Home / MAQOLALAR / Yosh Buxoriyning hadis ilmiga ishtiyoqi

Yosh Buxoriyning hadis ilmiga ishtiyoqi

Muhaddislar sultoni Muhammad ibn Ismoilning hayoti hadis ilmining oltin asriga toʻgʻri keldi. Milodiy 810 yilda tugʻilgan Muhammad ibn Ismoil yoshligidan muhaddislar bilan hamnafas boʻlib voyaga yetdi. Oʻz safdoshlaridan farqi, Alloh taoloning u kishiga bergan kuchli yodlash qobiliyati edi. Kamdan-kam odamga beriladigan bunday neʼmat bilan yosh Buxoriy oʻz davridan hozirgi kunga qadar musulmon dunyosini lol qoldirib kelmoqda. Avvalo buni uning zamondoshlari ham eʼtirof etishgan. U kishi oʻzidan keyingi avlod uchun yuksak bir namuna taqdim etdiki, yoshlik yillari yoshlarimiz uchun bir maktab vazifasini bajaradi.

Muhammad ibn Ismoil bolalik paytida otasi vafot etib ketadi. Yosh Muhammad akasi Ahmad bilan onasi tarbiyasida voyaga yetdi. Imom Buxoriyga otasidan juda koʻp molu davlat meros boʻlib qolgan edi. Bu unga ilm bilan muttasil shugʻullanib, taʼlim olish imkonini berdi.

Hadis ilmi bilan shugʻullanishiga oʻziga xos sabablar mavjud. Shulardan biri onasining farzandidagi qobiliyatni anglab, muborak hadislarni yodlashga yoʻnaltirgani, otasining hadis toʻplagani va zamondosh tolibi ilmlar u kishidan hadis rivoyat qilganidir.

Bundan maʼlum boʻladiki, otasi Ismoil hadis ahlidan boʻlgan. 179/795 yili haj qilish niyatida Buxorodan chiqib, Makkaga boradi. U yerda Molik ibn Anas, Hammod ibn Zayd va Abdulloh ibn Muborak kabi mashhur muhaddislar bilan uchrashadi. Qolaversa, Muhammad ibn Ismoil yashagan muhit saodat asridan uzoqlashib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga chalkashliklar aralashgan edi. Alloh taolo oʻz hikmati bilan bu muborak missiyani u kishining qalbiga solgan boʻlsa ajab emas.

Shu sababli Imom Buxoriyda yoshligidan, boshlangʻich maktabdayoq hadis yodlashga ishtiyoqi baland edi. Bilim olish yoʻlidagi mislsiz mehnatlari sababli oʻn yoshga yetganida hadis ilmi sohasida juda katta mavqega erishib, yetmish ming hadisni yod olgan. Qolaversa, sahoba va tobiʼinlardan hadis keltiradigan boʻlsa, albatta, ularning tugʻilgan joyi, vafotlari va maskanlarini ham bilgan. Sahoba va tobiʼinlardan biror hadisni rivoyat qiladigan boʻlsa, albatta, Qurʼoni Karimdagi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridagi aslini ham yodlagan.

Xatib Bagʻdodiy oʻz sanadi ila qilgan rivoyatda Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq quyidagilarni aytadi: “Men Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyga: “Hadis talab qilishni boshlashing qanday boʻlgan?” dedim. U: “Maktabga boshlangʻich taʼlimni oʻqish uchun borganimdayoq hadis yod olishga ilhomlantirildim”, dedi. “Oʻshanda yoshing nechada edi?” dedim. “Oʻn yosh yoki undan ozroq. Oʻn yoshdan oʻtganimdan keyin maktabdan chiqib, Doxiliy va boshqalardan dars oldim. U bir kuni odamlarga hadis aytib bera turib, “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan”, dedi. Men unga: “Ey Ustoz! Abu Zubayr Ibrohimdan hadis rivoyat qilmagan”, dedim. U meni jerkib tashladi. Men unga: “Agar huzuringizda asl nusxa boʻlsa, unga qarang”, dedim. U tekshirib koʻrish uchun ichkariga kirib ketdi. Soʻngra qaytib chiqib menga: “Hoy bola! Qanday boʻladi?” dedi. “U Zubayr ibn Adiy boʻlib, Ibrohimdan rivoyat qilgan”, dedim. U mendan qalamni olib, yozganini toʻgʻirlab qoʻydi va “Rost aytasan!” dedi”. “U kishining xatolarini tuzatganingizda necha yoshda edingiz?” deb soʻralganda, Abu Abdulloh: “Oʻn bir yoshda edim. Oʻn olti yoshga yetganimda Ibn Muborak va Vakiyʼning kitoblarini yod oldim va ularning yoʻnalishlarini bildim, deb javob berdi”. Bundan maʼlum boʻladiki, Imom Buxoriy oʻzining oʻtkir zehni bilan uztozlarini ham shoshirib qoʻygan.

Imom Buxoriy Alloh taoloning ulugʻ neʼmatini, yaʼni juda oʻtkir yodlash qobiliyatini yoshligidan qadrladi, suisteʼmol qilmadi. Zarra vaqtini zoye qilmasdan, ilmga muhabbat qoʻydi. Mashaqqatlarga sabr-qanoat qildi.

Yosh Buxoriyning bu kabi fazilatlari bugungi kunimizdagi har bir yigit-qizimiz uchun juda kerakli namunadir. Yoshlarimiz ham Imom Buxoriydek ilm yoʻlida gʻayrat qilib, har bir sohada yuksak choʻqqilarini egallashga astoydil harakat qilishi kerak. Bugungi kundagi ilm olish uchun berilgan imkoniyatlardan yoshlarimiz keng foydalansa, ajab emaski, yurtimizdan yana dunyoni lol qoldiradigan olimlar chiqsa. Albatta, buning uchun Imom Buxoriydek ajdodlarimizning hayoti va ijodi, ilmiy merosini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Otabek Baxriyev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …