Home / MAQOLALAR / RIVOJLANISHNING YANGI BOSQICHI XAYRLI AMALLARGA BOY BOʻLMOQDA

RIVOJLANISHNING YANGI BOSQICHI XAYRLI AMALLARGA BOY BOʻLMOQDA

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa shukrki, 2021 yil xalqimiz uchun barakali kunlarga boy oʻtmoqda, birgalikda koʻp xayrli ishlarni bajardik, tarixiy voqealar guvohi boʻldik. Shunday munavvar kunlarda Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini nishonladik.

Bu yilgi bayram yangi bunyod etilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida, Mustaqillik monumentiga tutash maydonda boʻlib oʻtganida ham katta hikmat bor. Zero, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik saʼy-harakatlarining oʻziga xos timsoli sifatida yaratildi, Mustaqillik monumenti esa Vatanimizning 3 ming yillik tarixidan soʻzlab, ajdodlarimizning shonli yoʻli, dunyo sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi va buyuk davlatchiligimiz falsafasidan soʻzlaydi.

Prezidentimiz bayram nutqida “Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zoʻravonliklar yoʻqota olmadi. Bunga koʻhna tariximizning oʻzi guvoh”, dedi. Darhaqiqat shunday. Shu maʼnoda, istiqloldek buyuk neʼmatga erishish yoʻli naqadar murakkab boʻlgani, qanchadan-qancha ziyoli, mard, vatanparvar bobolarimiz shu kunlar umidida shahid boʻlganini eslash, ularni xotirlash, dorilomon damlar uchun dildan shukrona aytish, mustaqillikning qadriga yetish har birimiz uchun juda muhimdir.

Bugun dunyo hamjamiyatida oʻziga xos mavqega ega boʻlishimiz, muborak dinimiz, urf-odat va anʼanalarimiz qayta tiklanishi, ibodatlarni emin-erkin ado etishimiz, boy tarixiy merosimiz, mustaqillik sharofatidan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Soʻnggi besh yilda mamlakatimizda turli millat va dinlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, madaniyatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlash, tinch-totuvlikni taʼminlashga qaratilgan izchil va puxta oʻylangan siyosat olib borilmoqda.

2017 yili boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 2018 yili BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

Oxirgi yillarda diniy-maʼrifiy soha islohotiga doir jami 35 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Prezidentimizning 2 ta farmoni, 17 ta qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 15 ta qaror va 1 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.

Shu oʻrinda Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni soha faoliyatini tashkil etishda dasturulamal hujjat boʻlganini ham alohida taʼkidlash joiz.

Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilingani ham barchamizni xursand qildi. Bu qonun inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan, diniy sohada umumeʼtirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning oʻziga xos xususiyatlari va bevosita Oʻzbekistonda dinlararo munosabatlar shakllanishining tarixiy sharoitlarini oʻz ichiga olgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Hozirgi kunda mamlakatimizda masjidlar soni 2093 ta yetdi. Xususan, keyingi 5 yilda 60 ga yaqin yangi masjid ochildi, birgina joriy yilda 14 ta masjid ish boshladi. Ayni paytda barcha masjidlar kundan-kunga obod boʻlmoqda. Koʻplab masjidlar zamonaviy shaklda taʼmirlanib, xalqimizga yanada qulaylik yaratildi. Bunday xayrli ishlar qizgʻin davom etmoqda.

Taʼkidlash joiz, Islom dini rivoji yoʻlida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy, ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish maqsadida Samarqandda — Imom Buxoriy, Surxondaryoda — Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.

Toshkent shahrida barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi esa xalqimizning boy diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos oʻrin tutadigan ilm-maʼrifat markaziga aylanadi, Alloh xohlasa.

Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida Hadis, Kalom, Aqida, Tasavvuf, Fiqh ilmiy maktablari faoliyat olib bormoqda. Yangi tashkil etilgan Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Surxondaryodagi Imom Termiziy madrasasi va Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi singari oliy oʻquv yurtlarida ham malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Islohotlarning uzviy davomi sifatida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilishi diniy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Akademiya tarkibidagi malaka oshirish markazi faoliyatiga qoʻshimcha ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida uning hududiy filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham diniy soha xodimlarining zamonga mos tarzda malaka va mahoratini oshirib borishida juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz farmoni asosida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilishi mazkur sohani qoʻllab-quvvatlash uchun mustahkam zamin boʻldi. Fond tomonidan yordamga muhtoj oilalarga moddiy koʻmak berish, nogironligi bor kishilarga mehr-muruvvat koʻrsatish, olis va chekka hududlarda suv chiqarish hamda masjid, madrasa, ziyoratgohlarni obod etish, diniy soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash va diniy taʼlim muassasalari talabalari oʻquv-shartnoma toʻlovlarini toʻlab berish boʻyicha xayriya ishlari keng miqyosda amalga oshirilmoqda.

Mustaqillik yillarida 305 ming yurtdoshimiz Saudiya Arabistoniga ziyorat uchun borgan boʻlsa, shulardan 130 ming kishi Haj, 175 ming kishi esa Umra amalini bajarishga muvaffaq boʻlgan. 2018 yildan eʼtiboran Umra ziyoratini yil davomida amalga oshirish belgilandi. Haj ziyoratini tashkil qilishda ham oʻziga xos yangiliklar boʻldi. Eʼtiborlisi, Haj ibodatini bajarish kvotasi 5000 dan 7200 ga koʻpayishi natijasida 2017-2019 yillarda qariyb 21 ming 750 nafar musulmon birodarlarimiz Haj ziyoratini amalga oshirdi.

Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistonidagi hamkorlar bilan kelishib, hamyurtlarimiz Umra ziyoratini davom ettirishiga harakat qilmoqda.

Qurʼoni karimga muxlis xalqimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston musulmonlari idorasida “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi tashkil etildi, mavjud oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarida “Qurʼoni karim va tajvid” kurslari koʻpaymoqda. Ilgʻor va xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda, ushbu dasturlarni zamonaviy andozalarga solish va muqobil shaklda amaliyotga joriy etish ustida ish olib borilayotir. Zero,  Yurtboshimiz “Qurʼonni eshitish, eshita olish yuksak maʼnaviyat, maʼrifat. Qurʼon hech qachon yomonlikka daʼvat qilmaydi. Agar Qurʼoni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu — muvaffaqiyat boʻladi. Elimizga nur keladi!”, degan edi.

Diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan ishlar va boy maʼnaviy-moddiy merosimiz xorijiy davlatlarda ham katta qiziqish uygʻotib, keng hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Qoʻshni davlatlar musulmonlari idoralari va Misr Arab Respublikasidagi al-Azhar dorulfununi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Biz diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan va jadal davom etayotgan ayrim xayrli ishlarnigina tilga oldik xolos. Kelgusida ham bu boradagi ulkan islohotlar, ezgu ishlar izchil davom etishiga aminmiz.

Din targʻibotchisi, shariat peshvosi boʻlgan imom-xatiblar ham jamiyatdagi xayrli islohotlarning faol ishtirokchisiga aylangani quvonarlidir. Bugun shu yoʻlda masjidlarimizda 2 mingdan ziyod imom-xatib, 1300 dan ortiq imom noibi xizmat qilmoqda.

Zero, xalqimizning diniy-maʼrifiy savodxonligini oshirish imom-xatiblarning asosiy vazifasi sanaladi. Ular juma mavʼizalari, kundalik namozlar, mahalla va turli jamoat tashkilotlarida boʻladigan tadbirlarda ilmsizlik va yot gʻoyalarga qarshi faol kurashmoqda.

Oʻzbekiston rahbarining kechirimlilik va yuksak insonparvarlik siyosati ham tahsinga loyiq. Buni oʻtgan yillarda yuzlab yurtdoshimiz, asosan, ayollar va bolalar “Mehr” operatsiyasi doirasida urush oʻchoqlaridan tinchlik va farovonlik oʻlkasi boʻlmish Vatanimizga qaytarilgani misolida ham anglab yetish mumkin.

Shu oʻrinda Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishi ahamiyati haqida ham toʻxtalish joizdir.

Tarixiy tadbirda Prezidentimiz ham ishtirok etib, nutq soʻzladi. Jumladan, “Bankning yillik anjumani Toshkentda oʻtkazilishi oʻziga xos ramziy maʼnoga ega. Biz buni Oʻzbekistonning islom dunyosi rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, mamlakatda soʻnggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning eʼtirofi, deb hisoblaymiz”, dedi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda Oʻzbekiston zaminida yashab oʻtgan buyuk allomalarning boy ilmiy merosi nafaqat Islom dini rivoji, balki dunyoviy bilimlarni ham takomiliga yetkazib, insoniyat uchun yangi tamaddun yoʻlini ochdi.

Shu maʼnoda, ITB Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishi poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgani keyingi yillarda Oʻzbekistonning islom dunyosida mavqei yuksala borayotganidan, mintaqa davlatlari bilan doʻstona munosabatlarni oʻrnatganidan, muqaddas zaminimizda tom maʼnoda Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotganidan ham darak beradi.

Prezidentimiz oʻz nutqida ITB bilan hamkorlik nuqtai nazaridan bir qator dolzarb takliflarni ham ilgari surdiki, Alloh nasib etib, ular amalga oshsa, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.

Yangi Oʻzbekistonda diniy maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan ezgu islohotlarga kamarbasta boʻlib, Islom dini maʼrifatini keng tarannum etish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, tinchlik va osoyishtalikni, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, yosh avlodni sogʻlom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda alohida fidoyilik koʻrsatayotgan taniqli ulamolar, islomshunos olimlar, tajribali imom-xatiblar, mohir mudarrislar, faol otinoyilar va diniy soha xodimlari oʻziga xos hurmat, eʼtibor namunasi sifatida “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Alloh nasib etsa ushbu yuksak mukofotni qoʻlga kiritgan 300 ga yaqin diniy soha xodimlari mamlakatimiz ravnaqi, dinimiz rivoji, elimiz farovonligi yoʻlida yanada shijoat va gʻayrat bilan mehnat qilib, davlatimizning yuksak eʼtirofiga munosib boʻladi.

Shunday shukuhli kunlarda esdan chiqarmaylik, Alloh taolo neʼmatlarga shukr qilsak, ziyoda qilishining vaʼdasini bergan: “…agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman…” (Ibrohim surasi 7-oyat).

Darhaqiqat, kindik qoni toʻkilgan joy inson uchun hech narsaga almashtirib boʻlmaydigan qimmatli makon. Vatanni sevish faqat tilda qolib ketmasligi, balki vatandoshlar yurt ravnaqi uchun birlashishi, bir-biriga xayrihoh boʻlib, dunyo-oxiratda foydali boʻlgan ishlarga birdamlikda harakat qilishi lozim. Alloh taolo yurt taraqqiyoti va farovonligi yoʻlida olib borayotgan xayrli ishlarda barchamizga kuch-quvvat bersin!

Homidjon ISHMATBЕKOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 3 sentyabr, №177(433)

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …