Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING BUYUK OLIM BOʻLIB YETISHISHIDA OTA-ONASINING OʻRNI VA XIZMATLARI

IMOM BUXORIYNING BUYUK OLIM BOʻLIB YETISHISHIDA OTA-ONASINING OʻRNI VA XIZMATLARI

Islom dinida farzand tarbiyasi ibodat darajasidagi amallar qatoriga kiradi. Shu sababli donishmand ota-bobolarimiz, oqila onalarimiz farzand tarbiyasiga alohida eʼtibor berib kelgan. Tarixga nazar tashlasak, bunga juda koʻp misollarni koʻramiz. Jumladan, muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning buyuk olim boʻlib yetishishida ota-onasining ulkan xizmatlari, uzoq yillik mashaqqatlari mujassamdir.

Imom Buxoriyning otasi Ismoil ibn Ibrohim oʻz davrining yetuk muhaddislaridan boʻlib, Imom Molikning shogirdi va asʼhoblaridan sanalgan. Manbalarda uning Hammod ibn Zayd, Imom Molik ibn Anas va Abu Muoviya kabi yirik muhaddislardan hadislar rivoyat qilgani, Abdulloh ibn Muborakning suhbatida boʻlib, u zotdan tarbiya topgani haqidagi maʼlumotlar qayd etilgan. Ahmad ibn Hafs, Nasr ibn Husayn kabi iroqlik bir qancha olimlar uning shogirdlaridan boʻlgan. Alloma Ismoil ilm olish va uni tarqatish bilan bir qatorda, tijorat ishlari bilan ham shugʻullangan.

Manbalarda zikr qilinishicha, Ismoil Buxoriy oʻta taqvodor, xudojoʻy, odil inson boʻlgan. Tarixchi Ahiyd ibn Hafs: “Abu Muhammad (Imom Buxoriyning otasi) bandalikni bajo keltirayotgan mahal uni ziyorat qilishga borganimda, menga: “Bor molu dunyoimdan harom yoʻl bilan, shubhali, nopok yoʻl bilan topilgan bir dirhamni ham bilmayman”, deb iltijo qilganida, nafasim boʻgʻilib, bor vujudim uning ulugʻvorligi oldida arzimas bir narsadek tuyuldi,” deb yozgan.

Shuningdek, manbalarda Imom Buxoriyning otasi Ismoilga xos boʻlgan yana bir talay insoniy fazilatlar zikr etilib, bunday xislatlar oʻsha davrda kamdan-kam uchragani qayd qilinadi. Buyuk shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy “Batho (Makka atrofidagi tepaliklar nomi) va Yasribda (Madinada) yasalgan tanganing sayqali Buxoroda kamoliga yetdi,”[1] degan soʻzlari orqali mana shunday taqvo va ilm bilan ziynatlangan nasab ortidan Buxoroi sharifda buyuk muhaddis Imom Buxoriy yetishib chiqqaniga ishora qiladi.

Buyuk muhaddisning onasi ham taqvodor, diyonatli va oqila ayol boʻlgan. Uning asl ismi manbalarda uchramaydi. Chunki taqvodorligi va koʻp ibodat qilishi, ilmli va oqilaligi bilan tanilgani sababli el orasida asl ismi unutilib, karomat sohibasi sifatida “Duosi mustajob ayol” nomi bilan mashhur boʻlib ketgan. Imom Buxoriyning ulugʻ alloma boʻlib yetishishida otasining taqvosi-yu onasining ixlos ila qilgan duo-ibodatlarining juda katta oʻrni bor.

Tugʻilganida ota-onasi Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan tabarrukan goʻdakning ismini Muhammad deb qoʻyadi. Oradan bir necha yil oʻtib, yosh Muhammadning otasi Ismoil vafot etadi. Imom Buxoriy toʻrt yoshlar atrofida koʻzi jarohatlanib, koʻrish qobiliyatini yoʻqotadi va tabiblar harchand urinmasin, uni davolay olmaydi.

Shu oʻrinda Imom Buxoriyning onasi timsolida buyuk jasorat hamda boshqa ayollarga yuksak namuna boʻladigan ulkan bir matonat namoyon boʻladi. Ham turmush oʻrtogʻidan ayrilgan, ham farzandiga yetgan bunday musibatdan yosh Muhammadning onasi oʻzini yoʻqotib qoʻymadi. Aksincha, kunduzlari oʻgʻlining taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanib, uni ilm olishga ragʻbatlantirar, tunlarini ibodat bilan bedor oʻtkazib, Yaratgandan oʻgʻlining koʻz nurini qaytarishni tinmay iltijo qilib soʻrar edi.

Darhaqiqat, ota-bobolarimiz “Ota-ona farzand uchun eng birinchi va oliy madrasadir,” deb toʻgʻri aytgan. Oqila ayolning tarbiyasi bilan, koʻzi ojiz boʻlishiga qaramasdan, yosh Muhammadning ilmga, ayniqsa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini yod olishga ragʻbati kundan-kun oshib bordi.

Kunlardan bir kuni onasi tushida Ibrohim alayhissalomni koʻradi. U zoti sharif bu mushfiqa onaga qarab: “Ey volida! Sening behisob duolaring sharofatidan Alloh taolo oʻgʻlingga mukammal koʻrish qobiliyatini qaytardi”, deya xushxabar aytadi. Shu choq uyqudan uygʻonib oʻgʻlining qaroqlarida nur jilvalanib, koʻzlariga olam qaytadan nurafshon boʻlib turganini koʻradi. Oqila ona Alloh taologa shukrona ibodatini qilib, farzandlari haqqiga uzundan-uzun duolar aytib tong ottiradi.

Bu haqda Abu Ali Gʻassoniy bunday deydi: “Muhammad ibn Ismoil yoshligida koʻzi ojiz boʻlib qolgan. Onasi taqvodor ayol boʻlib, tushida Ibrohim Xalilullohni koʻrganida, u zot: “Behisob duolar qilib yigʻlaganingdan Alloh taborak va taolo oʻgʻlingning koʻzini qaytardi”, deydi. Ona: “Ertalab uygʻonib, Alloh oʻgʻlimga koʻzini qaytarganini koʻrdim”, degan”.

Avval yashab oʻtgan ulugʻ donishmandlarimiz: “Har bir buyuk inson ortida bir ayol bor”, deb bejiz aytmagan. Darhaqiqat, Imom Buxoriyning buyuk alloma boʻlib yetishishida onai mehribonining boshqa onalarga namuna boʻladigan darajadagi buyuk xizmatini alohida eʼtirof etmoq va ismidan sifati mashhur boʻlib ketgan bu muhtarama Ayolning hayot yoʻlini bugungi kun onalariga ibrat qilib koʻrsatmoq kerak.

Taʼlim-tarbiyani ibodat darajasidagi amal deb bilgan bir onaning beqiyos xizmati sababli bugun butun olam musulmonlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan, eng sahih rivoyatlardan bahramand boʻlib kelmoqda. Bir zabardast, fidoyi ona sababli yetishib chiqqan Imom Buxoriydek farzandning 20dan ziyod bebaho asari asrlar osha, bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelmoqda. Alalxusus, bu muhaddis allomaning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadis toʻplami butun dunyo musulmonlari tomonidan hadis ilmi sohasida eng muhim manba sifatida eʼtirof etilgan.

[1] Al-Muborakfuriy. Siyrat, 6-bet
 Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …