Home / YANGILIKLAR / EZGU NIYATLARNING MUSTAHKAM POYDЕVORI

EZGU NIYATLARNING MUSTAHKAM POYDЕVORI

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa shukrki, yurtimizdagi inson manfaatlariga qaratilgan islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan ham munosib eʼtirof etilmoqda, taqdim etilgan taklif-tashabbuslar hayotiyligi bilan muhim ahamiyat kasb etayotir. Natijada mamlakatimiz dunyo miqyosida oʻz oʻrni, oʻz soʻziga ega boʻlib, dovrugʻi yanada yuksalmoqda.

Prezidentimizning 2023 yil 17-21 sentyabr kunlari AQSHga qilgan safari ham samarali muloqotlar, manfaatli uchrashuvlar va foydali kelishuvlarga boy boʻldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyatini bugungi kunda muhim boʻlgan masalalarga eʼtibor qaratib, bir qator takliflarni ilgari surgani okean orti safarining eng muhim nuqtasi boʻldi.

Taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlik misli koʻrilmagan yuksak darajaga chiqdi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, ayniqsa, Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Shuningdek, Oʻzbekiston BMTning bir qator nufuzli tuzilmalariga saylandi va ularning ishida faol ishtirok etmoqda. Birgalikda global kun tartibiga oid, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, turizmni rivojlantirish, kambagʻallikka va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha yirik xalqaro tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Yurtboshimiz oʻz chiqishida “Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat boʻlmish Yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosatini qatʼiy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu gʻoya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yoʻlidan dadil ilgari bormoqda”, deya taʼkidladi.

Darhaqiqat, bugun yurtimizning barcha jabhasida izchil islohotlar davom etmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, xalqimizning turmush farovonligi oshishiga, yurt ravnaqi va dunyo miqyosida munosib oʻrin egallashida muhim omil boʻlayotir. Ayniqsa, barcha yoʻnalishda “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan tamoyil asosida ish olib borilayotgani bu islohotlarning yanada samarali kechishiga, xalqimizning roziligiga zamin boʻlmoqda.

Aholi bilan ishlashda mahallalar, oilalar kesimida ish olib borilayotgani, barcha mutasaddi tashkilot vakillari qatorida diniy soha xodimlari, xususan, imom-xatiblar ham xalq bilan muloqotni yoʻlga qoʻygani bu ishlarning yanada samarali kechishida muhim oʻrin tutmoqda.

Prezidentimiz oʻz nutqida islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng targʻib etish, diniy bagʻrikenglikni qaror toptirish va turli tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishga ham alohida toʻxtaldi.

Soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmasligi taʼkidlandi. Haqiqatan, keyingi paytlarda dunyoda islomni yomonotliq qilishga urinishlar, turli fitnalar keng tarqalmoqda. Aslida, bularning dinimizga umuman aloqasi yoʻq. Islom odamlarni Yer yuzida tinchlik-osoyishtalikda ahil-inoq boʻlib yashashga chorlaydi. Shu maqsadda har qanday holatda ham rahm-shafqat va bagʻrikenglik kabi yuksak insoniy fazilatlarni targʻib etadi.

Manbalarda haqiqiy moʻmin boshqalarga qoʻli bilan ham, tili bilan ham ozor bermasligi kerakligi uqtiriladi. Bir hadisi sharifda sahobalardan biri Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldiga kelib, “Ey Allohning Rasuli, qaysi musulmon afzal sanaladi?” deb soʻradi. Shunda u zot: Haqiqiy musulmon tili va qoʻlidan boshqa musulmonlar salomat boʻlgan kishidir”, deb javob berdi.

Binobarin, qaysi dinga mansub boʻlmasin, odamlar inson boʻlgani uchun hurmat qilinadi, himoya etiladi va har biri oʻz huquqlariga ega boʻladi. Qisqacha aytganda, dinimiz — bagʻrikenglik dini. Bu tushuncha bugun davlatimiz siyosatida ham muhim oʻrin olayotganini alohida taʼkidlash joiz.

Prezidentimizning oliy minbardan turib jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda YUNЕSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklifi ham bejiz emas. Chunki keyingi yillarda Oʻzbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqaroga oʻz eʼtiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular oʻrtasida mushtarak anʼanalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda va bu borada dunyo mamlakatlariga namuna boʻlayotganini ham qayd etish darkor.

Hozirgi davrda turli diniy konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro bir-birini tushunish, muloqot qilish va ahil-inoq yashash tinchlikni qaror toptirishning bosh omili boʻlmoqda. Qurʼoni karimda ham Haq taolo: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik…” (Hujurot, 13), deb xitob qiladi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabrda ham BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqandi. Binobarin, Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan loyiha BMTga aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangan. Rezolyutsiya nafaqat BMTning barcha aʼzo davlatlari tomonidan, balki 50 dan ortiq davlatlar hammuallifligida qabul qilingan edi.

Bu Oʻzbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni taʼminlash, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yoʻlida oqilona islohotlar va amaliy chora-tadbirlar olib borilayotgani barobarida mamlakatimiz jahonda bagʻrikenglik targʻibotchisi va tashabbuskori boʻlayotganidan dalolat.

Yurtboshimizning mazkur Assambleyadagi yana bir muhim tashabbusi 2024 yilda Oʻzbekistonda “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish taklifi boʻldi. Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatanidir. Buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish bugungi kun uchun gʻoyat dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bugun taraqqiyotning yangi bosqichida tarixiy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va avloddan-avlodga qoldirish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Zero, muborak dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, milliy qadriyatlarimizni, aziz avliyolarimizning xotirasini tiklash, bebaho merosini oʻrganish, qadamjolarini obod qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar Oʻzbekistonni ilm-fan, madaniyat, maʼrifat markaziga aylantirishdek ezgu niyatlarga, yuksak maqsadlarga poydevor boʻlmoqda.

Ushbu chiqishda davlatimiz rahbari “Biz ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz zarur”, deb taʼkidladi. Mazkur yoʻnalishda avvallari ekstremizm gʻoyalari taʼsirida boʻlgan shaxslarni sogʻlom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasiga alohida urgʻu berildi. Jumladan, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasi oʻtkazilgani, 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalar Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi hududlardan yurtimizga qaytarilgani Prezidentimiz nutqida alohida taʼkidlandi. Ushbu shaxslarning barchasiga tibbiy, ruhiy, ijtimoiy va boshqa yordamlar koʻrsatilganiga eʼtibor qaratildi. Ushbu tajriba ham anjuman ishtirokchilar tomonidan eʼtirof etildi.

Mana shunday taklif va tashabbuslar sessiya ishtirokchilari, delegatsiyalar aʼzolari va siyosiy yetakchilar tomonidan iliq kutib olindi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining nutqini BMT Bosh kotibi yuksak baholab, unda bildirilgan takliflar, tashabbuslar dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topishda muhim ahamiyatga egaligini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini urgʻuladi.

Alloh taolo yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni bardavom aylasin va dunyoda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirsin!

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2023 yil 22 sentabr, 199(8542)

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …