Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Vatan madhi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Vatan madhi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Samarqand viloyat boʻlimi bilan hamkorlikda mehnat faxriylari, markaz xodimlari va Samarqand viloyati Payariq tumanidagi 81-son oʻrta umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirokida Istiqlolning 30 yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston – yangi renesans sari” mavzusida maʼnaviy—maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Samarqand viloyati boʻlimi rahbari Farhod Nazarov va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat boʻlimi rahbari oʻrinbosari Zuxra Eshonqulovalar soʻzga chiqib, mamlakatimizda ayniqsa soʻnggi yillarda barcha sohalarda olib borilayogan islohotlar mohiyati va samaralari, erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida toʻxtaldilar. Notiqlar shuningdek, Eng ulugʻ neʼmat – Mustaqillik yoshlar zimmasiga aʼlo oʻqish va har jabhada tashabbuskor boʻlish masʼuliyatini yuklashi, buning uchun ularga barcha imkoniyatlar yaratilayotganiga alohida urgʻu berdilar.

Shundan soʻng, tadbirning yosh ishtirokchilari – 81-maktabning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi Mohidil Abdurazzakova rahbarligida ijod mahoratini oshirayotgan bir necha oʻquvchi yoshlar tomonidan Vatan va Istiqlolni madh etuvchi sheʼrlar ijro etildi.

Tadbirning faol ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan badiiy adabiyotlar toʻplami tortiq qilindi.

Tadbir nihoyasida uning barcha yoshdagi qatnashchilari Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi kutubxonasi va muzey faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator xalqaro nufuzli tashkilot va ilmiy …