Home / MAQOLALAR / OLLOHQULI BAHODURXONNING NOYOB MUSʼHAFI

OLLOHQULI BAHODURXONNING NOYOB MUSʼHAFI

Markaz qoʻlyozmalar fondi soʻnggi yillar mobaynida nodir asarlar bilan boyib bormoqda. Mahalliy aholidan xarid qilingan qoʻlyozma kitoblar orasida Xiva xoni Ollohquli Bahodurxonning (taxm.1794-1842) boʻyrugʻi bilan koʻchirilgan Qurʼoni karim ham mavjud boʻlib, u №344 raqam bilan fondda saqlanmoqda.

Asar nisbatan yaxshi saqlangan. Unda oʻsha davrning kitobat sanʼatida qoʻllangan nafis, bejirim naqshlarning mukammal namunalarini koʻrish mumkin. Ollohquli Bahodurxon Muhammad Rahimxon I ning (taxm. 1775-1825) oʻgʻli boʻlib, Xiva xonligi tarixida muhim iz qoldirgan hukmdorlardan biri hisoblanadi. Taxtga oʻtirganidan soʻng iqtisodiy, madaniy, maʼrifiy sohalarda va bunyodkorlik boʻyicha koʻplab islohotlar olib borgan. Xiva shahrida bugungi kunda ham qad rostlab turgan purviqor binolarning barpo boʻlishiga homiylik qilgan. Bu yangilanishlar Muhammad Rizo Ogahiyning “Riyozud davla” asarida tilga olingan. Koʻp hukmdorlar Musʼhafi sharifdan nusxa koʻchirtirib, madrasa, masjid, xonaqohlarga vaqf qilgan amir va xonlar, elchilarga hadya qilgan.

Kitob insoniyat tarixida ixtiro qilingan eng buyuk kashfiyotlardan biridir. Kitob bilimlar xazinasi va uni avloddan-avlodga oʻtkazuvchi manba sifatida uzoq tarixiy taraqqiyot bosqichini oʻtagan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, bugungi koʻrinishdagi kitob dastlab eramizning birinchi asrida shakllangan[1]. Shuningdek, noyob asarlarga ehtiyojning oshishi VII asrda Samarqand qogʻozining kashf qilinishi hamda Markaziy Osiyoda kitobat sanʼatining rivojlanishiga sabab boʻlgan. “Ollohquli Bahodurxonning Qurʼoni” kichik hajmli – 18×12 sm. 127 varaqdan iborat. Asar Samarqand qogʻoziga qora siyohda Buxoriy nasx[2] xatida kitobat qilingan. Matn 13 qatordan, zarhal ramkaga olinib, yirik va mayda harflarda yozilgan. Ayrim sahifalarining hoshiyasida keltirilgan tajvid qoidalariga oid maʼlumotlar hamda oyatlardagi mad (choʻzish) belgilari qizil siyohda yozilgan. Har oʻn varagʻida “Vaqf in kitobi unvon, Ollohquli Bahodurxon 1245”(1829) muhri bosilgan.

Kitobni bezash jarayonida muzahhib[1] varaqlarning hoshiyasiga har juz uchun qizil, lojuvard, zarhal muhr bilan naqshlar chizgan. Shuningdek, suralarning nomlari kichik ramkaga olingan, zarhal unvon va baʼzi mashhur suralar islimiy (oʻsimliksimon shakldagi takrorlanuvchi taqsimlardan tuzilgan asosiy naqsh turi. Islimiy bir-biriga uzluksiz ulanib, oʻralib ketadigan chirmoviqsimon, oʻsimliksimon naqshlarning takrorlanishidan tashkil topadi. Shuning uchun baʼzan ustalar uni oʻrama yoki oʻsimliksimon naqsh deb ham ataydi)[2] naqshlar bilan bezatilgan. Nusxa toʻliq emas, ayrim varaqlari namlikdan zararlanib, qoraygan. Muqovasi jigarrang mato bilan qoplangan. Bunday muborak, qimmatli manbalarni asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish va ularning elektron nusxalarini jamlash hozirgi kunda manbashunos olimlar oldidagi dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

[1] Sulaymonova Z. Kitobat sanʼati. – T.: 2016. – B. 1.
[2] Mir Ubayd Buxoriy ixtiro kilgan.
[3] Muzahhib – zarhal beruvchi usta
[4] https://qomus.info/encyclopedia/cat-i/islimiy-uz
Iroda DAURBЕKOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

Tavfiqning tavsifi haqida soʻzimizni davom ettirar ekanmiz, gunoh va yomon ishlardan saqlanish ham Alloh tavfiq …