Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Oltinchi dars. Ilm olish odobi

Ey oʻgʻlim! Tetiklik va jiddu jahd bilan ilm talabiga kirishgin. Vaqtingga eʼtiborli boʻlginki, sen manfaat olmagan biror soniyasi oʻtib ketmasin.

 Ey oʻgʻlim! Ustozingni dars paytida tinglashdan oldin oʻtiladigan mavzuni oʻzing yaxshilab mutolaa qilib ol. Biror masala noaniq boʻlib qolsa, doʻstlaringdan soʻrashdan tortinma. Chunki, birgalikda tushunganning manfaati koʻpdir. Bir mavzuni yaxshilab tushunib olmay turib boshqasiga oʻtma. Ustozing sinfda sen uchun belgilagan joyga oʻtir, boshqasiga emas. Bordiyu doʻstlaringdan birortasi oʻrningga oʻtirib olsa, u bilan tortishib janjal qilma. Bu ishni ustozingga bildir, oʻzi toʻgʻrilaydi va seni oʻrningga oʻtirgʻizadi.

Ey oʻgʻlim! Ustoz dars tushuntirishni boshlasa, gap sotish bilan mashgʻul boʻlma. Doʻstlaring bilan bahsga kirishma. Ustozing aytadigan maʼlumotlarga eʼtiborli boʻl. Dars asnosida fikringni ortiqcha tashvishlar bilan chalgʻitma. Mavzuning biror joyi mavhum boʻlsa, odob va ehtirom ila ustozdan qaytarib soʻra. Ustozing sening soʻzingga eʼtibor bermay oʻz darsida davom etsa, unga ovozingni balandlatib murojaat etma yoki u bilan hargiz tortishma.

Ey oʻgʻlim! Oʻquvchi ustozi huzurida odob chegarasidan chiqsa, ustozining oldida ham, doʻstlarining oldida ham qadri tushib ketadi. Odobsizligi uchun intizomiy jazoga ham loyiq boʻladi.

Ey oʻgʻlim! Ustozingni xuddi otangdek hurmat qilmasang, uning ilmidan hech qanday foyda ololmaysan.

Ey oʻgʻlim! Ilmning ziynati kamtarlik va odobdir. Alloh kamtar boʻlgan kishining qadrini baland va oʻzini insonlarga suyukli qilib qoʻyadi. Kalondimogʻ, badxulq kishi odamlar nazaridan qoladi. Alloh uni odamlarga yomon koʻrsatib qoʻyadi. Oqibat uni hurmat qiladigan, unga mehribonlik koʻrsatadigan biror insonni topa olmaydi.

Ey oʻgʻlim! Oʻquvchi uchun ustoz va olimlardan gʻazablanish oʻta zararlidir. Biror oʻqituvchidan gʻazablanish yoki uning oldida odobsizlik qilishdan saqlangin. Ustozga gʻazab koʻrsatish, undan achchiqlanish koʻp narsadan mahrumlik va uzilishga olib keladi. Gapimni qabul et. Ulugʻlaringning roziligini top. Ulardan haqqingga duo qilishini soʻraginki, shoyad Alloh buni qabul qilib, sen uchun ilm yoʻlini keng ochib qoʻysa. Yolgʻiz qolgan paytlaringda ham Allohdan yolvorib soʻragin, senga manfaatli ilm va amalni nasib etsin. Shak-shubhasiz, Rabbing duolarni eshituvchi va oʻta saxiy Zotdir.

Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM QOʻRQQAN FITNA

(Bir hadis sharhi) Fitnalar har doim boʻlib kelgan. Bunday ishlardan eng yomoni nohaqdan shirk va …