Home / MAQOLALAR / AVLIYOLARNING KAROMATI (Abul Barakot Nasafiyning “Al-eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

AVLIYOLARNING KAROMATI (Abul Barakot Nasafiyning “Al-eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Valiy soʻzi lugʻatda “yaqin kishi”, “doʻst” kabi maʼnolarni bildirib, koʻplik shakli “avliyo” boʻladi. Istilohda esa imkon qadar Alloh taoloni taniguvchi, toatlarda bardavom boʻluvchi, yomonliklardan saqlanuvchi, shahvatlarga berilishdan oʻzini olib qochuvchi, dunyodan yuz oʻgiruvchi, oxiratga yuzlanuvchi va doimiy ravishda Rabbining zikrida boʻluvchi zot valiy deyiladi[1].

Karomat soʻzi esa lugʻatda “izzat-ikrom”, “qadr-qimmat”, “oliyjanoblik” kabi maʼnolarni bildiradi. Istilohda Alloh taoloning Oʻzi sevgan bandalariga ato etgan izzat-ikromi karomat, deyiladi.

Karomat ikki xil boʻladi:

  1. Tugʻma karomat;
  2. Mehnat bilan erishiladigan karomat.

Birinchi turdagi karomat barcha insonlarga tegishlidir. Chunki ularni Alloh taolo inson qilib yaratgan. Inson boʻlib dunyoga kelishlarining oʻzi Alloh taoloning ularni izzat-ikrom qilganidir. Agar Alloh xohlaganida, boshqa jonivorning bolasi holida dunyoga kelishlari ham mumkin edi. Alloh insonni boshqa koʻplab jonzotlardan azizu mukarram qilib qoʻygan. Ushbu azizu mukarram qilinish, insoniyatning tugʻma karomatidir.

Karomatning ikkinchi turi, yaʼni mehnat bilan erishiladigan karomat faqat taqvodor moʻminlarda hosil boʻlishi mumkin. Chunki bu karomat maxsus eʼtiqod va harakatlar bilan hosil boʻladi.

Valiylar Alloh taoloning doʻstlari sanaladi. Ular tarafidan sodir boʻlgan gʻayrioddiy ishlar Alloh taoloning ularga bergan inʼomidir. Ular bu mukofotlarga shariat hukmlarini yaxshi biladigan va ularga qatʼiy amal qiladigan olim boʻlganlari sababli erishgan[2].

Avliyolarning karomati mashhur xabarlar va solihlardan tarqalgan hikoyatlarga koʻra joizdir. Bunga Bahshamiya[3] firqasi va Ashʼariylardan boʻlgan Abu Isʼhoq Isfaroniy xilof qilgan.

Bunga Qurʼonda kelgan Sulaymonning doʻsti haqidagi quyidagi qissa dalil boʻladi:

قَالَ الَّذِي عِنْدَهُ عِلْمٌ مِنَ الْكِتَابِ أَنَا آَتِيكَ بِهِ قَبْلَ أَنْ يَرْتَدَّ إِلَيْكَ طَرْفُكَ فَلَمَّا رَآَهُ مُسْتَقِرًّا عِنْدَهُ قَالَ هَذَا مِنْ فَضْلِ رَبِّي لِيَبْلُوَنِي أَأَشْكُرُ أَمْ أَكْفُرُ وَمَنْ شَكَرَ فَإِنَّمَا يَشْكُرُ لِنَفْسِهِ وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ رَبِّي غَنِيٌّ كَرِيمٌ[

 “Kitobdan (Ismi aʼzamdan) xabardor boʻlgan zot[4] esa: “Men koʻz ochib yumguningcha uni senga keltirurman”, – dedi. Bas, uning (taxtning) oʻz huzurida turganini koʻrgach, u dedi: “Bu Rabbimning shukr qilamanmi yoki noshukurlik qilamanmi, imtihon etish uchun bergan fazlidandir. Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat oʻzi uchun shukr qilur. Kim noshukurlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamlidir”[5].

Sulaymonning doʻsti jumhur ulamolarning nazdida Osaf ibn Barxiyodir. U: “Men Bilqisning taxtini koʻz ochib yumguningcha senga keltiraman”, dedi. Sulaymon “qachonki, uning oʻz huzurida qaror topganini koʻrgach”, yaʼni oʻz huzurida taxtning sobit turganini koʻrgach: “Bu Rabbimning fazlidandir”, yaʼni koʻz ochib yumguncha muddatda taxtning hozir boʻlishi Rabbimning menga bergan fazli va muruvvatidandir”, dedi.

Karomatga dalolat qiladigan bundan boshqa misollarni ham keltirish mumkin:

– Maryamning erkaksiz homilador boʻlgani, Zakariyo har gal uning huzuriga kirganida oldida jannatdan tushirilgan har xil mevalarni uchratgani[6];

– Kahf sohiblarining uch yuz yil uyquga ketib, tirik holda uygʻongani;

– Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning Madinadagi minbardan turib Nahovanddagi qoʻshin qoʻmondoniga: “Ey Soriya! Toqqa, toqqa”, degani va u bu ovozni eshitgani. Holbuki, oradagi masofa 500 farsax boʻlgan;  

– Nil daryosiga hazrati Umarning “Agar sen Allohning amri bilan oqadigan boʻlsang, boʻysungan holda oqgin”, deb yozgan maktubini tashlanishi natijasida uning oqa boshlagani;

– Xolid ibn Valid Hiyrada zahar ichganida, zarar yetmagani;

– Attob ibn Bishr va Usayd ibn Xuzayr Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlaridan chiqqanlarida, birisining asosida xuddi chiroqdek porlayotgan nurning paydo boʻlgani;

– Salmon va Abu Dardo roziyallohu anhumolarning oʻrtasida turgan yogʻoch idishning tasbeh aytgani va ular bu tasbehni eshitgani;

– Habib Ajamiyning tarviya kuni[7] Basrada, arafa kuni[8] esa Arafotda koʻringani;

– Fuzayl uchun togʻning harakatga kelgani. Rivoyat qilinishicha, u Mino togʻlarining birida boʻlgan paytda: “Agar Alloh taoloning valiy bandalaridan biri ushbu togʻning tebranishiga ishora qilsa, u qimirlaydi, yaʼni harakatlanadi”, dedi. Togʻ harakatga kelganida u: “Tinchlan! Men sendan buni xohlamagandim”, dedi. Shunda u harakatdan toʻxtadi;

– Zunnun Misriy uchun soʻri uyning har tomoniga harakatlangani;

– Sahl sababli kasal kishining tuzalgani. Rivoyat qilinishicha,  u: “Allohni haqiqiy zikr qiluvchi kishi oʻlikni tiriltirishni xohlasa, albatta, tiriltiradi”, dedi va oldidagi kasalni qoʻli bilan siladi. Shunda u tuzalib, oʻrnidan turdi. U: “Kim dunyoda qirq kun zuhdda ixlosli boʻlsa, u uchun xohlagan yeridan xohlagan narsasini oladigan karomatlar zohir boʻladi. Agar zohir boʻlmasa, uning zuhdida haqiqat yoʻqdir”, dedi.

Karomatning haqligiga son-sanoqsiz misollar keltirish mumkin. Uni inkor etish nodonlikdir.

Qushayriy aytadi: “Karomatlar quyidagicha boʻladi: duoning ijobat boʻlishi, suv yoki taomni bevosita paydo boʻlishi, qisqa muddatda uzoq masofani bosib oʻtish, dushmandan qutulish yoki uzoqdagi kishining ovozini eshitish”.

Moʻjiza paygʻambarlarga, karomat esa valiylarga beriladigan gʻayrioddiy ishlardir. Karomat sodir boʻlgan kishi paygʻambarlikni daʼvo qilsa, shu zahoti kofir boʻladi va uning qoʻlidan hech qachon karomat zohir boʻlmaydi. Paygʻambarlar paygʻambarligi isbotlanishi uchun moʻjizani oshkor qilishga buyurilgan. Ammo avliyolar mashhurlik oldida zalolatga ketishdan qoʻrqib, karomatni yashirishga qattiq harakat qiladi.

Lekin toʻgʻri yoʻlni istovchilarni toat-ibodatlarga targʻib qilish va ibodatdagi mashaqqatlarni koʻtarishga yordam berish maqsadida karomatni zohir qilishi joizdir. Oʻz karomati bilan boshqalarni ajablantirish va bundan faxrlanish joiz emas.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Ahli sunna val jamoa aqidasiga koʻra, avliyolarning karomati haqdir. Karomat aslida paygʻambar uchun moʻjizadir. Chunki paygʻambarga ergashish natijasida hosil boʻlgan ushbu gʻayrioddiy ishlar ularning haqligini isbotlaydigan dalillardir. Moʻjiza ham aynan shu maqsadda berilgan boʻladi. Baʼzilar insonning imkoniyatlarini chamalash orqali karomatni inkor etadi. Ammo karomat insonning emas, balki Allohning ishi ekanini oʻylab koʻrsa, uni inkor qilish uchun biror yoʻl topolmaydi. Albatta, Alloh barcha ishga qodir zotdir.

[1] Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Isʼhoq Gʻaznaviy. Sharhu aqidati imom Tahoviy. – Qohira: “Darotul Karaz”, 2009. – B. 170.
[2] Abdulqodir Abdur Rahim. “Eʼtiqod durdonalari “Badʼul amoliy” sharhi”. – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi”, 2016. – B.237-240.
[3] Ular Moʻtazila toifasidan boʻlgan.
[4] U zot Sulaymonning kotibi Osif ibn Barxiyo edi. U  “Ismi aʼzam”ni bilar va uni oʻqib duo qilsa, ijobat boʻlardi. Ismi aʼzam: “Yo Hayyu, yo Qayyum! Yo Zal-jaloli val-ikrom!” yoki “Yo ilohano va iloha kulli shayʼin ilohan vohidan. Lo iloha illo Ant”. Vallohu aʼlam (Md.). (Shayx Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri).
[5] Naml surasi 40-oyat.
[6] Bu haqdagi qissa Oli Imron surasi, 37-47 – oyatlarida bayon etilgan.
[7] Zulhijja oyining 8-kuni.
[8] Zulhijja oyining 9-kuni.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …