Home / MAQOLALAR / Ayolga ehtirom — baxtli oila kaliti

Ayolga ehtirom — baxtli oila kaliti

Baxtli oila — barcha insonlarning oliy orzusi.

Bunday xonadon faqat uning aʼzolari oʻrtasidagi ehtiromga asoslangan boʻladi. Agar buning aksi boʻlsa, oila poydevori darz ketadi, ustunlari barbod boʻladi.

Ayolga ehtirom deganda, bir qator muhim tatbiqiy odoblar nazarda tutiladi.

Avvalo, ayolga ehtirom inson zotiga ehtiromdir. Unga ozor berilmaydi, xorlanmaydi, huquqlari poymol qilinmaydi. Zotan, ayolni ham Alloh taolo yaratgan, binobarin, uning qadr-qiymati va fazilatini U zotning Oʻzi belgilab qoʻygan. Shuning uchun ham u hurmatga loyiq. Shunday ekan, bu masalaga beparvo qaragan er haddidan oshgan va oʻziga zulm qilgan boʻladi.

Ayolga ehtirom – uning qalbidagi iymonga ehtirom. Chunki har bir moʻminning boshqa moʻmin zimmasida maʼlum haqlari bor. Moʻmina ayolning haqqi oʻz eriga yaqin boʻlgani hamda oʻrtalarida kelishuv borligi uchun ham yanada koʻproqdir. Agar ayol soliha va taqvodor boʻlsa, uning hurmati yana ham koʻproq va qadri yuksakroq boʻladi. Mabodo johila, yomon xulqli va odobsiz boʻlsa, uni toʻgʻrilikka daʼvat qilish lozim. Oqibatni eslatish shart. Taʼlim berish kerak.

Ayolga ehtirom – uning Alloh taolo belgilab qoʻygan haq-huquqlarini hurmat qilishdir. Ularni bekam-koʻst, hatto kamoliga yetkazib ado etishdir. Zero, Alloh taolo ayolning haq-huquqlarini unga eʼtiborsiz yondashish, beparvo qarash uchun emas, balki toʻliq ado etish, amalda tatbiq qilish uchun tayin qilgan.

Ayolga ehtirom – uning omonatini ado etish, moliyaviy haqlarini amalga oshirish, uning oʻziga tegishli boʻlgan ishlarda undan izn olish, uning shaxsiyatini, shuningdek, modomiki shariat talabiga javob berar ekan, xohish-istaklarini hurmat qilish, oʻziga tegishli ishlardagi tanlovini va hayot tarzini munosib baholashdir. Uning qoʻlidan tutib, Allohning roziligi tomon yetaklashdir.

Ayolga ehtirom – uning kichik yoshdagi bolalariga tegishli ishlar va shaxsiyatlariga munosabat yuzasidan tanlov huquqini hurmat qilish. Uning fikriga eʼtiborsiz boʻlmaslikdir. Zero, farzandlarni u otadan koʻra yaxshiroq idrok qiladi, koʻp hollarda ular nima xohlayotganlarini yaxshiroq biladi. Ota farzand tarbiyasi borasida faqat oʻzining gapini oʻtkazadigan boʻlmasligi kerak.

Ayolga ehtirom – uning uydagi qadr-qimmatini, uy ishlari va roʻzgʻor yumushlari yuzasidan tanlovini hurmat qilishdir. Zero, uy ishlari ayolning zimmasida boʻlib, u xonadonning chirogʻidir. Uy – ayolning kichik vatani.

Ayolga ehtirom – uning shaxsiyatini, his-tuygʻularini, tabiatini hurmat qilish, uni baxtli va rozi qilishga intilishdir.

Ayolga ehtirom borasida biz aytib oʻtgan odob namunalari quyidagi ijobiy natijalarga olib keladi:

— oʻgʻillarda onaga hurmat hissini paydo qiladi. Zero, er oʻgʻillar oldida masxaralab, kamsitib turadigan ona odatda kichik yoshli oʻgʻillar tarafidan ham xuddi shunday tahqirlashlarga duchor boʻladi. Oʻgʻil ulgʻaygani sari bu ishlar ham davomiylashib, izchillashib boraverdi;

— oʻgʻillarning dilida hurmat qilinadigan zot sifatida ayolning qadriyatini mustahkamlab qoʻyadi. Natijada oʻgʻillar ayolning qadrini biladigan, hurmatini joyiga qoʻyadigan, hozirgi va kelajak hayotda uni qadrlaydigan shaxslar boʻlib yetishadi;

— ona oʻgʻillariga beradigan koʻrsatmalarning qiymatini oshiradi. Ularning odob-axloqini tartibga solish, egrilikka ogʻishishning oldini olishda onaga yordam beradi;

— ota uyda boʻlmagan paytlar ona xuddi tarbiyachi, yoʻnalish beruvchi va muallimdek ish yuritadi. Demak, ayolga ehtirom uning oʻz vazifasini muvaffaqiyat bilan ado etishida kuchli omil boʻladi;

— er oʻz ayolini hurmat qilishi uning oʻz odob-axloqini ham toʻgʻrilab turadi, goʻzal fazilatlar paydo qiladi, yuksak maʼnaviy axloq bilan bezaydi;

— ayolni oʻz oilasida ham, odamlar oldida ham mukarram zot qilib qoʻyadi. Shaxsiyatini kuchli qiladi. Oʻziga ishonchini mustahkamlaydi. Qiyin vaziyatlarda aql va sabr-bardosh bilan ish tutishni, ogʻriqli damlarda bosiq va vazmin boʻlishni oʻrgatadi;

— xonadon Paygʻambar alayhissalomning yuksak, olijanob va maʼnaviy axloqlari boʻlmish islom odobi bilan ziynatlanadi. Chunki u zot oʻz ayollariga eng shirin gaplarni saralab aytar, uyning zarur ishlari masalasida ular bilan maslahat qilar edilar.

Shulardan xulosa qilib aytadigan boʻlsak, ayolga ehtirom koʻrsatilmasa, uydagi baxtiyorlik, sokinlik, goʻzal tarbiya haqida gap ham boʻlishi mumkin emas. Oʻz oʻrni boʻlmagan va qadr topmagan xonadonda hayot kechirayotgan ayol dil va tanasi bilan azob, hasrat chekib yashaydi. Ota uyini tark qilib, turmush qurganiga afsus-nadomatlar qiladi. Ayolga oʻzining dindoshi, onasi, opa-singlisi, bir umrlik jufti haloli sifatida qaramagan erkak xalqning oldida ham, Haqning oldida ham malomatga mahkumdir. Chunki ayol ham Alloh taoloning latofatli bandasidir.

Alouddin HOFIY
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
katta ilmiy xodimi
Manba: yuz.uz

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …