Home / ALLOMALAR / FIRABRLIK ULAMOLAR

FIRABRLIK ULAMOLAR

Firabr Buxoroning qadim shaharlaridan biri boʻlgan. Bu haqda Imom Samʼoniy oʻzining “Al-Ansob” asarida: “Firabr Amudaryo bilan Buxoro oʻrtasidagi shahardir. Firabr shahri bilan Amudaryoning oʻrtasidagi masofa bir farsax atrofidadir. Men Movarounnahrdan qaytayotganimda Firabrda bir necha kun turganman”, deb aytgan.

Imom Zahabiy esa oʻzining “Siyaru aʼlamin nubalo” asarida: “Firabr Buxoro qishloqlaridan biridir”, degan.

Bugungi kunda Firabr – hozirgi Turkmanistonning Lebob viloyatidagi Firabr mintaqasining maʼmuriy markazi. Firabr qadimda Tohir ibn Alining musofirxonasi (karvonsaroyi) sifatida tanilgan. U yerdan koʻplab ulamolar yetishib chiqqan. Imom Buxoriy hazratlari ham shu yerda bir muddat yashagan va dars bergan.

Abu Abdulloh Firabriy

Firabrlik eng mashhur ulamolardan biri Imom Buxoriyning oʻzidan “Sahihul Buxoriy” kitobini rivoyat qiluvchi Abu Abdulloh Firabriy (hijriy 231-320 y.)dir. Toʻliq ismi – Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator ibn Solih ibn Bishr Firabriy.

Abu Abdulloh Firabriyning tarjimai holini yozganlarning barchasi uning hijriy 231 yilda tugʻilganiga ittifoq qilishgan. U “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriydan ikki marta eshitgan. Bir marta hijriy 248 yil Firabrda va ikkinchi marta hijriy 252 yil Buxoroda eshitgan.

Imom Firabriy “Sahihul Buxoriy”ning eng mashhur roviysi boʻlib tanilgan. Chunki, insonlar hozirgacha “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriyning rivoyatidagi sanad bilan oʻrganib kelayaptilar.

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan juda koʻplab siqa (ishonchli) roviylar jamoasi rivoyat qilishgan. Ularning eng mashhurlari qoʻyidagilar: Ibn Sakan Said ibn Usmon Bazzoz Misriy (hijriy 294-353 y.), Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziy (hijriy 301-371 y.), Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad Jurjoniy (vaf. 373 h.), Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy (vaf. 376 h.), Abu Ali Muhammad ibn Umar Shabbaviy, Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad ibn Hammuvayh Saraxsiy (vaf. 381 h.), Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy (vaf. 389 h.), Shayx Abu Ali Ismoil ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hojib Kushshoniy (vaf. 391 h.) va Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Axsikatiydir.

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilganlarning eng birinchisi Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziydir. Eng oxirgisi esa Abu Ali Ismoil ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hojib Kushshoniy sanaladi.

Abu Abdulloh Firabriy: “Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifni oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi eshitgan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi”, degan.

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy Abu Abdulloh Firabriyning ushbu soʻzlarini izohlab bunday deydi: “Abu Abdulloh Firabriy bu gapini oʻzi bilgan narsaga muvofiq aytgan. Yaʼni, Abu Abdulloh Firabriy Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa hech kim qolmadi, deb oʻylagan. Lekin oʻsha paytda “Sahihul Buxoriy” kitobini rivoyat qilganlardan biri Abu Talha Mansur ibn Muhammad ibn Ali ibn Qorina Pazdaviy hayot boʻlgan. U kishi Abu Abdulloh Firabriydan toʻqqiz yil keyin, yaʼni hijriy 329 yilda vafot etgan”.

Qarangki, “Sahihul Buxoriy”ni eshitganlar orasidan Imom Firabriyga Allohning nazari tushgan. Alloh taolo unga Imom Buxoriy bilan uchrashish va undan hadis eshitish uchun bir necha sabablarni taqdir qilgan hamda uni koʻp xayrli ishlarga muyassarlik bilan xoslagan. Shu bois, u kishining rivoyati rivoyatlarning eng yaxshirogʻi, toʻliqrogʻi va sanadi oliyrogʻiga aylangan.

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy: “Bu asrda va undan oldingi asrlarda “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitishda sanadi bogʻlangan rivoyat Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator ibn Solih ibn Bishr Firabriyning rivoyatidir”, degan.

Abu Abdulloh Firabriy Qutayba ibn Said va Ali ibn Xashram Marvaziydan ham hadis eshitgan. Abu Bakr Samʼoniy oʻzining “Amoliy” asarida bunday degan: “Abu Abdulloh Firabriy Qutayba ibn Said va Ali ibn Xashram Marvaziydan hadis eshitgan. U kishi “Sahihul Buxoriy” va “Sahihul Muslim” kitoblarini Qutayba ibn Said va Ali ibn Xashram Marvaziydan rivoyat qilgan roviylar orasida bordir”.

Ibn Nuqta Abu Abdulloh Firabriyga bogʻlangan sanad bilan rivoyat qiladi: “Abu Abdulloh Firabriy: “Men hijriy 258 yili Firabrda boʻlganimda Ali ibn Xashram Marvaziydan hadis eshitgan edim”, dedi”.

Imom Zahabiy: “Abu Abdulloh Firabriy Qutayba ibn Saiddan hadis eshitgan deb hisoblagan kishi xato qilibdi. Chunki, u kishi Qutayba ibn Saidni koʻrmagan. Abu Abdulloh Firabriy hijriy 231 yilda tugʻilgan. Qutayba ibn Said esa hijriy 240 yili boshqa shaharda vafot etgan”, deb yozadi.

Shunga qaramay, koʻpchilik olimlar Abu Abdulloh Firabriy uch kishidan hadis rivoyat qilgan, deb hisoblaydi.

Birinchisi: Imom Buxoriy;

Ikkinchisi: Qutayba ibn Said;

Uchinchisi: Ali ibn Xashram Marvaziydir.

Abu Bakr Samʼoniy “Amoliy” kitobida Abu Abdulloh Firabriy Qutayba ibn Saiddan hadis eshitganiga dalil keltirgan. Buni Imom Navaviy ham “Sahihul Buxoriy”ning sharhida zikr qilgan.

Baʼzi ulamolar Imom Zahabiyning “Abu Abdulloh Firabriy va Qutayba ibn Said orasida shaharlari boshqa boʻlishi bilan birga, eshitishni uzoqlashtiradigan toʻqqiz yil bor-ku”, degan gapini xato deyishgan.

Ammo Imom Firabriyning Ali ibn Xashram Marvaziydan hadis eshitgani sobitdir. Uning tarjimai holini yozgan koʻplab ulamolar bunga dalil keltirgan. Asosiy hadis kitoblarida Abu Abdulloh Firabriyning Ali ibn Xashram Marvaziydan rivoyat qilgan hadislari bor.

Imom Bayhaqiy oʻzining “As-Sunan al-Kubro” va “Shoʻbul iymon” kitoblarida “Hofiz Abu Ahmad ibn Adiyning Abu Abdulloh Firabriydan, uning Ali ibn Xashram Marvaziy va boshqa kishilardan rivoyat qilgan hadislarni” keltirgan. Abu Abdulloh Firabriyning Ali ibn Xashram Marvaziydan hadis eshitgani “Sahihul Buxoriy”ning baʼzi nusxalarida sobitdir. Oliy sanadni talab qilgan koʻplab talabalar Abu Abdulloh Firabriydan hadis rivoyat qilgan.

Ulamolar Imom Firabriy haqida koʻplab yaxshi soʻzlarni aytishgan.

Abu Valid Bojiy (vaf. hijriy 474 y.): “Abu Abdulloh Firabriy siqa va mashhur kishidir”, degan.

Abu Muhammad Rishotiy (vaf. hijriy 547 y.): “Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy” kitobining rivoyatida asosiy tayanchdir”, deb yozgan.

Abu Bakr Samʼoniy oʻzining “Amoliy” kitobida: “Abu Abdulloh Firabriy siqa va parhezkor kishidir”, degan.

Ibn Rushayd Fihriy (vaf. hijriy 721 y.): “Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy” kitobida musulmonlarning asosiy tayanchidir”, deb qayd etgan.

Yana uning: “Abu Abdulloh Firabriy siqa, amiyn (ishonarli), “Sahihul Buxoriy” kitobida musulmonlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha boʻlgan vositasi va ularning mustahkam arqonidir”, degan taʼrifi ham bor.

Abu Abdulloh Firabriyning tarjimai holini yozgan ulamolarning deyarli barchasi uning hijriy 320 yil shavvol oyining uchinchisi, yaʼni dushanba kuni 90 yoshida Firabrda vafot etganini taʼkidlashgan.

Ammo Ibn Rushayd Fihriy “Ifadatun nasiyh” kitobida bunday deydi: “Biz Abu Abdulloh Firabriyning vafot etgan kunini Abu Zarga bogʻlangan oliy sanad bilan rivoyat qildik. Abu Zar: “Men Abu Isʼhoq Mustamliydan eshitgan edim”, dedi. Abu Isʼhoq Mustamliy: “Menga yetib kelgan maʼlumotlarga koʻra, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator Firabriy hijriy 320 yil shavvol oyining oʻninchi kuni vafot etgan”, dedi”.

Abu Muhammad Firabriy

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilgan firabrlik roviylardan biri uning nabirasi Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf ibn Mator Firabriy (vaf. hijriy 371 y.)dir.

Imom Samʼoniy “Al-Ansob” asarida uning tarjimai holini keltirib bunday deydi: “Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf ibn Mator Firabriy oʻzining bobosi Muhammad ibn Yusuf ibn Mator Firabriydan “Al-jomeʼ as-sahih” kitobini rivoyat qilgan. Undan Imom Gʻunjor rivoyat qilgan. U kishi hijriy 371 yilda vafot etgan”.

Ulamolarning tarjimai hollari bayon etilgan kitoblarda uning tarjimai holi topilmaydi. Lekin ayrimlar Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy” yoki “Manoqibi Buxoriy” deb nomlangan risolasini Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf Firabriyning yoʻliga koʻra rivoyat qilishgan. U esa ushbu risolani bobosi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriydan rivoyat qilgan.

Imom Zahabiyning “Siyaru aʼlamin nubalo” asarida “Shamoili Buxoriy” risolasini ustoz Abu Tohir Ahmad ibn Abdulloh ibn Mihravayh Forsiyga bogʻlangan sanad bilan rivoyat qilgani kelgan. Abu Tohir Ahmad ibn Abdulloh ibn Mihravayh esa: “Bizga Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf Firabriy bu risolasini rivoyat qilib bergan”, deb aytadi. Soʻngra Imom Zahabiy: “Men bu kitobda nimani rivoyat qilayotgan boʻlsam, uni Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriydan mana shu sanad bilan rivoyat qilayapman”, deb aytadi.

Xatib Bagʻdodiy oʻzining “Tarixi Bagʻdod” asarida Ahmad ibn Ali Forsiyning Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf Firabriydan Imom Buxoriyning fazilatlari haqida keltirgan baʼzi rivoyatlarni zikr qilgan. Ibn Asokir ham oʻzining “Tarixi Damashq” asarida shunga oʻxshash rivoyatlarni qayd etgan.

Muhammad ibn Xolid Firabriy

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilgan firabrlik roviylardan yana biri Muhammad ibn Xolid ibn Hasan Firabriydir. Hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻani ibn Nuqta “Takmilatul ikmal” kitobining Firabriy bobida uni tilga olgan. Imom Xattobiy oʻzining “Sahihul Buxoriy”ga yozilgan “Aʼlamul hadis” nomli sharhining avvalida uni “Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Firabriydan rivoyat qilgan roviylar qatorida zikr qilgan.

Abu Bishr Firabriy

Kichik Firabriy nomi bilan tanilgan Abu Bishr Muhammad ibn Ali ibn Abdulaziz ibn Ibrohim Firabriy Buxoroda Abul Xattob Muhammad ibn Ibrohim Tabariy va Abu Nasr Ahmad ibn Abdurahmon Roygʻdmuniydan hadis yozib olgan. Imom Samʼoniy oʻzining “Al-Ansob” asarida: “U kishi eshitgan narsalarimning hammasida menga ijoza yozib bergan edi”, degan. Kichik Firabriy hijriy 550 yil Firabrda vafot etgan.

Abu Bakr Firabriy

Yana bir alloma, shayx, siqa va Qurʼon ahlidan boʻlgan solih kishi Abu Bakr Muhammad ibn Abu Bakr ibn Oisha Muqriy Firabriydir. Imom Samʼoniy oʻzining “Al-Ansob” asarida: “Men u kishidan Firabrda baʼzi asarlarni yozib olgan edim”, degan.

Abu Mansur Firabriy

Keyingi alloma Abu Mansur Husayn ibn Ali ibn Yusuf Firabriy Abu Ali Husayn ibn Ismoil Forsiy, Abu Fazl Salmo va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. Koʻproq hadis bilan shugʻullangan va rivoyat qilgan. Hijriy 397 yil ramazon oyida vafot etgan.

Abu Ali Firabriy

Abu Ali Husayn ibn Yusuf ibn Abdulmajid Bundor Firabriy bu moʻjaz shahardan yetishib chiqqan yana bir musahhihdir. U Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziydan hadis rivoyat qilgan. Shunga binoan, Imom Termiziyning shogirdlaridan boʻlgan, deyish mumkin. U kishidan Abu Ahmad Abdulloh ibn Adiy Jurjoniy hadis rivoyat qilgan.

Abu Ubayd Firabriy

Nihoyat yana bir alloma Abu Ubayd Abdurazzoq ibn Abdulvahhob ibn Mansur ibn Muhammad ibn Fazl ibn Yusuf Firabriy faqih boʻlgan. U Hofiz Abu Fazl Ahmad ibn Ali ibn Amr Sulaymoniy Poykandiy, oʻzining ona tomondan bobosi Abu Mansur Husayn ibn Ali ibn Husayn ibn Yusuf Firabriy va boshqalardan hadis eshitgan. Undan Hofiz Abu Muhammad Abdulaziz ibn Muhammad ibn Muhammad Naxshabiy hadis rivoyat qilgan. Yaʼni, bu kishi nafaqat faqih, balki muhaddis ham boʻlgan.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …