Home / HADIS / ALLOHNING QOʻRIQXONASIGA YAQINLASHMANG!

ALLOHNING QOʻRIQXONASIGA YAQINLASHMANG!

Bir hadis sharhi

Islom odamlar hayoti goʻzal, jamiyat tinch-osoyishta boʻlishi uchun muayyan chegaralarni belgilagan. Bu cheklovlarni buzganlar atrofdagilarga salbiy taʼsir oʻtkazishi barobarida, oʻziga ham zulm qilgan boʻladi. Chegarani buzmaslikning eng yaxshi yoʻli esa unga yaqin yoʻlamaslikdir. Buning taʼrifini Paygʻambar alayhissalom chiroyli tarzda keltirganlar.

عَنْ عَامِرٍ قَالَ: سَمِعْتُ النُّعْمَانَ بْنَ بَشِيرٍ يَقُولُ: سَمِعْتُ رَسُولَ الله صلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ يَقُولُ: «الْحَلَالُ بَيِّنٌ وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ لَا يَعْلَمُهَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ فَمَنِ اتَّقَى الْمُشَبَّهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ وَعِرْضِهِ وَمَنْ وَقَعَ فِي الشُّبُهَاتِ كَرَاعٍ يَرْعَى حَوْلَ الْحِمَى يُوشِكُ أَنْ يُوَاقِعَهُ. أَلَا وَإِنَّ لِكُلِّ مَلِكٍ حِمًى أَلَا إِنَّ حِمَى اللَّهِ فِي أَرْضِهِ مَحَارِمُهُ. أَلَا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ. أَلَا وَهِيَ الْقَلْبُ.«

Noʻmon ibn Bashir roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: “Halol ochiq-oydindir, harom ham ochiq-oydindir. Ular orasida koʻp odamlar bilmaydigan shubhali narsalar bor. Kim shubhali narsalardan saqlansa, dini va shaʼni uchun oʻzini pok tutibdi. Kim shubhali narsalarga tushsa, xuddi qoʻriqxona atrofida choʻponlik qilib, (chorvasi) unga oʻtib ketay degan choʻponga oʻxshaydi.

Ogoh boʻling! Albatta, har bir podshohning qoʻriqxonasi bordir. Ogoh boʻling! Allohning yerdagi qoʻriqxonasi harom qilgan narsalaridir. Ogoh boʻling! Tanada bir parcha goʻsht bor, u sogʻlom boʻlsa, butun tana sogʻlom boʻladi. U buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh boʻling! Oʻsha narsa qalbdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu islomning madori, shariatning asoslaridan boʻlgan hadisdir. Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taqvoga, shubhali narsalardan voz kechishga daʼvat etmoqdalar.

Halol narsalar zohir va ravshan, haromligiga Kitob, sunnat, ijmoʼ yoki qiyosdan dalil boʻlmagan har qanday narsa halol ekanini tushuntirganlar. Harom ham aniq, unga Kitobdan, sunnatdan yoki ijmodan dalil mavjud.

Paygʻambar alayhissalom halol va harom oʻrtasida uchinchi toifa, yaʼni shubhali: joiz va harom ekani aniq boʻlmagan narsalar borligini ham aytib oʻtyaptilar.

Kishi shubhali narsalardan tiyilmasa va ularga jurʼat qilsa, oʻzini xavf ostiga qoʻyib, haromga qoʻl urishga yaqin qoladi. Deylik, podshoh bir hududni oʻz chorvasini oʻtlatish uchun tayin qilib qoʻydi. Uning ruxsatisiz boshqalar bu qoʻriqxonaga oʻz mol-qoʻyini olib kirmaydi. Buning uchun muqarrar jazo bor. Shubhali narsalarga yaqinlashgan kishi mana shunday atrofida choʻponlik qilayotgan odamga oʻxshaydi. Shubhali narsalar kichik gunohlarga, kichik gunohlar esa kattalariga yetaklaydi. Kim shubhali narsalardan saqlansa, oʻzi uchun poklikni, dini nuqsondan, obroʻsi tuhmat va boʻhtondan xoli boʻlishini taʼminlaydi.

Soʻng u zot sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh boʻling! Har bir podshohning oʻz qoʻriqxonasi bor. Ogoh boʻling! Allohning yerdagi qoʻriqxonasi harom qilgan narsalaridir”, deyaptilar.

Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy aytadi: “Bunday oʻxshatishning nozik tafsiloti bor: arab podshohlari oʻz chorvalarining maxsus yaylovlarini qoʻriqlab, u yerda mol-qoʻyini ruxsatsiz oʻtlatib yurganlarni qattiq jazo bilan qoʻrqitgan. Shunday qilib, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam sahobalarga qoʻriqxona misolida maʼlum narsani koʻrsatyaptilar. Binobarin, jazo va podshohning gʻazabidan qoʻrqqan kishi bu qoʻriqxonadan uzoqroq yuradi. Allohning qoʻriqxonasi U harom qilgan narsalardir”.

Alloh taoloning qoʻrgʻoni bandalariga harom qilgan gunohlardir, shuning uchun kim gunoh qilib Uning qoʻrgʻoni kirsa halok boʻladi, kimki unga shubhali narsalarga yaqinlashaversa, xavf ostida qoladi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam odam bolasi harakatlarining solih yoki buzgʻunchi boʻlishiga olib keladigan aʼzoni zikr qilyaptilarki, u butun vujudning asosi hisoblanadi. U qalbdir. Agar qalb solih boʻlsa, uning istak va harakatlari shunga monand boʻladi va barcha tana aʼzolari solih boʻladi. Allohga itoat etgan va Uning gʻazabidan saqlangan kishi, haromdan tiyilib, halolga qanoat qiladi. Agar qalbi buzuq boʻlsa, unda hatti-harakati, ishi, istaklari buzgʻunchilikdan iborat boʻladi va halolga qanoatlanmay, Alloh taologa osiy boʻladi, gʻazabiga duchor qiladigan narsalarga shoʻngʻiydi.  Kishi shuningdek qalbining havoyi nafsi va botilga moyilligiga qarab haromga intiladi.

Qalblarimizni isloh qilishda Oʻzi madadkor boʻlsin. 

Bahodir MIRZAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …