Home / XALQARO YANGILIKLAR / DINDA GʻULUVGA KЕTMASLIK UCHUN MAʼRIFATLI BOʻLISH KЕRAK

DINDA GʻULUVGA KЕTMASLIK UCHUN MAʼRIFATLI BOʻLISH KЕRAK

9 noyabr kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Misrning Al-Azhar universiteti professori, Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi oʻqituvchisi Shayx Mahmud Hasan ishtirokida “Dinda gʻuluv hamda uning shaxs va jamiyatga salbiy taʼsiri” mavzusida xalqaro onlayn seminar boʻlib oʻtdi.

Dastlab Markaz direktori Shovosil Ziyodov ishtirokchilarni maʼruzachi bilan qisqacha tanishtirdi.

Shayx Mahmud Hasan dinda gʻuluvga ketishning qoralangani va taqiqlangani haqida oyat va hadislardan dalillar keltirib, buning salbiy oqibatlarini, shaxs va jamiyat uchun xatarli jihatlarini yoritib berdi.

Gʻuluv islom diniga toʻgʻri kelmaydi. Hurfikr, aqlli insonning tabiati ham uni koʻtara olmaydi. Chunki, gʻuluv odamlarda diniy amallardan malollanishni keltirib chiqaradi, baʼzilar hatto ibodatlarni tark etishgacha boradi.

Olimning taʼkidlashicha, aynan gʻuluvga ketish holatlari tufayli islom diniga nisbatan turli boʻhtonlar yogʻdirilmoqda. Boshqa dinlar haqida gap ketganda ishlatilmaydigan “terrorizm” va “radikalizm” kabi atamalar faqat islom haqida soʻz ochilganda quloqqa chalinyapti. Bunga, albatta, manqurtlashgan kimsalarning botil gʻoyalarni shior qilib olib amalga oshirayotgan buzgʻunchilik va qoʻporuvchiliklari, begunoh odamlarni halokatga uchratayotgani sabab boʻlmoqda.

Qurʼoni karimda moʻmin inson moʻtadil boʻlishi kerakligi haqida bir qancha oyatlar bor, gʻuluv esa qatʼiyan qoralanadi.

Bu illat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida ham uchrab turgan, ammo u zot oʻsha insonlarning bu xatosini darhol tuzatib qoʻyganlari uchun sezilmas darajada boʻlgan.

Shayx Mahmud Hasanning fikricha, dinni mahkam ushlash bilan unda gʻuluv ketishning oʻrtasidagi farqni ajratib olish u qadar mushkul, qiyin emas. Buning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga, salafi solihlar tutgan yoʻlga sodiq boʻlish kerak, xolos. Yaʼni, ilmli, maʼrifatli boʻlish, duch kelgan gʻoya va shiorga koʻr-koʻrona ergashib ketavermaslik lozim.

Gʻuluv shu qadar chalgʻituvchi illatki, hatto Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhum davrida ham uchrab turgan. Aynan gʻuluv oqibatida islom olamida turli buzgʻunchi oqim va toifalar vujudga kelgan.

Misrlik olim gʻuluvga ketishning omillari haqida ham soʻz yuritdi. Uning aytishicha, ularning eng asosiylari shariat hukmlarini bilmaslik, dinni yaxshi tushunmaslik, kimlargadir koʻr-koʻrona taassub qilish, sharʼiy amallarni pisand etmasdan nuqsonga yoʻl qoʻyish, oyat va hadislarga yuzaki yondashish, muhkam oyatlarni beeʼtibor qoldirib, mutashobih oyatlarga diqqat qaratish, ixtilofli masalalar yuzasidan keraksiz bahs-munozaralarga berilib ketishdir. Baʼzan faqirlik va muhtojlik, yoshlarning tarbiyasiz va qarovsiz qolib ketishi ham ayrimlarning yoʻldan ogʻishiga sabab boʻladi. Shuning uchun Qurʼoni karimda ilm oʻrganish va oʻrgatish, miskinlarga yordam berish va yetimlarning boshini silash kabi ezgu ishlar eng savobli amallar darajasiga koʻtarilgan.

Shayx Mahmud Hasan ishtirokchilarning mavzu yuzasidan bergan savollariga javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …