Home / HADIS / RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM QOʻRQQAN FITNA

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM QOʻRQQAN FITNA

(Bir hadis sharhi)

Fitnalar har doim boʻlib kelgan. Bunday ishlardan eng yomoni nohaqdan shirk va kufrda ayblashdir. Buning oqibatida odamlar tinchligi buziladi. Odamlarning jonu molini halol qilib olish, tartibsizlik keltirib chiqarish va muqaddas islom nomidan terroristik harakatlarni amalga oshirish shular jumlasidandir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizni yaxshilikka qanday buyurgan boʻlsalar, yomonlikdan ham shunday qaytarganlar va ogoh etganlar. 

أَنَّ حُذَيْفَةَ حَدَّثَهُ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : إِنَّ مَا أَتَخَوَّفُ عَلَيْكُمْ رَجُلٌ قَرَأَ الْقُرْآنَ حَتَّى إِذَا رُئِيَتْ بَهْجَتُهُ عَلَيْهِ ، وَكَانَ رِدْئًا لِلْإِسْلَامِ ، غَيَّرَهُ إِلَى مَا شَاءَ اللَّهُ ، فَانْسَلَخَ مِنْهُ وَنَبَذَهُ وَرَاءَ ظَهْرِهِ ، وَسَعَى عَلَى جَارِهِ بِالسَّيْفِ ، وَرَمَاهُ بِالشِّرْكِ ، قَالَ : قُلْتُ : يَا نَبِيَّ اللَّهِ ، أَيُّهُمَا أَوْلَى بِالشِّرْكِ ، الْمَرْمِيُّ أَمِ الرَّامِي ؟ قَالَ : بَلِ الرَّامِي

Huzayfa aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening sizlar uchun eng qoʻrqqanim, bir kishi Qurʼonni qiroat qilib yuradi. Hatto uning goʻzalligi koʻrinib qoladi. Islomga yordamchi boʻladi. (Soʻng) uni Alloh xohlagunicha oʻzgartirib, undan chiqib ketadi va orqasiga uloqtiradi. (Soʻng) qilich bilan qoʻshnisiga harakat (tahdid) qiladi va uni shirkda ayblaydi”, dedilar. Men: “Ey Allohning nabiyi, ulardan qay biri shirkka yaqin, ayblanganimi yo ayblaganimi?” deb soʻradim. U zot: “Ayblagani”, dedilar” (Buxoriy va Ibn Hibbon rivoyat qilgan).

Bu hadisni Huzayfa ibn Yamon rivoyat qilgan. U fitnalar haqidagi hadislar mutaxassisi hisoblanadi. U: “Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yaxshilik haqida soʻrardi, men esa fitna yetib qolishidan qoʻrqib shu haqda soʻrardim”, degan. Shubhasiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan fitnalar haqida maʼlumotga ega boʻlish, undan saqlanishga sabab boʻladi. U zot kelajakda boʻladigan ishlarni oʻzlaridan toʻqimaganlar. Balki bu oʻtmish, hozir va kelajakni biluvchi Alloh taolo tomonidan qilingan vahiydir. Zero, Paygʻambar alayhissalom faqat vahiyni gapirganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu hadislarida kelajakda boʻladigan munofiqlarning qiliqlari haqida soʻzlamoqda. Shuningdek, moʻmin kishini kufrga chiqarishdan ehtiyot boʻlishga chaqirmoqda.

“Bir kishi Qurʼonni qiroat qilib yuradi. Hatto uning goʻzalligi koʻrinib qoladi”, yaʼni harflarini joyidan chiqarib, yaxshi qiroat qiladi. Odamlar undan xato topolmaydi. Uni koʻrgan kishi havas qiladigan darajada boʻladi. “Islomga yordamchi boʻladi”, yaʼni islomning tarafdori, himoyachisi boʻlib, har qanday shaklda qoʻllab-quvvatlaydi. Shubhasiz, Qurʼonu hadislardan soʻzlaydigan va din libosini kiygan mana shunday kishining aytganlarini odamlar tezda tasdiqlaydi va unga ishonadi. (Soʻng) uni Alloh xohlagunicha oʻzgartirib, undan chiqib ketadi va orqasiga uloqtiradi”, yaʼni kun kelib, odamlar koʻz oʻngida chiroyli koʻringan kishi Allohning irodasi bilan badbaxtga aylanadi. Qurʼoning maʼnolarini oʻzgartirib talqin qiladi, oyatlarni oʻz oʻrnidan boshqa joyda ishlatadi. Qurʼondan bilganlarini ortiga tashlab qoʻyadi. (Soʻng) qilich bilan qoʻshnisiga harakat (tahdid) qiladi va uni shirkda ayblaydi”, qoʻshnisi deganda, xoh u yon qoʻshnisi, xoh birodari boʻlsin barcha musulmonlar nazarda tutilgan. Yaʼni ularga qurol koʻtaradi va kofirga chiqaradi. Huzayfa “Ey Allohning nabiyi, ulardan qay biri shirkka yaqin, ayblanganimi yo ayblaganimi?” deb soʻraganida, u zot: “Ayblagani”, deb javob berganlar.

Ali roziyallohu anhu davrida chiqqan xavorijlar bunday toifadagi odamlarning birinchisidir. Ularning izdoshlari hozir ham mavjud, kelajakda ham boʻladi. Ular doimo odamlar va jamiyatga zarar yetkazadi. Buzgʻunchilikdan boshqa ish qilmaydi. Ularning masjid, madrasa va maktab qurganini hech kim koʻrmagan. Odamlarning baxtli yashashi uchun jon kuydirmaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni ogoh etgan toifa haqida bilish uchun har bir inson maʼrifatli boʻlishi lozim. Shu toifadagi odamlardan boʻlib qolishdan ehtiyot boʻlaylik.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ALLOH ZAMON VA MAKONDAN OLIYDIR

Mushabbiha va karromiylar: “Alloh taolo Arsh ustini makon tutgan. U boshqa jismlarga oʻxshamagan bir jismdir. …