Home / YANGILIKLAR / Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Xalqaro ilmiy hayʼati”ning dastlabki onlayn ilmiy majlisi onlayn tarzda oʻtkazildi

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Xalqaro ilmiy hayʼati”ning dastlabki onlayn ilmiy majlisi onlayn tarzda oʻtkazildi

2021 yil 17 martda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Xalqaro ilmiy hayʼati”ning dastlabki ilmiy majlisi onlayn tarzda oʻtkazildi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Xalqaro ilmiy hayʻati”ning dastlabki onlayn ilmiy majlisi onlayn tarzda oʻtkazildi

Oʻzbekiston qadimdan ilmu maʼrifat markazi, madaniyat oʻchogʻi boʻlib kelgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek va boshqa koʻplab daholar nomi nafaqat islom, ayni vaqtda jahon sivilizasiyasi tarixida haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan.
“Xususan, X asrda samarqandlik mutafakkir, “Imom al-Xuda” (Hidoyat yoʻlining imomi) deb shuhrat qozongan Abu Mansur Moturidiy tomonidan asos solingan Moturidiya taʼlimoti butun islom olamida keng tarqalgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taraqqiyotning yangi bosqichiga intilayotgan oʻzbek xalqining maʼnaviy-maʼrifiy barkamolligini yuksaltirishga xizmat qilish bilan bir qatorda, Uchinchi Renessans davrining ilmiy poydevori vazifasini bajaruvchi ilm-maʼrifat maskanlaridan biri boʻlishi, shubhasiz.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini xalqaro miqyosda tashkil etish uchun jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan jahonning yetuk olimlari va mutaxassislari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, Imom Moturidiy va uning izdoshlari boʻlgan allomalarning hayoti va boy ilmiy-maʼnaviy merosini hamda moturidiylik taʼlimotini xalqaro jamoatchilikka yetkazish maqsadida Markazning Xalqaro ilmiy hayʼati tuzildi.
Xalqaro ilmiy hayʼati tarkibi yigirmadan ziyod mahalliy va xalqaro miqyosdagi olimlardan tashkil topgan boʻlib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Islom olami uyushmasi taʼsis majlisi aʼzosi, Butun dunyo ulamolar kengashi aʼzosi Usmonxon Alimov Xalqaro ilmiy hayʼat raisi hisoblanadi.

Xalqaro hayʼat tarkibida xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar, Markaz ilmiy xodimlari va boshqalar ishtirok etdilar.
Jumladan, Al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad, Rossiya islom universiteti rektori, Akademik Rafik Muxametshovich Muxametshin, Bosniya sobiq muftiysi, Butunjahon bosniyaliklar kongressi prezidenti, falsafa fanlari doktori – Mustafa Cherich, Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Hamza Bakriy kabi nufuzli olimlar, davlat va jamoat arboblari ishtirok etib, yigʻilish ishtirokchilari tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro jamoatchilikka yetkazish sharafli hamda masʼuliyatli vazifa ekanligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, Xalqaro hayʼat yigʻilishida Misr, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Afgʻoniston, Malayziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi mamlakatlardan 50 dan ziyod soha vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari ishtirok etdilar.
Yigʻilish ishtirokchilari Xalqaro ilmiy hayʼat faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi munosabati bilan istiqboldagi rejalar, islom olamida moʻtadil taʼlimotni keng targʻib qilish, shu jumladan, moturidiylik taʼlimotini oʻrganilishi, Markaz faoliyatini xalqaro miqyosda tashkil etish uchun jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, mutaxassislar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, xususan, xorijiy grantlarni Markaz faoliyatiga jalb etish, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya nizomining muhokamasi, Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning asl va elektron nusxalarini Markaz kutubxonasida jamlash va ularning elektron platformasini yaratish kabi muhim masalalar hamda kelgusida Markaz tomonidan amalga oshiriladigan tadqiqotlar rejasi muhokama qilindi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Moturidiy va uning izdoshlari boʻlgan allomalarning asarlari boʻyicha yagona elektron platforma yaratish taklifi Xalqaro hayʼat ishtirokchilari tomonidan moturidiylik taʼlimotini xalqaro miqyosda keng targʻib qilishdagi ulkan tashabbus sifatida baholandi. Xususan, Misrning al-Azhar universiteti doktori, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi Ahmad Saʼd Damanhuri: “Moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning asl va elektron nusxalarini Markaz kutubxonasida jamlash va ularning elektron platformasini yaratish tashabbusini sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlari va mutaxassislar uchun dolzarb ahamiyatga ega”, deb taʼkidladi.

Shuningdek, bugungi kunga qadar moturidiylik taʼlimotiga oid mingdan (1000) ziyod arab, turk, nemis va ingliz tillardagi qoʻlyozma va zamonaviy nashrlar aniqlangani ishtirokchilar tomonidan yuksak baholandi.
Kamaluddin Merjuni Malayziya islom ilmlari universiteti professori: “Tashkilotchilarga va ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiraman. Taklifim – Moturidiy ilmiy merosini oʻrganish va xorijiy tillarga tarjima qilish borasida. Taʼkidlash zarurki, Janubi sharqiy osiyoda moturidiylik taʼlimotiga katta ehtiyoj bor. Xususan, uning aqidaviy taʼlimotini oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Moturidiy merosini malay tiliga tarjima qilishni soʻragan boʻlar edim”.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaz qoshida tashkil etilgan Xalqaro ilmiy hayʼat faoliyati moturidiylik taʼlimotini jahonga tanitish hamda islom olamida moʻtadil taʼlimotni keng targʻib qilishda muhim platforma vazifasini bajaradi.
Xalqaro hayʼat aʼzolari tomonidan kelgusida oʻzaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga, hayʼat yigʻilishini doimiy tarzda oʻtkazib borishga kelishib olindi.

Manba: maturidi.uz

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …