Home / MAQOLALAR / MOʻTABAR MANBA “Sahihi Buxoriy”ga nisbatan ishonchsizlik uygʻotish kimga kerak boʻlib qoldi?

MOʻTABAR MANBA “Sahihi Buxoriy”ga nisbatan ishonchsizlik uygʻotish kimga kerak boʻlib qoldi?

Tarixdan maʼlumki, buyuk muhaddislarimizga taʼna qiluvchi, hadis va sunnatga nisbatan ommada shubha uygʻotuvchi toifalar turli davrda turli nomlar bilan oʻz imzolarini qoʻyishga ishtiyoqmand boʻlgan. Ularning aksariyati, asosan, Imom Buxoriy va “Al-Jomeʼ as-sahih” asariga nisbatan gʻarazli harakatda boʻlgani va bugungi kunda ham mazkur illat dunyoning turli burchaklarida koʻrinish berayotgani hech kimga sir emas.

Gap shundaki, xalq orasida “Sahihi Buxoriy” nomi bilan tanilgan “Al-Jomeʼ as-sahih” asari baʼzida tanqidlar nishoniga aylanadi. “Sahih”ga nosahih qarashlarning ayrimlari xorijdan boshpana topib, homiylari qoʻlidan yegan non-tuzini oqlashga urinayotgan baʼzi bir imoni zaiflar tilidan aytilayotgan boʻlsa, yana ayrimlari oramizda turib, ularning fikriga qoʻshilayotgan kimsalar tilidan yangramoqda.

Maqsad nima? Maqsad musulmonlarda “Sahihi Buxoriy”ga nisbatan ishonchsizlik uygʻotishdir.

Biz Imom Buxoriy va uning asarini tanqid ostiga oluvchilar islomga oʻz tamoyillari (buzgʻunchi!) asosida qarayotganini uqtirgan holda koʻrsatilayotgan vajlardan birini oʻrganib chiqishga, haqiqat aslida qanday ekanini koʻrsatib berishga harakat qilamiz.

Avvalo, bu daʼvo, yaʼni hadislar orasida ayol shaʼnini kamsitadiganlari ham borligi daʼvosi sanad yoki lafzdagi ayrim tafovutlar bilan takrorlanib kelgan bir necha hadisga asoslangan. Masalan, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey ayollar jamoasi! Sadaqa qilinglar, chunki men doʻzax ahlining koʻpchiligi sizlar ekaningizni koʻrdim”, dedilar. Shunda ayollar: “Ey Allohning Rasuli, nimaga shunday?” deyishdi. U zot alayhissalom: “Laʼnatni koʻp ishlatasizlar, erlaringizga noshukrlik qilasizlar”, dedilar” hadisi shular jumlasidandir.

“Sahihi Buxoriy”da ayollarning shaʼni va ishlariga tegishli yuzlab hadislar kelgan. Shulardan biri “Bir ayol mushuk sababli doʻzaxda azoblandi. U mushukni qamab qoʻygan edi. Shu sababli jahannamga kirdi. Qamab qoʻyganiga yarasha taom ham, ichimlik ham bermadi yoki yer yuzida rizqini topib yeyishga ham qoʻymadi” hadisidir. Aql sohibi borki, shu ishni erkak kishi qilgan taqdirda ham oqibati aynan oʻsha ayolnikidek boʻlishiga shubha qilmaydi. Demak, bu “Sahihi Buxoriy”dagi hadislarda ayollar shaʼni kamsitilgan, deb daʼvo qilishga sabab boʻla olmaydi. Shuningdek, bu kabi hadislarning aksariyati sharʼiy hukmni bayon qilish yoki pand-nasihat berish, toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish maʼnosida kelganki, ularda maqtov ham, taʼna qilish ham yoʻq.

Imom Buxoriy boshqa sahih toʻplamlardagi ayollar haqida gap ketgan hadislarning ayrimlarini sahihga chiqarmagan.

Mutafakkir bobomiz oʻzining “Sahih”ida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan zamondosh boʻlgan, u zotning daʼvatlaridan taʼsirlangan ayollarni namuna sifatida tilga olib oʻtgan. Oʻsha davr ayollariga Paygʻambar alayhissalomning munosabati qanday boʻlganini yoritib beruvchi hadislardan ayrimlarini keltirib oʻtamiz.

Oysha roziyallohu anho gʻazotlarning birida Paygʻambar alayhissalom yonlarida edi. U singlisi Asmoning munchogʻini ham oʻzi bilan olib yurgandi. Oysha roziyallohu anho oʻsha munchoqni yoʻqotib qoʻydi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, u zotga qoʻshilib odamlar ham munchoqni izlashga tushishdi. Hatto baʼzilar Abu Bakr roziyallohu anhuning oldiga borib: “Oysha nima ish qilganini koʻrmaysizmi? Rasululloh va odamlarni suvsiz qoldirdi”, dedilar. Shunda u Oysha roziyallohu anhoning oldiga borib, qizini koyidi va qoʻli bilan uning biqiniga ogʻritadigan qilib niqtay boshladi. Paygʻambar alayhissalomning boshlari Oysha roziyallohu anhoning tizzalari ustida boʻlgani uchun oʻrnidan turib keta olmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻrinlaridan turdilar. Tong yorishib qolgan, ammo suv yoʻq edi. Shunda tayammum qilish haqidagi oyat nozil boʻldi. Usayd ibn Huzayr Oysha roziyallohu anhoga: “Alloh Sizni munosib taqdirlasin. Allohga qasamki, sizga sizni xafa qiladigan biror tashvish tushsa, albatta, Alloh oʻsha ishni musulmonlar uchun yaxshilik qilib qoʻyadi”, dedi.

Bu hadisdan aniq koʻrinib turibdiki, erkak sahobalar Oysha roziyallohu anho munchoq uchun qattiq qaygʻuga tushib qolganini arzimas ish deb sanagan, uni deb qoʻshinni yoʻldan olib qolish toʻgʻri emas, deb bilgan. Lekin munchoq Oysha roziyallohu anhoning mulki emasdi. Shuning uchun birovning molini yoʻqotib qoʻyishdan qattiq tashvishga tushib qolgan edi. Alloh taolo uni mana shu ishi uchun ikki marta mukofotladi. Birinchisi, u munchoqni tuyaning tezagi tagidan topib oldi. Ikkinchisi, suv topa olmaganlar yoki uzrli kishilar uchun tayammum qilishga ruxsat berilishiga sabab boʻldi (Imom Buxoriy rivoyati, 327-hadis).

Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan bir yurishda birga edik. U zot meni oʻz oldilaridagi markabga qoʻydilar. Juda ham qattiq chanqadik. Yurib borayotsak, bir ayol ikki koʻzaning orasida oyogʻini osiltirib oʻtiribdi. Biz unga: “Suv qayerda?” dedik. “Suv yoʻq”, dedi u. “Sening ahling bilan suvning orasi qancha?” dedik. “Bir kechayu bir kunduz”, dedi u. “Yur, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga!” dedik. “Rasululloh nima?” dedi u. Biz uni holi joniga qoʻymay, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qarshilariga olib bordik. U bizga aytgan gaplarini U zotga ham aytdi. Faqat U zotga yetim bolalari borligini ham aytdi. Bas, U zot uning ikki koʻzasini olib kelishga amr qildilar va qoʻllari ila ularning ogʻzini siladilar. Biz qirq nafar chanqoq kishi undan ichib serob boʻldik. Oʻzimizning barcha koʻza va meshkoblarimizni toʻlgʻazib oldik. Tuyalar suvga toʻyganidan yorilib ketay dedi. Soʻngra U zot: “Oʻzingizda bor narsalarni keltiringlar”, dedilar. Biz u ayolga oʻzimizdagi non burdalari va xurmolarni yigʻib berdik. U oʻz ahliga borib: “Men odamlarning eng sehrgariga yoki ular daʼvo qilayotganidek Paygʻambarga uchradim”, dedi. Alloh oʻsha ayol sababli u koʻchmanchilarni hidoyat qildi. U ham musulmon boʻldi. Ular ham musulmon boʻldilar” (Imom Buxoriy rivoyati, 337-hadis).

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir ayol: “Ey Rasululloh, Siz oʻtirishingiz uchun minbar yasatib beraymi? Chunki mening duradgor qulim bor”, dedi. U zot: “Agar xohlasang, minbar qilib ber”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati, 437-hadis).

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, erkaklar hadisingizni ilib ketdi. Alloh Sizga bildirgan narsalardan bizlarga ham taʼlim berishingiz uchun oʻzingiz bir kunni tayin qilsangiz”, dedi. U zot: “Falon kuni falon joyda toʻplaning”, dedilar. Oʻsha kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldiga kelib, Alloh bildirgan narsalardan ularga taʼlim berdilar… “ (Imom Buxoriy rivoyati, 6880-hadis).

Xulosa shuki, ayrim nopok kimsalarning “Sahihi Buxoriy”da ayollar shaʼni kamsitilgani haqidagi daʼvosi asossiz. Chunki ayollarga tegishli mazkur hadislar ataylab buzib, notoʻgʻri talqin etilgan. Zero, Imom Buxoriy rivoyat qilgan mazkur hadislar har xil lafzlar bilan boshqa sahih toʻplamlarda ham kelgan. Ammo bu kimsalar aynan “Sahihi Buxoriy”ni nishonga olgan, chunki u musulmonlar hech bir ikkilanishsiz qabul qiladigan, ishonchlilik borasida Qurʼoni karimdan keyingi oʻrinda turadigan moʻtabar manbadir.

Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023 yil 17 iyun, 119(908)

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …