Home / FOTO LAVHALAR / Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bilan hamkorlikda “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusida oʻtkazilayotgan seminar-trening davom etdi.

Mamlakatimizning turli burchaklaridan taʼlim, fan va madaniyat muassasalari olim va tadqiqotchilari, Markaz ilmiy xodimlari va Fransiya, Turkiya hamda Qirgʻizistondan kelgan olimlar ishtirokida oʻtgan anjumanning ikkinchi kuni qoʻlyozmalarni tadqiq etishga oid nazariy qism bilan boshlandi. Unda qoʻlyozmalarning kichik, oʻrta va yirik formatlariga keng oʻrin ajratildi. Taʼkidlanishicha, ulardan eng koʻp tarqalgani oʻrta formatlar boʻlib, koʻproq Qurʼon namunalari ushbu format toifasiga kiradi. Foydalanish qulayligi uchun ushbu format keng ommalashgan.

Seminarning asosiy treneri Mari Eftimiyu Qurʼon qoʻllanmalariga ham alohida toʻxtaldi. Ularning ikki, yaʼni hattotlar tomonidan va taʼlim jarayonida talabalar tomonidan koʻchirilgan turlari mavjud boʻlib, qogʻoz sifati, husnixat va boshqa jihatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Tadqiqotchi Qurʼonning yurtimiz fondlarida saqlanayotgan nusxalari haqida toʻliqroq maʼlumot berdi. Murabbiy Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalariga xos boʻlgan talablarning tavsifi, ularning vujudga kelish tarixi va bugungi kundagi restavratsiya ishlarida tutgan oʻrniga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Trening asosiy qismi nazariy mashgʻulotlardan iborat boʻldi. Ishtirokchilar Markaz fondida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari misolida manbalarni kodikologik jihatdan oʻrganish amaliyotini bajardi. Bunda qogʻozning tayyorlanishi, bu jarayon natijasida qolgan izlar, qogʻoz tarkibi, tikilishi, muqovalash shakllari, qay davrga mansubligi vizual tarzda oʻrganildi. 

Kunning ikkinchi yarmida seminar oʻz ishini Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasida davom ettirdi. Uning asosiy qismida muzeyning restavrator xodimlari qoʻlyozmalarni tiklash boʻyicha tajribalarini bayon qildi. Ishtirokchilar muzey faoliyati va unda saqlanayotgan eksponatlar va qoʻlyozmalar bilan yaqindan tanishdi.

Seminar chin maʼnoda qizgʻin munozaralar paneliga aylandi. Unda ishtirokchilar nazariy va amaliy bilim va koʻnikmalar orttirish bilan birga ish tajribasida kasbiy faoliyatga doir uchrayotgan toʻsiq va muammolar hamda ularning yechimlarini atroflicha muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldi.

Ishtirokchilarga tashkilotchilarning tegishli sertifikatlari topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

«TURK ABRUSI TARIXI»

22-may, 2024-yil soat 10:00 da Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi …