Home / MAQOLALAR / OʻZBЕKISTONDAGI DINIY-MAʼRIFIY SOHADAGI ISLOHOTLAR MUSULMON DUNYOSINING DIQQAT MARKAZIDA

OʻZBЕKISTONDAGI DINIY-MAʼRIFIY SOHADAGI ISLOHOTLAR MUSULMON DUNYOSINING DIQQAT MARKAZIDA

Soʻnggi 4 yil — 2016-2020 yillarni oʻz ichiga olgan davr ilmiy va ekspert doiralar tomonidan Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi deb atalmoqda. Ushbu qisqa vaqt ichida Oʻzbekistonda turli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar davlat va jamiyatning jadal rivojlanishiga erishish, xalq farovonligi va osoyishtaligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Islohotlarning huquqiy asosini yaratish, ularning izchilligiga erishish maqsadida 2017-2021 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

Harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishida diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu borada respublikada amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatimizdagi hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Bugun 34,5 millionlik Oʻzbekistan aholisini 130 dan oshiq turli millat, 16 ta diniy konfessiya vakillari tashkil qiladi. Ularning milliy oʻzligini saqlash va rivojlantirish, eʼtiqod erkinligini taʼminlashga oid huquqlari Konstitutsiya va qonunlar asosida qatʼiy kafolatlangan.

Oʻtgan qisqa vaqt davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Birinchidan, 2016 yilning 18 oktyabrida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qisqa vaqt ichida Misr, Turkiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniyadagi xalqaro islom markazlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, birgalikda yirik ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqda.

Uch yillik faoliyati davomida Markaz tomonidan buyuk allomalarimizning 30 ga yaqin asari tarjima qilindi. Xorijning yetakchi ekspertlari, islomshunos olimlari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining oʻrta asrlarga oid ilmiy merosni oʻrganishdagi faoliyatini jahonning nufuzli markazlari darajasida ekanini eʼtirof etdilar.

Yaqinda Markaz olimlari tomonidan Imom Moturidiyning dunyoga mashhur “Taʼvilot al-Qurʼon” kitobi ilk marta oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Hech mubolagʻasiz, ushbu noyob asar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1 100 yildan soʻng xalqimizga oʻz ona tilida qaytarib berildi.

Oʻzining bebaho asarlari bilan islom dini rivojiga buyuk hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi allomalarimiz asarlarini oʻrganish, tadqiq etish, oʻzbek tilida ularning tarjima va sharhlarini, tanqi-diy matnlarini tayyorlash — bu oson emas va hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Buning uchun chuqur bilim va katta tajriba, sabr va toqat kerak. Eng muhimi, Alloh bergan isteʼdod, nozik did va farosat boʻlishi zarur.

Igna bilan quduq qazishdek bunday ogʻir mehnatning barcha zahmat va mashaqqatini boshidan oʻtkazgan odamgina biladi, tushunadi. Bundan necha asrlar ilgari yozilgan, dunyoning turli mamlakatlarida saqlab kelinayotgan qadimiy kitoblarni bugungi kun talabi darajasida tayyorlash — juda murakkab jarayon. Oʻzbekiston Prezidenti ana shunday savobli amalga koʻz nuri, aql-zakovati, butun umrini sarf etayotgan olim va tadqiqotchilarimiz, diniy soha xodimlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib mehnat sharoiti yaratib berishga katta eʼtibor qaratmoqdalar.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga nisbatan oʻzining qatʼiy pozitsiyasini muxtasar ifoda qilib, jumladan shunday dedi: Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotida Oʻzbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasi haqida soʻzladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz gʻoyasi va ahamiyatiga koʻra betakror loyiha boʻlib, islom dinining ilmiy-maʼnaviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan.

Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston Prezidenti Islom sivilizatsiyasi markazi binosining qurilish maydoniga bir necha bor tashrif buyurib, uning ahamiyati, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni insoniyatning ezgu gʻoyalari ruhida tarbiyalashdagi oʻrni haqida muhim taklif va tashabbuslarni bildirdilar.

Shuningdek, Oʻzbekiston rahbari tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo 100 dan oshiq davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Ushbu rezolyutsiya bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Uchinchidan, bugungi murakkab va tahlikali davrda zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega, diniy fanlarni puxta oʻzlashtirgan mutaxassislarni tayyorlash vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu maqsadda 2018 yilda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi taʼsis etildi.

Buyuk alloma ajdodlarimizning islom ilm-fani va madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasini tadqiq etish, yoshlarni yuksak odob, maʼrifat va bunyodkorlik gʻoyalari asosida tarbiyalash ushbu taʼlim maskanining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiydek buyuk ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish maqsadida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi.

Eng zamonaviy jihozlar, pedagogik texnologiyalar bilan taʼminlangan ushbu taʼlim muassasasiga dunyoning mashhur Al-Azhar universitetidan professor-oʻqituvchilar jalb etildi. Arab-musulmon mamlakatlaridan 1 000 nomda 8 tonna hajmdagi eng soʻnggi oʻquv adabiyotlari, ilmiy manbalar olib kelindi.

Buxoro viloyatidagi mashhur diniy taʼlim muassasasining musulmon dunyosidagi oʻrni va nufuzi, diniy xodimlar tayyorlashdagi ahamiyatini eʼtiborga olib, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Qayd etish kerak-ki, Mir Arab madrasasi oʻz faoliyati davomida nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham diniy va dunyoviy bilimlarni puxta oʻzlashtirgan kadrlarni yetishtirib chiqargan. Bugun Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlardagi nufuzli ulamolar aynan Mir Arab madrasasining bitiruvchilari hisoblanadi.

Shuningdek, tabarruk Termiz zaminida buyuk muhaddis Imom Termiziy nomi bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, diniy taʼlim muassasasi faoliyat boshladi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziy allomalarning 14 ta asari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.

Musulmonlar eʼtiqodini toʻgʻrilovchi, ularni hidoyat yoʻliga boshlovchi alloma Imom Moturidiy ilmiy merosining bugungi kundagi dolzarb ahamiyatini eʼtiborga olib, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilindi.

Ushbu markazlar xalqimizga islom dinining asl taʼlimotlarini yetkazishga xizmat qilmoqda. Yoshlarimizning yot oqimlar taʼsiriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga ragʻbatlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalashda “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu gʻoyasi asosida faoliyat yurituvchi ushbu muassasalar oʻta muhim ahamiyatga ega.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekistonda diniy soha xodimlari, jumladan, imom-xatiblarning jamiyatda ahillik va barqarorlikni mustahkamlashdagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ziyoratgohlar, masjidlar, diniy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vaqf xayriya jamoat fondi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan dinu diyonatimiz, ulugʻ allomalarimizga hurmat ramzi sifatida Toshkent shahrida “Imom Termiziy”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Suzuk ota” masjid-majmualari, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Buxoroda Bahouddin Naqshband va yetti pir ziyoratgohlari, Sherobodda Imom Termiziy ziyoratgohi, Urganchda “Oxun bobo” masjidi, Xivada Pahlavon Mahmud ziyoratgohi, Nukusda “Imom eshon Muhammad” masjidi va yana koʻplab tabarruk manzillarda keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Qisqa muddatda bu maskanlar gʻoyat goʻzal va ulugʻvor qiyofa kasb etdi.

Ayniqsa, bundan ming yil oldin diniy eʼtiqod masalasida yozgan asarlari bilan adashganlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatgan Abu Muin Nasafiy bobomizning ziyoratgohi tubdan taʼmirlanib, har tomonlama obod qilindi. Buyuk allomaning “Tabsiratul adilla” nomli kitobi oʻzbek tilida nashr etildi. Bu asar bilan tanishgan odam turli soxta va zararli oqimlarning mohiyatini anglab yetadi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda imom-xatiblarning bilim va kasbiy malakasini oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Shu maqsadda, Xalqaro islom akademiyasining Malaka oshirish markazi va uning 4 ta hududiy filiali faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Unda har yili yuzlab imom-xatiblar bugungi voqelik talablaridan kelib chiqib, bilim va koʻnikmalarini oshirmoqdalar.

Beshinchidan, Movarounnahr — hozirgi Oʻzbekiston ilm-fan va madaniyatining tarixiy markazi hisoblanadi. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi allomalar, buyuk mutafakkirlar oʻz davrida Movarounnahrda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrini boshlab bergan boʻlsa, Yangi Oʻzbekistonda ushbu buyuk siymolar nomi bilan tashkil etilgan markazlar, taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari Uchinchi Renessansga ilmiy poydevor boʻlishi niyat qilindi.

Ushbu sohadagi islohotlarning yana bir muhim maqsadi — Oʻzbekistonning insoniyat sivilizatsiyasiga qoʻshgan buyuk hissasini targʻib qilish orqali yoshlarni maʼrifatga ragʻbatlantirish, innovatsion rivojlanishning boy milliy merosga asoslangan yangi taraqqiyotiga yoʻl ochish hisoblanadi.

Oltinchidan, turli yot oqimlar taʼsiriga berilib, qilgan ishidan pushaymon boʻlgan 20 mingdan ziyod fuqarolar reabilitatsiya qilindi, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, hayotda oʻz oʻrnini topishiga yordam berilmoqda.

Qilgan xatosini anglab yetgan va tuzalish yoʻliga kirgan shaxslarning oilasi bagʻriga, tinch hayotga qaytishiga imkoniyat yaratildi.

Oʻzbekiston rahbariyatining kechirimlilik va yuksak insonparvarlik siyosatining amaldagi inʼikosini Suriya va Iroqdan yurtimizga qaytarilgan fuqarolarimiz misolida ham anglab yetish mumkin. “Mehr”, “Mehr-2”, “Mehr-3” operatsiyalari natijasida 317 nafar ayollar hamda bolalar urush oʻchoqlaridan tinchlik va farovonlik oʻlkasi boʻlmish Oʻzbekistonga qaytarildi.

Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda musulmon dunyosining oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, oldimizda turgan muammolarga yechim topish va islom ummatining birdamligini mustahkamlashda musulmon mamlakatlarining imkoniyat va salohiyatini safarbar etish gʻoyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maʼnoda, biz Oʻzbekistondagi islom ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan dunyoning yetakchi islomshunoslik markazlari bilan hamkorlikda buyuk allomalarimizning ilmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar oʻtkazilmoqda.

Xususan, 2020 yilning 3-4 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi.

Konferensiyada dunyoning 15 mamlakatidan 55 nafar taniqli ulamolar, muftiylar, moturidiyshunos ekspertlar, 100 nafar mahalliy olim va tadqiqotchilar qatnashdi.

Jumladan, Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Tayyib boshchiligidagi 19 nafar misrlik nufuzli diniy arboblarning ishtiroki konferensiyaning xalqaro maqomini yanada oshirdi.

Ahmad Tayyib konferensiyaning yuqori saviyada tashkil qilingani, yuksak darajada eʼtibor koʻrsatilgani hamda “Samarqand shahrining faxriy fuqarosi” maqomiga munosib koʻrilgani uchun Oʻzbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorligini bildirdi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, soʻnggi 4 yilda mamlakatimizda keng koʻlam va yuksak ahamiyat kasb etgan diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi islohotlar Oʻzbekistonning musulmon dunyosida islom sivilizatsiyasi markazi sifatida eʼtirof etilishining muhim omili boʻlmoqda.

Shahzod ISLOMOV,
islomshunos, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 23 fevral, №38 (294)

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …