Home / YANGILIKLAR / Imom Buxoriy majmuasida rekonstruksiya ishlari olib boriladi

Imom Buxoriy majmuasida rekonstruksiya ishlari olib boriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha loyihalar bilan tanishgan edi.

Mazkur taqdimot chogʻida islom olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biri – Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari ushbu ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha boʻyicha yana bir bor oʻz tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar bergandi.

13 fevral kuni Imom Buxoriy majmuasida Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.

Qurʼon tilovat qilinib, qurbonlik amalga oshirildi.

Loyiha yuzasidan jamoatchilikka batafsil maʼlumot berildi.

Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi koʻrinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish koʻzda tutilgan.

Sakkiz ming oʻrinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida toʻrtta ulkan minora qad rostlaydi. Xalqimizga xos turmush tarzidan kelib chiqib, hozirgi ayvonlarga qoʻshimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi.

Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga toʻla mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari quriladi.

Yana bir eʼtiborli tomoni, majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, oʻz holida saqlash uchun barcha zarur choralar koʻriladi.

Majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi.

Muloqot chogʻida mazkur muqaddas qadamjoni nafaqat xalqimiz, balki dunyo ahli kelib ziyorat qiladigan maskanga aylantirishga davlatimiz rahbari doimiy ravishda alohida eʼtibor qaratayotganligi taʼkidlandi.

Jamoatchilik vakillari Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu xayrli ish zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy-maʼnaviy merosidan dunyo ahlini bahramand etish, Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishini va bu savobli ishga xalqimiz ham faol ishtirok etishini bildirdilar.

Manba: OʻzA

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …