi bosqichga koʻtariladi

Oʻzbek va afgʻon hamkorligi yangi bosqichga koʻtariladi

Avval xabar berib oʻtganimizdek, Samarqandda tashkil etilgan xalqaro konferensiyaga tashrif buyurgan Afgʻoniston delegatsiya vakillari yurtimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi.

Joriy yil 17 mart kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasida Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻofur Ahmedov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va Afgʻoniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi.

Unda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻofur Ahmedov Oʻzbekiston, Tojikiston va Afgʻoniston ulamolarining doimiy hamkorlikda ish tutishlari davlatlar oʻrtasidagi ijobiy aloqalar hamda doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, A.Ahmedov oʻz nutqida tomonlar oʻrtasida ziyorat turizmi yoʻnalishidagi aloqalarni yoʻlga qoʻyish, mazkur davlatlarning fatvo idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish kabilarga alohida urgʻu berdi. Suhbat davomida zamonaviy tahdidlar va xurujlar, jumladan, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda muntazam hamkorlik qilish, xalqlar oʻrtasidagi tinchlik va barqarorlik yoʻlida birgalikda ishlarni tashkil etish kabi masalalar ham qayd etildi.

Oʻz navbatida vazir Muhammad Qosim Halimiy Oʻzbekistonda ijtimoiy hayotning turli sohalarida, shu jumladan, diniy jabhada amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar uni hayratga solganini eʼtirof etdi. Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasida joylashgan obidalar, xususan Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi hamda ushbu markaz qurilishi jarayonlariga yuqori baho berdi. Mehmon Samarqandda tashkil etilgan xalqaro anjuman hamda afgʻon delegatsiyasiga koʻrsatilgan yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun Oʻzbekiston tomoniga samimiy minnatdorligini izhor etdi. Uchrashuvda xalqaro konferensiyada imzolangan bayonot uch mamlakat uchun ham ijobiy samaralar berishi maʼlum qilindi.

Muloqot yakunida mehmonlarga esdalik sovgʻalari ulashildi.

Manba: Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …