Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING “TOʻRTLIK”LARI (2-qism)

IMOM BUXORIYNING “TOʻRTLIK”LARI (2-qism)

Alloh sizga rahmatini yogʻdirsin, oʻzingiz zikr qilgan toʻrtliklarni menga tafsir qilib bergaysiz, – deb soʻradim. Ul zot:

– “Ha, mayli. Hadis ilmi tolibi tomonidan bitilishga ehtiyoj boʻlgan toʻrt narsa quyidagilardan iborat:

1) Hadis ilmi tolibi toʻrt narsani yozib bormogʻi:
– Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning axborlari va shariat ahkomlari;
– sahobalar va ularning taqdir-qismatlari haqidagi xabarlar;
–  tobeinlar va ularning ahvollari;
– ulardan boshqa buyuk ulamolar va ularning tarixlari.

 

2) Hadis tolibi tarixlarda keltirilgan roviylarning:
– ismlari;
– kunyalari;
– yashagan va borgan makonlari;
– davrlarini bilmogʻi lozim.

 

3) Bular quyidagi toʻrt narsa bir-biri bilan boʻlganidek birga boʻlsin:
– bamisoli xatib “alhamdulillah” deyishi bilan birga boʻlgani;
– paygʻambarlar duo bilan birga boʻlgani;
– “bismillah” iborasi sura bilan birga boʻlgani;
– takbir salavotlar bilan birga boʻlgani kabi.
 
4) Ular toʻrt narsa kabi:
– misli musnad (sanadi ishonchli hadis toʻplam)lar;
– misli mursalot (mursal hadislar);
– misli mavqufot (sahobalarning soʻzlari);
– misli maqtuotlar (tobeinlarning soʻzlari)dek boʻlmogʻi lozim.

 

5) Kishi ilmni toʻrt vaqtda ham mudom olmogʻi lozim:
– goʻdakligida;
– aqlini taniganda;
– yoshlik yillarida;
– kamolotga yetganida.

 

6) Kishi hadis ilmini toʻrt holatida ham oʻrganmogʻi lozim:
– ish ila mashgʻul paytlarida ham;
– boʻsh vaqtlarida ham;
– faqirlik davrida ham;
– boy-badavlat boʻlganida ham.

 

7) Kishi hadis ilmini quyidagi toʻrt joyda ham oʻrganmogʻi lozim:
–  togʻlarda ham;
– dengizlarda ham;
– turfa shaharlaru mamlakatlarda ham;
– choʻlu biyobonlarda ham.

 

8) Kishi hadis ilmini toʻrt oʻrinda ham oʻrganmogʻi lozim:

– toshlar ustida ham;
– javohiru sadaflar ustinda ham;
– teri (poʻstak) ustida ham;
– suyaklar ustida (yotar joyi it kabi boʻlsa) ham.

 

9) Bu ilm toʻrt narsadan:
– oʻzidan ilmi ustun zotlardan;
– oʻz tengilardan;
– oʻzidan quyi turuvchilardan;
– otasining bitiklaridan olib, ul bitik otasidan oʻzga kishining xati emasligiga ishonch hosil qilgan holda oʻrganiladi.

 

10) Bu ilm toʻrt narsa uchun oʻrganiladi:

– Alloh taoloning rizoligidan umid qilgan holda;
– Alloh taoloning kitobi Qurʼoni karimga amal qilish uchun;
– ilm toliblari oʻrtasida u (ilm)ni tarqatish uchun;
– muttasil savob olib turish maqsadida kitoblar taʼlif qilmoq uchun.

 

11) Soʻngrakim bul ashyolar toʻrt narsasiz amalga oshirilmagay.
– xizmatkor sotib olmoq (yollamoq);
– kitobat (husni xat bilan yozish)ni bilmoq;
– lugʻat (til)ni bilmoq;
– sarfu nahv (tilshunoslik qoidalari)ni bilmoq.

 

12) Bular esa Alloh taolo ato qilgan narsalar:
– sihat-salomatlik;
– kuch-quvvat, qobiliyat;
– oldinga qoʻyilgan maqsadga kuchli zavq-shavq ila intilmoq;
– yaxshi quvvai hofiza birla amalga oshirilgay.

 

13) Magar hadis tolibi mana shu narsalarga muyassar boʻlsa, yana ushbu toʻrt narsaga osonlikcha erishur:
– oila;
– farzand;
– mol-dunyo;
– mustahkam boshpana.

14) Yana toʻrt narsa tolibi hadisni hayotiy mashaqqatlar bilan sinaydi:

– gʻanimlarning ichi qoraligi;
– doʻstlarning gina-kudrati;
– johillarning taʼna-dashnomi;
– ulamolarning rashku hasadi.
 
15) Inson mana shu sinovlaru koʻrgiliklarni sabr-matonat bilan yengsa, Alloh taoloning unga toʻrtta inʼom-ehsoni bor:
– qanoatning ulugʻvorligi;
– teran eʼtiqodning mahobati;
– haqiqiy ilmning lazzati;
– abadiy barhayotlik.

16) Oxiratda ham Alloh taolo toʻrt narsa birlan ajrini berur:

– oʻzining birodarlaridan istaganiga shafoat ato etgay;
– Arshu aʼloning soyasidan joy bergay (chunonchi, u kunda Allohning soyasidan oʻzga soya boʻlmagay);
– xohlagan odamiga Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hovuzlaridan suv ichirgay (holbuki, u kunda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning suvlaridan oʻzga joyda suv boʻlmagay);
– jannatda paygʻambarlar yonidagi martabasi eng oliy zotlar orasidan joy bergay. Alloh hech qachon nabiylardan marhamatini ayamagan.
Ey boʻtam! Mashoyixlardan bu xususda oʻzim eshitgan sara gaplarning barchasini senga bildirdim. Ana endi shulardan oʻzing maʼqul topganlaringni qabul qilib ol!” deya javob berdi.

Imom Buxoriyning bu soʻzlari meni xavotirga soldi. Men chuqur tafakkurga choʻmib, sukut saqlab, odob yuzasidan boshimni quyi egdim. Ushbu hol shu tufayli sodir boʻlgan ediki, hadis oʻrganmoq yoʻlida Imom Buxoriyning ushbu ruboiyot (toʻrtlik)larida zikr qilgan mashaqqatlarni zimmamga olishga koʻzim yetmasdi. Ahvolimni koʻrgach, Imom Buxoriy bunday dedi: “Magar sen ushbu mashaqqatlarning bariga chiday olmasang, u holda fiqh ilmini oʻrganmogʻing mumkin. Zero, sen u ilmni oʻz uyingda oʻtirib mutolaa qilursen, uzoq yurtlarga safar etmoqqa ehtiyoj yoʻq. Bu ilmning quduqlari chuqur emas, dengizlarda suzmoqqa hojat boʻlmagay, ayni vaqtda fiqh ilmi bilan mashgʻul boʻlmoqning samarasi hadis ilmining mevasi bilan barobardur”.

Darhaqiqat, Imom Buxoriy hadis va roviylar tarixini yod olib, ularni xotirada saqlashda benazir muhaddis boʻlishi bilan bir qatorda, tafakkur va farosat bobida ham oʻz fikrlari bilan yulduzni benarvon uradigan alloma boʻlgan. Chunki koʻpchilik muhaddis va din ulamolari allomaning “Sahihul Buxoriy” hadis toʻplami va boshqa asarlari haqida sharh va hoshiyalar bitish bilan bir qatorda uning tarjimai holi va hadislarni qabul qilishdagi uslublari haqida ham talay asarlar yozgan. Imom Buxoriy ishlab chiqqan uning boshqalardan ajralib turadigan fazilatli olim martabasiga yetishiga sabab boʻlgan shart va talablarni oʻz ichiga olgan oʻn olti qismdan iborat ushbu “toʻrtliklar”dagi barcha mezonlar, allomaning oʻzida mujassam boʻlgan, desak aslo xato boʻlmaydi.

Muhaddisning “toʻrtliklar”ini tinglab, ularni omonat tarzida yetkazgan Valid ibn Ibrohim Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam hadislarini yod olmoqchi boʻlgan tolibi ilm zimmasiga naqadar ulkan masʼuliyat yuklanishini, bu masʼuliyatni har qanday kishi ham oʻz zimmasiga ololmasligini oʻz holatini tavsiflash orqali bayon qilib beradi. Imom Buxoriyning ushbu oʻgitlari nafaqat u zotning hadis qabul qilishdagi shartlarini bildirib qolmay, balki zamondosh ulamolari taʼriflaganidek, tafakkurda ham “tengsiz” va “sohilsiz dengiz kabi” ekaniga dalolat qiladi.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …