Home / FOTO LAVHALAR / Markazda – kitob taqdimoti

Markazda – kitob taqdimoti

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida amerikalik tadqiqotchi Muhammad Ayub qalamiga mansub “Markaziy Osiyoda oʻtmishdan va bugungacha sayohat: Imom Buxoriy” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlar ishtirokida oʻtgan tadbirda muallif kitobni yozishdan koʻzlangan maqsad va unda yoritilgan voqea-hodisalar haqida maʼlumot berdi.

Muhammad Ayub AQSHdagi Atlantik siti shahrida istiqomat qiladi. Tarix yoʻnalishida magistrlik darajasiga ega. Bugungacha uning tarixga oid toʻrtta kitobi nashrdan chiqqan. Tadqiqotchining taʼkidlashicha, Movarounnahrda ilm-fan taraqqiyoti va islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan koʻp sonli allomalar hayoti va maʼnaviy merosini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish har bir musulmonning vazifalaridan sanaladi.

– Shu nuqtai nazardan men ham dindoshlarimga bagʻishlab Imom Buxoriyning maʼnaviy izdoshi sifatida Buyuk Imom haqida, u tugʻilib oʻsgan va xoki abadiy qoʻnim topgan joylar haqida kitob bitishga ahd qildim, – dedi muallif.

Asarda Oʻzbekiston zamini maʼrifat va madaniyat markazlaridan boʻlgani, bu diyorda islom ilmlarining rivojlanishiga, keyinchalik Chor Rossiyasi istilosi va shoʻro tuzumi davrida, istiqlol yillarida Imom Buxoriy majmuasi tevaragida kechgan jarayonlarga oid tarixiy maʼlumotlar manbalar asosida yoritilgan.

Tadbir yakunida Muhammad Ayub Markaz kutubxonasiga oʻz kitobini taqdim etdi. Mehmonga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar toʻplami hadya qilindi.

 

Amerikalik tadqiqotchi Markazga tashrif asnosida muzey faoliyati va xodimlar olib borayotgan ilmiy ishlar bilan bilan yaqindan tanishdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Qoʻlyozmalar – ilm manbai va bilim bulogʻi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Movarounnahr muhaddislari asarlarining Jazoirda saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari” mavzusida xalqaro davra …