Home / HADIS / QURʼONNI TOʻGʻRI ANGLASH UCHUN HADISGA TAYANISHDAN OʻZGA YOʻL YOʻQ

QURʼONNI TOʻGʻRI ANGLASH UCHUN HADISGA TAYANISHDAN OʻZGA YOʻL YOʻQ

Qurʼoni karimda din ishlaridan ayrimlari ochiq-oydin bayon qilingan boʻlsa, ayrimlari Paygʻambar alayhissalomning hadislari orqali yoritib berilgan. Alloh taolo: “Sizga esa odamlarga nozil qilingan (maʼlumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qurʼonni) nozil qildik” (Nahl surasi, 44-oyat), deb taʼkidlagan. Demak, Qurʼoni karimni Alloh taolo iroda qilganidek tushunish uchun Paygʻambar alayhissalomning hadislariga murojaat qilish zarur.

Sahobalar roziyallohu anhum kuchli fasohat va zakovat egalari boʻlib, oʻzlaridan keyingilar muhtoj boʻladigan vositachi ilmlardan behojat edi. Shunga qaramay, Qurʼoni karimni toʻgʻri anglashda Paygʻambar alayhissalomning izohlariga ehtiyoj sezgan. Masalan, “Imon keltirgan va imoniga zulmni aralashtirmaganlar…” (Anʼom surasi, 82-oyat)dagi “zulm”dan murod shirk ekanini, oq va qora ipdan murod kunning avvalidagi oqlik va tunning qorongʻuligi ekanini, “Ezgu ish qilganlarga chiroyli narsa (jannat) va ziyodalik bordir” (Yunus surasi, 26-oyat)dagi “ziyodalik”dan murod Alloh taoloning diydorini koʻrish ekanini aynan Paygʻambar alayhissalom bayon qilib berganlar. Koʻrib turganingizdek, agar u zot alayhissalom izohlab bermaganlarida, arab tilini puxta bilishning oʻzi bilan bu maʼnolarni anglab yetish imkonsiz edi.

Qurʼoni karimda umumiy tarzda kelgan oyatlar Paygʻambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarda batafsil yoritib berilgan. “Namozni barkamol oʻqingiz, zakot beringiz va rukuʼ qiluvchilar bilan birga rukuʼ qilingiz!” (Baqara surasi, 43-oyat), “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingilarga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad taqvoli boʻlsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat), “Yoʻlga qodir boʻlgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat) kabi umumiy maʼnoda nozil boʻlgan oyatlar hadisi shariflarda tafsilotlari bilan yoritilgan.

Paygʻambar alayhissalom bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz farz qilingani, uning rakatlari soni va farzu vojiblarini soʻzlari bilan bayon qilgan boʻlsalar, “Namozni men oʻqigandek oʻqingiz”, deya amalda ham koʻrsatib berganlar.

Shuningdek, zakot kimlarga vojibligi, nisob miqdori qanchaligi, nimalar hisobidan chiqarilishi, roʻza tutish kimlarga farzligi, uni qanday amallar buzishi,  haj ibodati kimlarga farz qilingani, uning farzu vojiblari kabi masalalar ham hadislarda bayon qilingan. Bulardan hech biri Qurʼoni karimda batafsil yoritib berilmagan. Agar bu kabi masalalar oʻzimizga qoʻyib berilganida, aqlimizni harchand ishga solmaylik, ularni bila olmagan boʻlar edik. Bular Qurʼonni toʻgʻri anglash uchun hadisga tayanish lozimligini yana bir karra tasdiqlaydi.

Sahobalar roziyallohu anhum islomda hadisning oʻrni qandayligini yaxshi bilgan. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Paygʻambar alayhissalomning qanday haj qilganlarini soʻzlab berar ekan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qurʼon nozil boʻlayotganda u zot oramizda edilar. Uning maʼnolarini Paygʻambar alayhissalom bizdan koʻra yaxshiroq bilardilar. Binobarin, u zot qanday amal qilsalar, biz ham oʻshanga qarab ish qilar edik” (Imom Muslim rivoyati), deydi.

Ayyub Saxtiyoniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, bir odam Mutarrif ibn Abdulloh ibn Shuxayrga: “Bizga faqat Qurʼondan gapiring”, deganida, u: “Allohga qasamki, biz Qurʼonning oʻrniga boshqa narsa boʻlishini xohlamaymiz. Lekin Qurʼonni bizdan koʻra yaxshiroq biladigan kishilarni xohlaymiz” (Ibn Abdulbarr rivoyati), degan.

Imron ibn Husoyn roziyallohu anhu shafoat haqida gapirganida, odamlar orasidan bir kishi:

– Ey Abu Nujayd, sizlar bizga shunday hadislarni aytasizki, biz Qurʼonda uning asli (tagi) borligini koʻrmaymiz, – dedi.
Shunda Imron gʻazablanib, haligi odamga:
– Qurʼonni oʻqidingizmi? – dedi.
– Ha, – dedi u.
– Unda xufton namozi toʻrt rakat, shom namozi uch rakat, bomdod namozi ikki rakat, peshin va asr namozlari toʻrt rakat deb yozilgan ekanmi?!
– Yoʻq.
– Unday boʻlsa, bu narsani kimdan oʻrgandingiz? Bizdan emasmi?! Biz uni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan oʻrganmadikmi?”
Imron yana bunday dedi:
– Qurʼonda har qirqta qoʻydan bitta qoʻy, falonta tuyadan falonta tuya, falon dirhamdan falon dirham zakot berilishi yozilgan ekanmi?
– Yoʻq, – dedi boyagi odam
– Unday boʻlsa, bu narsani kimdan oʻrgandingiz? Bizdan emasmi?! Biz uni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan oʻrganmadikmi?

Alloh taolo: “…va “Koʻhna uy”ni tavof qilsinlar!” (Haj surasi, 29-oyat), degan. Qurʼonda “Islomda zakoti beriladigan mollarni zakot yigʻuvchining oldiga olib kelishni talab qilish ham, zakot yigʻuvchi odamni zakoti beriladigan mollar oldiga borishga majbur qilish ham, kishi oʻzining qizi yoki singlisini boshqa bir odamga uning qizi yoki singlisiga mahr bermaslik sharti bilan uylanishi ham yoʻq”, deb yozilganini koʻrdingizmi?! Alloh taolo unda: “Paygʻambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz” (Hashr surasi, 7-oyat), deganini eshitmadingizmi?! Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sizlar bilmagan narsalarni ham oʻrganganmiz” (Ibn Batta, Ojurriy, Hokim va Ibn Abdulbarr rivoyat qilgan).

Yuqorida aytilganlardan ayon boʻladiki, Qurʼonni toʻgʻri anglash uchun hadisga tayanib ish koʻrish shart. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ogoh boʻlingki, menga Qurʼon va u bilan birga oʻxshashi ham berildi” (Imom Ahmad rivoyati), deb bejiz aytmaganlar. Bu borada salafi solihlarga ergashish lozim. Hadisi sharif ham Qurʼoni karim singari qalbimizda oʻz oʻrniga ega boʻlishi kerak.

Yosh avlodni hadisning hurmatini joyiga qoʻyadigan va uni amalga tatbiq etadigan kishilar qilib tarbiyalash kerak.

Qiziq, hadisni inkor etuvchi baʼzi kimsalar diniy amallarni kimdan oʻrganayotgan boʻlsa?! Ularning bu nomaqbul ishdagi imomlari kim boʻlishi mumkin?!

Alouddin NЕMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …