Home / HADIS / AMALLARNING YAXSHISI OʻRTACHA BOʻLGANIDIR

AMALLARNING YAXSHISI OʻRTACHA BOʻLGANIDIR

Bir hadis sharhi

Islom barcha amallarda oʻrtacha boʻlishni targʻib qiladi. Kishi biror bir ibodatni ado etish asnosida unga chuqur ketib qolsa, oʻzini ham boshqani ham adashtirib yuborishi mumkin. Shu sababli barcha amr va qaytarishlarda insonning holatiga ham qaraladi. Xususan, bemorga bir qancha yengilliklar beriladi.

Haq taolo bunday deydi: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif qilmas”[1]. Bundan maʼlum boʻladiki banda amallarni toqati yetadigan darajada bajarishi kerak ekan. Oʻzi va boshqalarga din amallarini ogʻir emas, balki yengil qilib koʻrsatishi lozim ekan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: (Amallarda) toʻgʻri va oʻrtacha boʻling. Amallaringizning eng yaxshisi namozdir. Moʻmin kishigina tahorat qoidalariga rioya qiladi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Inson har qancha harakat qilsa ham moʻminlik burchini toʻliq ado eta olmaydi. Shuning uchun u Allohning rahmati va magʻfiratidan umid qilgan holda imkoni yetganicha ibodat qilishi kerak.

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Endigina namoz, roʻza kabi ibodatlarni ado etishga kirishayotgan kishi uning farz, vojib, sunnatlari haqida yetarlicha bilimga ega boʻlishi lozim. Shulardan soʻng qoʻshimcha nafl ibodatlarni bajara boshlashi mumkin. Baʼzilar hali din arkonlari haqida toʻliq tushunchaga ega boʻlmay turib birdaniga hamma amallarni bajarishga kirishadi. Natijada ularga qiyinday tuyulib, biroz vaqtdan soʻng tabiatida hafsalasizlik paydo boʻladi, imoni sustlashib, amallarni tark qiladi. Buning oqibati yaxshi emas!

Hadisning ikkinchi qismida: “Amallaringizning eng yaxshisi namozdir”, deyilmoqda. Namoz ulugʻ ibodat ekaniga shak-shubha yoʻq. Buni oyat va hadislarda, fiqh kitoblarining eng katta qismida aynan namoz haqida soʻz borishidan ham bilish mumkin. Qurʼonda “namoz” soʻzi (“as-solat”) koʻrinishida 67 marta zikr qilingan. Qiyomatda har bir banda avval namozidan soʻraladi. Chunki, u dinning ustunidir. Namozni oʻz vaqtida ado qilgan insonning ikki dunyosi obod boʻladi. Shu bilan birga, u insonni turli fahsh ishlardan, boshqa gunohlardan qaytaradi.

Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday deb marhamat qiladi:

“Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur”[2].

Shu oʻrinda bir savol paydo boʻlishi tabiiy. Xoʻsh, oyatga muvofiq namoz insonni turli fahsh ishlardan qaytarsa, nima uchun uni kanda qilmay yurgan odamlar baʼzi turli gunoh amallardan saqlanmayapti? Buning sababi shuki, u namozni chin qalbdan taqvo bilan oʻqimaydi. Oʻz vaqtida ado qilmaydi, ruku va sajdalarini toʻgʻri ado etmaydi. Namoz haqida yaxshiroq ilmga ham ega boʻlmaydi.  

Hadisning oxirida: “Moʻmin kishigina tahorat qoidalariga rioya qiladi”, deyilmoqda. Chunki, Alloh taolo bandalariga namozdan oldin tahorat olishni buyurdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki goʻzal tahorat olsa, uning gunohlari jasadidan, hatto tirnoqlarining ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Muslim rivoyati). Inson baʼzan bilib-bilmasdan tana aʼzolari bilan gunoh sodir etadi. Deylik, koʻz bilan nomahramga qarashi, til bilan gʻiybat qilishi, ogʻiz bilan harom luqma isteʼmol qilib qoʻyishi mumkin. Tahoratning farzlaridan biri esa yuz yuvishdir. Shu birgina farzni ixlos bilan ado etsak, undagi kir va nopok narsalar bilan birga, istigʻfor va tavba orqali sodir etilgan gunohlar kechirilar ekan.

Yuqoridagi maʼlumotlardan islom moʻtadillik dini ekanini, Alloh taolo ixlos bilan qilingan har qanday amalni qabul qilishini bilib olish mumkin. Shunday ekan, har bir ishda oʻrtachalik yoʻlini tutaylik.

[1] Baqara surasi, 286-oyat.
[2] Ankabut surasi, 45-oyat.
Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …