Home / MAQOLALAR / ILM MASHAQQATLI JARAYONLARNI YENGIB OʻTISHNI OSONLASHTIRADI

ILM MASHAQQATLI JARAYONLARNI YENGIB OʻTISHNI OSONLASHTIRADI

Bugungi shiddatli axborot asrida yosh avlod tarbiyasiga jiddiy qarash zaruriy ehtiyojga aylandi. Shunday ekan, yurtimizda ham muhim islohotlar olib borilayotgan bir paytda, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilganidek, davr talablariga mos, har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli, tashabbuskor, zamonaviy texnologiyalarni mukammal oʻzlashtirgan, shijoatli va iqtidorli yoshlarni tarbiyalash eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Bunda yoshlarni ilmga qiziqtirish, ularga toʻgʻri yoʻnalish berish, ustozlar bilan ishlashini tashkil qilish, turli sohalarga oid bilimlarini, ayniqsa, kasb-hunar egallashga boʻlgan intilishini ragʻbatlantirib borish oʻqituvchi-murabbiylar oldidagi muhim vazifadir.

Ilm – bilmoq, oʻqimoq, tanimoq kabi maʼnolarni bildiradi. Istilohda esa ilm deganda bir narsani voqelikda qanday boʻlsa, shunday idrok qilish tushuniladi. Luqmoni Hakim “Ilm oʻrgan, zero, faqir chogʻingda u mol, boy vaqtingda jamol – ziynat”, deydi. Oʻgʻliga shunday nasihat qiladi: “Ey oʻgʻlim, sen olimlar bilan oʻtir. Ularning orasiga kir. Chunki Alloh taolo yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi, qalblarni hikmat nuri bilan tiriltiradi”.

Bugungi taʼlim jarayonida yoshlarning ilm oʻrganish yoʻlida nimalarga ahamiyat qaratishlari lozimligi muhim masala boʻlib qolmoqda. Hozirgi holatda yoshlarning maktab, litsey yoki oliygohda oʻqishlaridan qatʼiy nazar ilm yoʻlidagi barcha saʼyi-harakatlari koʻproq ergashuvchan xarakterga ega boʻlib, asosan oʻzidan kattalarga taqlid qilishga asoslanadi.

Bu jarayonda taʼlim oluvchi yoshlar ongiga singdirishimiz lozim boʻlgan hamda ularning oʻzlari ham birinchi oʻrinda bilishi va muntazam bajarishi lozim boʻlgan vazifa – bu odob. Maʼlumki, taʼlim va tarbiya jarayoni bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan jarayon. Tarbiyali, odobli talaba ustozlarini hurmat qiladi va bu narsa uning ilm olish jarayonini yengillashtiradi. Bunga eʼtibor qilmaslik, ilmga va ustozga nisbatan odobsizlik qilish olinadigan bilimlarning natija bermasligiga sabab boʻladi. Aytishlaricha, qadimda bir shayxdan dars olish darajasiga yetish uchun muridlar uch yil odob darsini oʻrgangan va bunga amal qilganlar.

Hozirgi globallashuv sharoitida ommaviy madaniyat va boshqa taʼsirlar natijasida ustozlarga ehtirom kamayib boryapti va bu oʻz navbatida taʼlim jarayoni sifatiga taʼsir qilmoqda. Hatto bugungi Gʻarb pedagogikasida ham taʼlim jarayonida talabaning mustaqil taʼlim olishiga katta eʼtibor qaratilgan holda, taʼlim beruvchi ustozlarning rolini pasaytirish tendetsiyasi ustunlik qilmoqda. Talaba ongiga “Barchasiga oʻzing erishishing lozim. Maʼlumot olishingda hech qanday qiyinchilik yoʻq – kitoblar va internet tarmogʻidan xohlagan maʼlumotingni topa olasan” kabi gʻoyalar singdirilmoqda. Bu holat ustoz-shogird anʼanalarining uzilishiga, taʼlim oluvchilarning muammolarga duch kelishiga, maʼlum bir jarayonni qiyinchilik bilan bosib oʻtilishiga sabab boʻlyapti.

Shu maʼnoda ilm harakatida boʻlgan yoshlarga quyidagi tavsiyalarni bildirishni lozim deb topdik:

Avvalo, oʻquvchi yoki talabada ilm olishga istakning boʻlishi, oilasiga, jamiyatga, xalqqa foydasi tegadigan inson boʻlishni orzu qilishi, ilmdan maqsadi boylik toʻplashdan iborat boʻlmasligi lozim. Ular qalbini yomon xulqlardan va yomon sifatlardan tozalab, jirkanch xulqlar va razil sifatlardan uzoqda boʻlishi kerak. Koʻngilochar mashgʻulotlarni tark etib, internetdan foydalanishda meʼyorni bilish yoshlarga faqat naf keltiradi. Chunki inson oʻzini toʻliq ilmga bagʻishlamaguncha, ilm unga oʻz sirlarini ochmaydi.

Koʻpincha ilm ostonasiga kirib kelgan talaba turli masalalarda olimlar va odamlarning ixtiloflariga guvoh boʻladi. Ular bunga ahamiyat bermasligi kerak. Chunki bu ixtiloflar talabaning aqlini oladi, umidsizlikka tushiradi, zehnini pasaytiradi.

Shuningdek, ilm oʻrganaman degan yoshlar oʻz sohasi boʻyicha juda katta hajmdagi maʼlumotlarni oʻzlashtirishdan erinmasligi kerak. Tushunish qiyin boʻlgan har bir narsa kishida yangi bilim va tushunchalarni shakllantiradi.

Ilm olish igna bilan quduq qazishga qiyos qilinadi. Albatta, bu mashaqqatli jarayon. Muntazam ravishda va tartibli ilm olish talabada maʼlum koʻnikmalarni hosil qiladi, mashaqqatli jarayonlarni yengib oʻtishini osonlashtiradi.

Alisher ERNAZAROV,
SamISI axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri,
pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori.
Jahongirxon ABROROV,
SamISI talabasi

Check Also

ALLOH ZAMON VA MAKONDAN OLIYDIR

Mushabbiha va karromiylar: “Alloh taolo Arsh ustini makon tutgan. U boshqa jismlarga oʻxshamagan bir jismdir. …