Home / HADIS / ROSTGOʻYLIK NAJOTDIR

ROSTGOʻYLIK NAJOTDIR

Bir hadis sharhi

Rostgoʻylik eng ulugʻ xulq va qadri baland xislatlardan biridir. U dunyo-yu oxiratda saodat va najotga erishish vositalaridan hisoblanadi. Rostgoʻylikning ahamiyati, yuksak darajasi va taʼsirining kattaligi tufayli Alloh taolo bandalarni unga undadi va: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ “Ey imon keltirganlar! Allohdan qoʻrqingiz va sodiq kishilar bilan birga boʻlingiz!” (Tavba surasi, 119-oyat) dedi.

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ ـ رضى الله عنه ـ عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ “‏ إِنَّ الصِّدْقَ يَهْدِي إِلَى الْبِرِّ، وَإِنَّ الْبِرَّ يَهْدِي إِلَى الْجَنَّةِ، وَإِنَّ الرَّجُلَ لَيَصْدُقُ حَتَّى يَكُونَ صِدِّيقًا، وَإِنَّ الْكَذِبَ يَهْدِي إِلَى الْفُجُورِ، وَإِنَّ الْفُجُورَ يَهْدِي إِلَى النَّارِ، وَإِنَّ الرَّجُلَ لَيَكْذِبُ، حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللَّهِ كَذَّابًا ‏”‏‏.‏

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Rostgoʻylik ezgulikka, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi faqat rost gapiraversa, nihoyat, siddiq boʻladi. Yolgʻon fisq-fujurga, fisq-fujur esa doʻzaxga boshlaydi. Kishi yolgʻon gapiraversa, nihoyat, Allohning huzurida kazzob deb yozilib qoladi” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi shariflarida bizni rostgoʻy boʻlishga, toʻgʻrisoʻzlikni yaxshi koʻrishga oʻrgatmoqdalar. Sodiq kishilarning ajri va toʻgʻrisoʻzlikni lozim tutishning mavqei haqida xabar beryaptilar. Sidqidillik barcha yaxshiliklarga yetaklar ekan. Ezgulik har bir yaxshilikni jamlovchi ismdir. Rostgoʻylik tilning toʻgʻriligiga ishlatiladi. U yolgʻonchilikning aksidir. Sodiqlik niyatda boʻlib, u bir ixlosdir. Toʻgʻrisoʻzlik azmu qarorda boʻlib, yaxshi niyat bilan chambarchas bogʻlangan.

Amallardagi rostgoʻylikning eng kichigi yashirin va oshkoralikning tengligida koʻrinadi. Bunga qizgʻanchiqlik, baxillik, hasadga oʻxshagan tuygʻular bilan odamlardan nimanidir yashirmaslik, bisotida bor narsani yoʻq demaslik kabilar misol boʻla oladi. Sodiqlikning darajasi qoʻrquv va umid kabi holatlarda namoyon boʻladi. Kimda shu sifatlar jamlansa, siddiq boʻlar ekan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ezgulik jannatga boshlashini xabar beryaptilar. Buning tasdigʻi Alloh taoloning: ﴿إِنَّ الْأَبْرَارَ لَفِي نَعِيمٍ “Albatta, yaxshilar (ezgulik sohiblari) neʼmat (jannat)dadirlar” (Infitor surasi, 13-oyat)degan soʻzidir. Kishi ham yashirin, ham oshkora holatda rostgoʻy boʻlib, faqat uni qasd qilsa, yolgʻondan saqlansa, oxir-oqibat toʻgʻrilik gʻolib boʻlar ekan. Shu tariqa inson rostgoʻylikning oliy nuqtasiga yetar, sodiqlar safiga kirib, ularning mukofotiga loyiq boʻlar ekan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam yolgʻon gapirish va sodir boʻlmagan narsa haqida xabar berishdan ham ogohlantirayaptilar. Yolgʻonning eng yomoni Alloh taologa va Rasuli sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ishlatilganidir. U zot yolgʻonchilik fisq-fujurga boshlashini xabar beryaptilar. Bu toʻgʻrilikdan burilib ketish, demakdir. Baʼzi allomalar fisq-fujurga gunoh ishlarning tugʻilishi, deb taʼrif bergan. Fisq-fujur doʻzaxga boshlar ekan. Kishi yolgʻon gapirib, bu ishini takrorlayversa, Allohning huzurida kazzob deb yozilar va shunga yarasha hukm qilinar ekan.

Bu hadisda rostgoʻylikka targʻib va yolgʻondan hazar qilishga chaqirilganining guvohi boʻldik. Chunki rostgoʻylik har bir insonni goʻzal xulqli boʻlishga, yolgʻon esa tubanlikka chorlaydi. Muqaddas dinimizda rostgoʻylik va yolgʻonchilik eng eʼtibor qaratiladigan xislatlardandir.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …