Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy merosi – bashariyatning maʼnaviy boyligi

Imom Buxoriy merosi – bashariyatning maʼnaviy boyligi

Samarqandda “Imom Buxoriy merosining oʻziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda boshqa vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Afgʻoniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri, Tojikiston Islom markazi raisi boshchiligidagi delegatsiya hamda Oʻzbekistondan ellikka yaqin taniqli ulamolar, yetuk olimlar, nufuzli universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro anjuman qatnashchilari Samarqand yoshlar markazi foyesida keyingi yillarda yurtimizdagi nashr etilgan diniy-maʼrifiy adabiyotlar, xususan, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning asarlari bilan tanishdi. Mehmonlarga bu kitoblarning chop etilishi, ayni paytda yurtimizdagi islom taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlarida buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish va targʻib etish borasida olib borilayotgan tadqiqot ishlari haqida maʼlumot berildi.

Xalqaro anjuman Qurʼon tilovati bilan boshlandi. Dastlab mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan islohotlarga bagʻishlangan maxsus film namoyish etildi. Shundan soʻng Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi A.Axmedov anjuman qatnashchilarini qutlab, mazkur tadbirning tashkil etilishi va oʻtkazilishi ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston – dunyo tamadduni va islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozongan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ajdodlarimiz merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Davlatimiz rahbarining 2017 yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida ilgari surilgan gʻoya asosida 2018 yil 12 dekabrda Bosh Assambleyaning yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi A.Axmedov.

 – Unda bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni oʻrnatish, diniy erkinlikni taʼminlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik, taʼlim, tinchlik, inson huquqlari masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani diqqatga sazovor. Aynan ushbu yoʻnalishlarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni bugun jahon jamoatchiligi koʻrib turibdi. Bu haqda gapirganda mamlakatimizda bugungi kunda 16 konfessiyaga mansub 2 ming 300 taga yaqin diniy tashkilot faoliyat koʻrsatayotgani, keyingi toʻrt yilda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi singari muassasalar tashkil etilganini taʼkidlash lozim. Prezidentning afv etish toʻgʻrisidagi 10 ta farmoni qabul qilinib, toʻrt mingdan ortiq fuqaro jazodan ozod qilindi. Toʻrt marta “Mehr” operatsiyasi oʻtkazilib, Yaqin sharq mintaqasi va boshqa urush oʻchoqlaridan 342 nafar yurtdoshlarimiz, xususan ayollar va bolalar Oʻzbekistonga qaytarildi.

Afgʻoniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy, Tojikiston Islom markazi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda va Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Oʻzbekiston, Tojikiston hamda Afgʻonistonda azaldan oʻrganib kelinayotgan Imom Buxoriy ilmiy merosining mazmun-mohiyatini batafsil ochib berish, ushbu merosning oʻziga xos xususiyatlarini bayon etish, afzalliklari va tarbiyaviy ahamiyatini keng yoritish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot gʻoyalardan himoya qilish hamda buzgʻunchi qarashlardan saqlash, shuningdek, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ijobiy yangilanishlar va oʻzgarishlarni targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan anjuman tarixiy ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

– Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlarining muqaddas Islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan alloma, – deydi Afgʻoniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy.

– Bu ulugʻ zotning asarlari bizni qiyomatga qadar toʻgʻri yoʻlga boshlaydi. Zotan bu taʼlimot hamisha insonlarni kufrga emas, hidoyatga chorlaydi. Bugun dunyoning turli mintaqalarida turli mutaasib kuchlar Islom dinini niqob qilib, oʻzlarining yot gʻoya va qarashlarini singdirishga urinayotgan, birodarkushlik qilayotgan paytda Imom Buxoriy hazratlarining gʻoya va qarashlari, boy maʼnaviy merosi butun insoniyatga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish, maʼrifat va bagʻrikenglik, ezgulikni targʻib etishda yoʻlchi yulduz boʻladi. Shuning uchun ham bugungi anjumanning qadr-qimmati juda beqiyos. Buyuk muhaddis ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish borasida keyingi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqiqatdan ham eʼtirofga munosib.

– Imom Buxoriy hazratlarining merosi bu nafaqat mintaqamiz xalqlarining, balki butun insoniyatning maʼnaviy boyligidir, – deydi Tojikiston Islom markazi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda.

– Chunki alloma asarlari faqat ezgulikni, kishilar oʻrtasida mehr-oqibat, doʻstlik va hamjihatlikni targʻib etishga xizmat qiladi. Shu jihatdan bugun dunyo miqyosida buyuk muhaddis toʻplagan hadislarni oʻrganishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston, Tojikiston va Afgʻonistonda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, oʻzaro tajriba almashish va kelgusida bajarilishi kerak boʻlgan vazifalarimizni belgilab olishda mazkur konferensiya muhim omil boʻldi. Anjuman davomida mintaqamiz davlatlari rahbarlari, xususan Oʻzbekiston va Tojikiston respublikalari Prezidentlarining Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda hamkorlik qilish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish haqidagi gʻoyalari, tashabbuslari qayta-qayta eʼtirof etildi. Va bu ishlarning, pok niyatlarning amalga oshishiga Alloh ham keng yoʻl ochayotganini alohida qayd etishimiz lozim.

– Bugun dunyo musulmon olami murakkab jarayonni boshidan kechirmoqda, – deydi Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov.

– Mutaasiblik va mazhablarni rad etish holatlari kuzatilmoqda. Bunday holatlarga qarshi Markaziy Osiyo diniy idoralari ham birgalikda kurashishimiz, bunda avvalo Imom Buxoriy singari buyuk muhaddislar, dinimiz rivojiga beqyos hissa qoʻshgan allomalar, ulamolar maʼnaviy merosiga tayanishimiz lozim.

Anjuman ishida Imom Buxoriy merosining oʻziga xos xususiyatlari, afzalliklari va moʻtadilligi, ushbu merosning millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlashdagi roli hamda mazhabsizlik va adashgan toifalarga qarshi kurashdagi ahamiyati, hozirgi kunda, xususan, Markaziy Osiyo xalqlarining deyarli barchasi uzoq yillardan beri ushbu hadislarga amal qilib kelishi kabi afzal jihatlar keng muhokama qilindi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida din va eʼtiqod erkinligi, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, yaxshi qoʻshnichilik va hamjihatlik, diniy va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari, ularning tinchlik va barqarorlikka tahdidi hamda ularga qarshi kurashish asoslari ham soha vakillarining diqqat markazida boʻldi.

Anjuman soʻnggida xalqaro konferensiyaning yakuniy bayonoti muhokama etildi hamda ishtirokchilar tomonidan qabul qilindi.

Bayonotda Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi xususan, hadisshunoslik ilmini rivojlantirishdagi ulkan xizmatlarini inobatga olib, allomaning boy ilmiy merosini hamkorlikda oʻrganish va tadqiq etish, alloma asarlarining izohli nashrlarini amalga oshirish, uning hayoti, faoliyati va maʼnaviy merosi tarbiyaviy ahamiyatiga bagʻishlangan risolalar yaratish, bugungi kun uchun muhim boʻlgan masalalar, jumladan, din va eʼtiqod erkinligi, diniy va milliy qadriyatlar, islom dinining tinchlikparvar va insonparvar mohiyatini keng tushuntirish, xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot gʻoyalardan himoya qilish hamda buzgʻunchi qarashlardan saqlashga qaratilgan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.

Anjuman doirasida xalqaro konferensiya ishtirokchilarining Samarqanddagi muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalarga sayohati uyushtirildi. Mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishishdi. Bu kabi anjumanlarni muntazam oʻtkazishga kelishildi.

Manba: OʻzA

Check Also

Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator xalqaro nufuzli tashkilot va ilmiy …