Home / XALQARO YANGILIKLAR / “Sahihul Buxoriy” ijodkorlarni ham ilhomlantirmoqda

“Sahihul Buxoriy” ijodkorlarni ham ilhomlantirmoqda

Oʻzbekistonning madaniy va tarixiy merosi, islom dinining insonparvarlik tamoyillarini targʻib etish maqsadida 3 mart kuni Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari asosida “Islom sanʼati” xalqaro onlayn koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Tadbir Oʻzbekistonning Singapurdagi elchixonasi koʻmagida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy halqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Buyuk Britaniyaning Lester universiteti va Dacore IT masʼuliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil qilindi.

Unda qator xalqaro koʻrgazma va festivallarda qatnashgan yurtimizning taniqli usta rassomlari bilan birga yosh ijodkorlar oʻz ijod namunalari bilan ishtirok etishdi.

Koʻrgazma ishtirokchilari orasida taniqli miniatyurachi, kitobat sanʼati boʻyicha tajribali rassom, xattot, grafikachi rassom va fotosuratchi kabi yosh isteʼdod egalari bor.

Xalqaro miqyosda eʼtibor qozongan “Soʻgʻdiyona” milliy cholgʻu-asboblari kamer orkestri jamoasi koʻrgazma uchun maxsus ijod qilingan “Zikr” nomli kompozitsiyasini taqdim etdi.

Imom Buxoriyning hadis toʻplash yoʻlidagi mehnati va ilmiy izlanishlarini aks ettiruvchi ushbu koʻrgazma qator ijodkorlarni bir joyga toʻpladi. Yaʼni, ushbu tadbir uchun yaratilgan barcha sanʼat asarlari “Sahihul Buxoriy” toʻplamidan ilhomlangan sanʼat ustalarining ijod mahsullari hisoblanadi. Ularni bir xayrli maqsad – oʻz asarlari orqali islom dinining aql-zakovat, adolat, tinchlik, va bagʻrikenglikni mujassam etgan ezgu gʻoyalarini halqaro miqyosda sanʼat muxlislariga targʻib etish niyati birlashtirib turibdi.

Koʻrgazmada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov bunday tadbirlar bizning zaminda yetishib chiqqan ulugʻ allomalar merosini jahon ommasiga targʻib etish barobarida xalqlar oʻrtasidagi ilmiy va maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishga ham xizmat qilishini taʼkidladi. Markazda ajdodlarimizning asarlarini tadqiq qilish, xalqaro hamkorlik yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Muassasa tomonidan oʻtgan davr mobaynida bajarilgan ishlar va erishilgan yutuqlar aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.

– Islomda eng muhim va birlamchi omillardan biri – bu insonning nafaqat tashqi, balki ichki holatiga ham taʼsir koʻrsatuvchi poklikdir. Ushbu koʻrgazmada namoyish etilayotgan ijod namunalari odamlarni jism, tafakkur, qalb, ruh va hayot mavzularida chuqurroq mushohadaga undaydi. Eʼtiborlisi, koʻrgazmada namoyish etilayotgan asarlarning tavsifi va talqini hadislar orqali ifodalanadi. Bu esa, unga tashrif buyuruvchilar uchun islomning asosiy manbalari bilan yaxshiroq tanishishga yordam beradi, – Sh.Ziyodov.

Koʻrgazma soʻngida mavzu yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …