Home / MAQOLALAR / ALISHЕR NAVOIY MAʼNAVIY MЕROSIDA BAGʻRIKЕNGLIK TARGʻIBOTI

ALISHЕR NAVOIY MAʼNAVIY MЕROSIDA BAGʻRIKЕNGLIK TARGʻIBOTI

Bugungi globallashuv davrida baʼzi bir davlatlar dunyoga hukmronlik davosi bilan tinchlik-osoyishtalikka, kishilik tamadduni rivojiga jiddiy xavf solmoqda. Insoniyat yangi ming yillikka oʻzlikni anglashning yalpi inqirozi sharoitida kirib, nafaqat tabiatni, atrof-muhitni, balki oʻz-oʻzini, umumbashariy qadriyatlar olamini vayron qilmoqda. Ayrimlar oliy qadriyat deb bilayotgan foyda va manfaat maʼnaviyat xazinasidan adolat, mehr-oqibat, rahm-shafqat, ezgulik, bagʻrikenglik, hamdardlik kabi insoniylik mohiyatini anglatuvchi qadriyatlarni siqib chiqarmoqda[1]. Bunday murakkab vaziyatda bashariyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va farovonligining muhim omili boʻlgan tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Insoniyatning kuch va salohiyatini ijtimoiy hamkorlik va xalqaro hamjihatlikni taʼminlashga yoʻnaltirishda ulugʻ ajdodlar maʼnaviy merosi, xususan, Alisher Navoiy ijodi muhim oʻrin tutadi. Chunki shoir asarlarida moddiyat emas, balki maʼnaviyat, maʼrifat, insonparvarlik, bagʻrikenglik kabi ezgu gʻoyalar targʻiboti ustunlik qiladi.

Mutafakkir olamdagi mavjud muammo va murakkabliklar yechimini komil inson shaxsida koʻradi va buni asarlarida zoʻr berib targʻib qiladi. Shuning uchun ham “Farhod va Shirin” dostonining bosh qahramonini komil inson tipida yaratadi. Uning ilmda, isteʼdodda, jasoratda, kuch-quvvatda kamolga yetishganini har bir harakati, har ishi bilan isbotlaydi[2]. Mutafakkir komil insonni tarbiyalash orqali mavjud murakkabliklarni oson hal etishning maqbul yoʻllarini koʻrsatadi.

Buyuk shoir asarlari mohiyatini xalqlar doʻstligi va hamjihatligini taʼminlash vositasida jahonda tinchlikni qaror toptirishga oid ezgu gʻoyalar tashkil etadi:

Koʻngulni olsa malohat bila tafovuti yoʻq,
Xitoiy oʻlsinu yo armani va yo hindu…
Navoiy etti oʻzin uyla turk hindusi
Ki, ahli Chinu Xito boʻldilar anga hindu[3].

Alisher Navoiy xalqlarni doʻstlikka chorlab, bugungi kunda ayrim millatlar, xalqlar va davlatlar oʻrtasida yuz berayotgan harbiy-siyosiy mojarolar, birodarkushlik urushlarining oldini olishga chaqiradi goʻyo.

Hazratning asarlaridagi badiiy qahramonlar turli xalq vakillari ekani ham ramziy maʼnoga ega. Shoir oʻzining komil insonga xos axloqiy idealini Chin (Xitoy) hoqonligi shahzodasi Farhod, Armaniston malikasi Shirin, arabiy oshiq Qays, arab qabilasining goʻzal qizi Layli, shuningdek, Yunoniston buyuk farzandlari Suqrot, Arastu, Aflotun, Iskandar Zulqarnayn singari tarixiy shaxslar obrazlarida ifodalaydi. Biri chin, biri armani, biri arab, biri yunon, biri hind, yana biri fors millatiga mansub bu qahramonlarni birlashtirib turgan omil maqsadning birligi, yaʼni chinakam insoniylik ekanini alohida taʼkidlaydi[4]. Hozirgi kunda globallashuv deb atalayotgan dunyo miqyosidagi birlik va hamjihatlikka oid ezgu gʻoyalarni shoir ijodida bundan besh yuz yil burun aks etishi mutafakkir sinergetik tafakkur vositasida uzoq kelajakni oldindan koʻra olganining dalilidir.

Shoir “Lisonut tayr” dostonining “Maʼrifat vodiysi vasfi” deb nomlangan faslida “maʼrifat yoʻlida Haq (Xudo)ni tanishning yuz tuman yoʻli boʻlib, har bir kimsa oʻz yoʻlidan qatʼiy boradi”, deyiladi.

Munda solikka tafovut boʻldi fosh,
Anga mehrobu munga but boʻldi fosh.
Boʻldi oʻz irfoni har kimga sifat,
Koʻp tafovut qildi paydo maʼrifat[5].

Demak, maʼrifat yoʻlida har kimning erishgan ilmi oʻziga sifatdir. Ushbu yoʻldagilar oʻrtasida tafovutlar boʻlsa ham, aslida hammasining maqsadi bir.

Ushbu gʻoyani Alisher Navoiy bir guruh koʻzi ojiz insonlarning fil bilan uchrashuvi toʻgʻrisidagi hikoyatida yanada yorqin bayon etadi. Unga koʻra, musofirlik yoki asirlik sababli Hindistonga kelib qolgan bu odamlar oldiga fil keltiriladi. Ular bu bahaybat jonivorni qoʻllari bilan paypaslab, oʻz tasavvurini aytib beradi. Biri filning oyogʻini ushlab, “bu sutun (Yogʻoch ustun) ekan”, deydi, filning qorniga qoʻlini qoʻygan aytadiki, “bu Besutun” (Behustun togʻi), xartumini tutgan “Ajdaho avlodidan ekan”, deydi, tishlarini siypalagan kishi “U ikki suyakdan iborat ekan”, deb xitob qiladi. Dumini ushlagan esa uni osilib turgan ilonga qiyoslaydi. Boshini paypaslagan kishi uni bir qoyaning tumshugʻi deydi. Qulogʻiga qoʻl tekkizgan kishi esa “qimirlab turgan ikki yelpigʻich ekan”, deydi.

Bu javoblarga quloq solib turgan hind faylasufi “Ularning fil xususidagi tasavvurlari ziddiyatli va tartibsiz boʻlsa-da, har biri oʻz bilganicha soʻz aytdi, ular bildirgan sifatlar bir yerga jam qilinsa, fil haqida muayyan tasavvur hosil boʻladi. Demak, ularning har biri oʻzicha haqdir”, degan xulosaga keladi[6].

Bundan haqiqatni anglash uchun obyektni nochiziqli yondashuv vositasida oʻrganish kerakligi ayon boʻladi.

Mazkur hikoyat gnoseologik jihatdan ahamiyatli boʻlib, boshqalarning fikr-mulohazalariga hurmat bilan qarashni, bagʻrikenglikni targʻib etadi. Bundan har kimning oʻzicha haqligi va buning uchun uni ayblash nooʻrinligi, fikrlar, bilimlar jamlikda mohiyatni ochib berishga xizmat qilishi maʼlum boʻladi. Oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik tamoyillari jamiyat hamjihatligini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Fil toʻgʻrisidagi ziddiyatli tasavvurlar aslida koʻzi ojizlar tafakkuri ziyosining qamrab olish maydoni torligidan kelib chiqayotgan xatolik boʻlib, bu mohiyatni toʻgʻri anglash uchun unga koʻp muqobilli yondashuv zarurligini koʻrsatadi.

Insonga tanlash ixtiyori berilgan boʻlsa-da, ushbu tanlovda har doim oʻz manfaatlarini birlamchi deb bilish unda tabiat va jamiyatga nisbatan notoʻgʻri munosabat shakllanishiga olib kelishi mumkin. Inson ijtimoiy munosabatlarga kirishishda maʼnaviy-axloqiy mezonlarni toʻgʻri tanlab, insonparvarlik meʼyorlariga, oqilona tamoyillarga tayansa, hayotiy tanlovlari oʻzining va atrofdagi insonlarning hayotiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy maʼnaviy merosida bagʻrikenglik, insonparvarlik, xalqparvarlik kabi ezgu tamoyillar targʻibi ustuvorlik kasb etadi. Mutafakkirning ushbu falsafiy qarashlari xalqlar doʻstligi va hamjihatligini mustahkamlashga hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga yuksak hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

[1] Delokarov K.X. Problemы Rossiyskoy identichnosti v kontekste sovremennыx vыzovov // Islam v sovremennom mire. –Moskva, 2015. Tom 11. –№ 3. –S.121-122.
[2] Fitrat A. “Farhod va Shirin” dostoni toʻgʻrisida // Tanlangan asarlar. 2 t. –T.: Maʼnaviyat, 2000. –B. 116.
[3] Navoiy A. Xazoyin ul-maoniy: Navodir ush-shabob. MAT. 20 tomlik. 4 t. –T.: Fan, 1989. –B. 373.
[4] Xoliqova N. Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ [Elektron resurs] // Academic Research In Educational Sciences Volume 2 | ISSUE 2 | 2021 ISSN: 2181-1385 Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 Academic Research, Uzbekistan 624 www.ares.uz (Murojaat sanasi: 23.02.2022)
[5] Navoiy A. Lisonut tayr (Qush tili). –T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1991. –B. 250-251.
[6] Navoiy A. Lisonut tayr (Qush tili). –T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1991. – B. 252-254.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …